Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonlik bokschilar jahon chempionatini ikki oltin va to‘rt kumush medal bilan yakunladilar
Hasanboy Do‘smatov va Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev oltin medallarni qo‘lga kiritishdi.
Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi
BAAning Dubay shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi IBA Jahon chempionati yakunlandi. O‘zbekistondan olti nafar bokschi finalgacha yetib keldi va ularning ikki nafari oltin, to‘rt nafari kumush medallarga ega bo‘ldi.
Dastlab -51 kg vazn toifasida ikki karra Olimpiada va jahon chempioni Hasanboy Do‘smatov rossiyalik Bair Batlayevga qarshi ringga ko‘tarildi.
Jang to‘liq davom etdi va unda Hasanboy Do‘smatov 4:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Shu tariqa, Do‘smatov ikki karra jahon chempioniga aylandi.
Ikkinchi final bahsida -60 kg vazn toifasida Olimpiada va jahon chempioni Abdumalik Xalokov rossiyalik Vsevolod Shumkovga qarshi ringga chiqdi.
To‘liq davom etgan jangda Abdumalik 3:4 hisobida imkoniyatni boy berdi va musobaqani kumush medal bilan yakunladi.
Yana bir final bahsida -67 kg vazn toifasida Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev Rossiya vakili Yevgeniy Kool ustidan 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev shu yil sentabrda World Boxing tomonidan o‘tkazilgan jahon chempionatida oltin medalga sazovor bo‘lgandi.
Musobaqada -80 kg vazn toifasida ishtirok etgan Javohir Ummataliyev finalda rossiyalik Jambulat Bijamovga 0:5 hisobida imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan kifoyalandi.
Javohir ham sentabr oyida World Boxing tomonidan o‘tkazilgan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgandi.
Jahon chempionatida -92 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan To‘rabek Habibullayev rossiyalik Muslim Gajimagomedovdan 0:5 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
U World Boxing Jahon chempionatida oltin medalga sazovor bo‘lgandi.
Eng og‘ir (+92 kg) vazn toifasida qatnashgan Arman Maxanov finalda rossiyalik David Surovga qarshi jang o‘tkazdi. Murabbiylarimiz 2-raundda jangni to‘xtatishga qaror qilishdi va Maxanov musobaqani kumush medal bilan yakunladi.
Mavzuga oid
19:35 / 13.12.2025
Hasanboy Do‘smatov ikki karra jahon chempioniga aylandi
19:34 / 28.11.2025
Boks bo‘yicha 2026 yilgi jahon kubogi O‘zbekistonda o‘tkaziladi
19:16 / 18.11.2025
Usik endi mutlaq jahon chempioni emas. U WBO kamarini jangsiz topshirdi
22:27 / 19.10.2025