O‘zbekiston | 19:32 / 15.12.2025
24170
4 daqiqa o‘qiladi

Kishi boshiga tabiiy boyliklar: Saudiyada 1 mln, Rossiyada 520 ming dollar. O‘zbekistonda-chi?

O‘zbekiston yerosti boyliklarining salohiyati 3 trln dollarga baholangan. Mamlakatda 100 tadan ziyod oltin koni bor, volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, vanadiy, titan va boshqa minerallarning katta zaxirasi aniqlangan.

Foto: OKMK

Bir necha kun oldin aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan tabiiy resurslar qiymati bo‘yicha yetakchi mamlakatlar ro‘yxati haqida xabar berilgandi. Reytingda neft resurslarining eng katta zaxiralaridan biriga egalik qiluvchi Saudiya Arabistoni birinchi o‘ringa joylashtirilgan. Qirollikda bir kishi hisobiga 1 mln dollar qiymatdagi tabiiy resurslar to‘g‘ri keladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Kanada hamda Avstraliya band etgan. Har ikki mamlakatda tabiiy boylik jon boshiga 700 ming dollardan oshadi. Kanadaning yuqori ko‘rsatkichi neft, o‘rmon zaxiralari va mineral resurslar hisobiga shakllansa, Avstraliya temir rudasi, ko‘mir va gazning katta zaxiralariga ega. Rossiya reytingda to‘rtinchi o‘rindan joy olgan. Mamlakatda bir kishi hisobiga 520 ming dollardan ortiq tabiiy resurslar to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich qanday?

Jahon bozorida narxlarning tez-tez o‘zgarib turishi va doimiy ravishda amalga oshiriladigan geologik qidiruv ishlari sabab O‘zbekistondagi tabiiy resurslarning qiymati bo‘yicha aniq raqamni keltirish ancha murakkab. Masalan, 2018 yilning iyul oyida Geologiya va mineral resurslar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari A’zam Qodirxo‘jayev mamlakatdagi mineral-xomashyo foydali qazilmalari salohiyati qariyb 5,7 trln dollarni tashkil etishini ma’lum qilgandi.

Qodirxo‘jayev yuqoridagi ko‘rsatkichning atigi 1 trilliondan ortig‘i — qidirib topilgan zaxiralar va tayyorlab qo‘yilgan konlar hissasiga to‘g‘ri kelishini ta’kidlab, mamlakat hududining bor-yo‘g‘i 20 foizi o‘rganib chiqilgani va yangi konlarni aniqlash bo‘yicha ulkan salohiyat mavjudligini qo‘shimcha qilib o‘tgandi.

2023 yilning dekabrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi boshqarma boshlig‘i Ilyos Jumayev O‘zbekistonda 101 ta oltin va 3 ta kumush koni hisobga olinganini ma’lum qilgandi.

«Mamlakatimizda Yer yuzida ma’lum bo‘lgan deyarli barcha turdagi foydali qazilmalar aniqlangan bo‘lib, strategik jihatdan alohida ahamiyatga ega bo‘lgan oltin, kumush, platinoidlar, mis, uran, qo‘rg‘oshin, molibden, volfram, neft, tabiiy gaz, marganets, litiy, xrom, nikel, qalay, tantal, niobiy, kobalt, skandiy, germaniy, reniy shular jumlasidandir. Bugungi kunda 101 ta oltin va 3 ta kumush koni hisobga olingan bo‘lib, ushbu konlarning asosiy qismi Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari xomashyo bazasi sifatida berilgan. 10 ta mis koni hisobga olingan bo‘lib, uning asosiy zaxiralari Toshkent viloyatidagi Oliy Ziyo, Saricheku, Qizota konlariga to‘g‘ri keladi», degandi Ilyos Jumayev.

2025 yilning iyun oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumida chiqish qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning yerosti boyliklari salohiyati 3 trln dollarga baholanayotganini aytib o‘tgandi.

«To‘rtinchi sanoat inqilobi «texnologik minerallar»ga talabni bir necha karra ko‘paytirmoqda. O‘zbekistonda volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, vanadiy, titan va boshqa minerallarning katta zaxirasi aniqlangan. Umuman, yerosti boyliklarimizning salohiyati 3 trillion dollarga baholanmoqda. Mintaqamizning minerallardan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish «xabi»ga aylanishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Bu borada Toshkent va Samarqand viloyatlarida «Kelajak metallari texnoparki»ni bunyod etmoqdamiz», degandi davlat rahbari.

Yuqoridagi raqamlardan kelib chiqib O‘zbekistonning 3 trln dollarlik yerosti tabiiy boyliklarini aholi jon boshiga (38 mln 244 ming kishi) nisbatan hisoblanganda, har bir o‘zbekistonlikka taxminan 78-79 ming dollardan to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid