O‘zbekiston | 13:22 / 13.06.2020
25354
5 daqiqa o‘qiladi

«Kirish imtihonida qatnashmoqchiman, lekin chegaralar yopiq». Xorijda qolgan abituriyentlar taqdiri nima bo‘ladi?

Respublikada 16 martdan buyon amal qilib kelayotgan karantin cheklovlari 2020-2021 o‘quv yili uchun oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarini tashkil etishga o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmadi. Pandemiyani e'tiborga olib, bu yil abituriyentlardan hujjatlar davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali onlayn tarzda qabul qilinishi belgilandi.

Shuningdek, minglab abituriyentlarning poytaxtda jamlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida kirish imtihonlarining hududlarda tashkil etilishi, buning uchun respublika bo‘ylab 64ta bino tanlab olingani ma'lum qilindi. Abituriyent poytaxtdagi OTM uchun ham o‘z hududida turib imtihonda ishtirok etishi mumkin.

Karantin sharoitida kirish imtihonlarini tashkillashtirishning bir jihati ochiq qolmoqda – xorijdan O‘zbekistonga qayta olmayotganlar.

“O‘qishga topshirmoqchiman, lekin hozir Rossiyadaman. Hujjatlarni onlayn topshirish mumkin ekan, ammo imtihonning o‘zi-chi? Hali-beri yo‘llar ochilmaydi. Charter reysga yozdirsam ham navbatim kelmaydi. Bunday vaziyatda bizga qanday imkoniyat bor?”

“3 oy oldin BAAga kelgandim, hozir ortga qayta olmayapman. Oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirishim kerak. Hujjatlarni onlayn topshirsam, imtihongacha yetib bora olmasam, imtihonlar ham onlayn bo‘ladimi?”

“Shu yili o‘qishga topshirmoqchi edim. Lekin o‘zim Rossiyadaman, yo‘llar yopiq. Menga o‘xshaganlar nima qilishi kerak?”

Kun.uz’ga 2020-2021 o‘quv yili uchun kirish imtihonlarida ishtirok etmoqchi bo‘lgan, ammo chegaralar yopiqligi bois vatanga qayta olmayotgan o‘zbekistonliklardan yuqoridagi kabi murojaatlar kelib tushmoqda.

Xorijda qolayotganlarning kirish imtihonlarida ishtiroki qay tarzda ta'minlanishi mumkinligi xususida mutasaddi tashkilotlar bilan bog‘landik.

Oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarini tashkillashtirishda asosiy ijrochi bo‘lgan Davlat test markazi axborot xizmati rahbari Orziqul Boboyevning ma'lum qilishicha, mazkur masala bo‘yicha hali sharoit yaratilgan emas.

“Chet eldan turib onlayn shaklda hujjat topshirish mumkin. Ammo chegaralar yopilgani tufayli xorijda qolgan, kirish imtihonlarida ishtirok etish istagida bo‘lganlar uchun hali hech qanday sharoit yaratilmagan. Ayni vaqtda 2020-2021 o‘quv yili uchun kirish imtihonlarini tashkil etish bo‘yicha Davlat qabul komissiyasiga navbatdagi takliflar tayyorlanmoqda. Shu jarayonda balki xorijdagi abituriyentlar masalasida ham takliflar berilishi mumkin”, deydi Boboyev.

Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, kirish imtihonlarida ishtirok etish istagida bo‘lganlarni olib kelish masalasi ko‘rib chiqilayotgani yo‘q.

“Xorijda qolayotgan vatandoshlarni qaytarish maqsadida tashkil qilinayotgan charter reyslarda avvalo bemorlar, homilador ayollar, keksalar va yosh bolalar olib kelinadi. Oliy ta'lim muassasasiga hujjat topshirib, imtihonda qatnashmoqchi bo‘lganlarning asosiy ulushi yoshlarga to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, yoshlar charter reyslar bilan qaytishi mumkin bo‘lganlar ichida eng oxirgi guruhni tashkil etadi.

Bundan tashqari, kirish imtihonlarida ishtirok etmoqchi bo‘lganlarni olib kelish uchun maxsus reyslar tashkil etilganda ham tezroq qaytish ilinjida hamma “abituriyentga aylanib olishi” ehtimoli ham yo‘q emas.

Mazkur masala Bosh vazir boshchiligidagi respublika maxsus komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilib, tegishli qaror bilan hal qilinishi mumkin”, deyiladi vazirlikning Kun.uz muxbiriga bergan axborotida.

2020-2021 o‘quv yili uchun kirish imtihonlarini 25 iyuldan 20 avgustgacha o‘tkazish rejalashtirilgan. O‘zbekiston aeroportlari xalqaro parvozlar tiklanishiga tayyorgarlik ko‘ra boshlaganini inobatga olgan holda, imtihonlarning boshlanish sanasiga qadar vatanga qaytish imkoniyati paydo bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas. Ammo bu so‘roq ostida bo‘lgani bois, imtihonda ishtirokni ta'minlashning muqobil yechimlari ko‘rib chiqilishi zarur. Misol uchun:

– Suiiste'mollik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rgan holda kirish imtihonlarini onlayn shaklda tashkil qilish;

– Kirish imtihonlari boshlanguncha xalqaro parvozlar tiklanmagan taqdirda, onlayn shaklda hujjat topshirgan, lekin imtihonda qatnasha olmaganlar uchun alohida imtihon sanalari va sharoitlarini belgilash;

– Xorijdagi elchixona va konsulliklar orqali o‘sha davlatning o‘zida kirish imtihonlarini tashkillashtirish.

Qanday yechim tanlanganda ham, o‘qishga kirish istagida bo‘lgan fuqarolarning kirish imtihonlarida ishtiroki ta'minlanishi zarur. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga egaligi belgilab qo‘yilgan. 

Saodat Abdurahmonova
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid