O‘zbekiston | 10:45 / 09.09.2017
27651
9 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Ma'muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqladi

Foto: President.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 8 sentabrda “O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Farmonga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq; 

O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.
 
Quyidagilar davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha ma'muriy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari va vazifalari etib belgilandi: 

a) quyidagilarni nazarda tutuvchi ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish: 

ijro etuvchi hokimiyat organlari, shu jumladan, ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalarini tashkil etish va tugatishning aniq mezonlari hamda tartib-taomillarini joriy qilish; 

ijro etuvchi hokimiyat organlari, ularning tuzilmalari va bo‘linmalarini optimallashtirish; 

ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlarining biriktirilgan sohada davlat siyosati amalga oshirilishida mustaqilligini oshirish; 

“Elektron hukumat” tizimini yanada keng joriy etish; 

davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish; 

ma'muriy adliya tizimini rivojlantirish; 

b) quyidagilarni nazarda tutgan holda, ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifalari (funksiyalari, vakolatlari)ni, ularni amalga oshirish mexanizmlari va javobgarlik sohalarini aniqlashtirish, muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorlik jarayonlarini takomillashtirish; 

ijro etuvchi hokimiyat organlarining aniq vazifalari (funksiyalari, vakolatlari)ni va javobgarlik sohalarini belgilash, ishonib topshirilgan tuzilma faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning aniq tizimini joriy etish; 

davlat va hududiy rivojlanish dasturlarini shakllantirishda hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tashabbuskorligini oshirish hamda rolini kuchaytirish; 

maqsadli indikatorlarga erishishga va strategik rivojlanish dasturlarini amalga oshirish samaradorligiga asoslangan barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning rahbarlari faoliyatini, shu jumladan, vakillik hokimiyati organlari tomonidan ular hisobotlarini eshitish yo‘li bilan baholashning prinsipial yangi tizimini joriy etish; 

“aqlli tartibga solish” modellarini va qabul qilinayotgan qarorlarning tartibga solish ta'sirini tahlil qilishning standartlashtirilgan uslubiyotini joriy etish; 

ayrim davlat funksiyalarini jamoatchilik nazorati sub'yektlariga o‘tkazish yo‘li bilan tartibga solish vositalarini takomillashtirish; 

ishni tashkil etishning aniq natijalarga erishishga qaratilgan zamonaviy uslublarini (sifat menejmenti, indikativ rejalashtirish, autsorsing, kraudsorsing) joriy etish; 

rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini monitoring qilish jarayonida jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorlikning zamonaviy shakl va mexanizmlaridan keng foydalanish; 

v) quyidagilarni nazarda tutgan holda, iqtisodiyot tarmoqlariga ma'muriy ta'sir ko‘rsatishni yanada qisqartirish va boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish: 

eng zarur iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda (sanoat, transport, energetika va boshqalar) sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, davlat va tijorat manfaatlari to‘qnashuvini bartaraf etishga qaratgan holda boshqaruv tizimini takomillashtirish; 

iqtisodiy faoliyatda davlat ishtirokining aniq bozor mexanizmlarini ishlab chiqish; 

ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning dolzarb masalalarini hal etishda nodavlat notijorat tashkilotlari va tadbirkorlik sub'yektlarining keng ishtirokini ta'minlashga qaratilgan ijtimoiy hamda davlat-xususiy sheriklikning huquqiy va institutsional bazasini takomillashtirish; 

ayrim davlat funksiyalarining lozim darajada bajarilishi ustidan davlat nazorati mexanizmlarini joriy etgan holda ularni xususiy sektorga o‘tkazish; 

g) quyidagilarni nazarda tutgan holda, vertikal boshqaruv tizimi va ijro etuvchi hokimiyat organlari hamkorligining mexanizmlarini takomillashtirish: 

davlat boshqaruvini bosqichma-bosqich nomarkazlashtirish; 

mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy imkoniyatlari, roli va javobgarligini kengaytirish;

mahalliy davlat hokimiyati tizimini tashkil etishda hokimiyatlar bo‘linishi prinsipining amaliy ro‘yobga chiqarilishini ta'minlash; 

ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning dolzarb masalalarini hal etishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining rolini va faoliyat samaradorligini oshirish; 

d) quyidagilarni nazarda tutgan holda, davlat boshqaruvi tizimiga strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllari, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish: 

strategik rejalashtirish tizimini tashkil etish hamda davlat boshqaruvining innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalardan keng foydalanishga asoslangan zamonaviy shakllarini joriy etish; 

ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rivojlantirish sohasini, shu jumladan, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish sohasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda unga investitsiyalarni keng jalb etish; 

ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatining zamonaviy yutuqlarini joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish; 

tabiatni muhofaza qilish, resurs va energiya tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish; 

ye) quyidagilarni nazarda tutgan holda, professional davlat xizmatining samarali tizimini shakllantirish, ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning ta'sirchan mexanizmlarini joriy etish: 

davlat xizmati, davlat boshqaruvi sohasida mutaxassislar tayyorlashning maxsus ta'lim yo‘nalishlarini tashkil etish masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish; 

davlat xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash va ijtimoiy ta'minotining munosib sharoitlarini yaratish; 

ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida shaffoflik va ochiqlikni ta'minlash; 

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish. 

O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha komissiya 3-ilovaga muvofiq tarkibda; 

Davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilish yuzasidan tanqidiy o‘rganish o‘tkazish va takliflar tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhlar 4-ilovaga muvofiq tarkiblarda tashkil etiladi. 

Komissiya (A.N.Aripov): 

bir hafta muddatda Davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilish yuzasidan tanqidiy o‘rganish o‘tkazish va takliflar tayyorlash jadvalini tasdiqlaydi; 

O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasi va “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari sifatli ishlab chiqilishi hamda belgilangan tartibda kiritilishini ta'minlaydi; 

O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish doirasida fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy doiralar vakillari va xorijiy ekspertlarni keng jalb etgan holda uchrashuvlar, seminarlar, "davra suhbatlari" va press-konferensiyalar tashkil qiladi; 

O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasi va “Yo‘l xaritasi”ning to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi ustidan qat'iy nazorat o‘rnatadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi: 

O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasi va “Yo‘l xaritasi”ning amalga oshirilishi doirasida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining o‘z vaqtida hamda sifatli tayyorlanishi, kelishilishi va kiritilishi ustidan monitoring olib borilishini ta'minlaydi; 

har oyda Komissiyaga monitoring natijalari to‘g‘risida axborot kiritadi. 

Belgilanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni xizmatlari, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar va idoralar, shuningdek, ishchi guruhlar rahbarlari mazkur Farmonda nazarda tutilgan vazifalarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgardir. 

Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari U.S.Ismoilov, O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid