Jamiyat | 14:18 / 04.01.2021
32642
2 daqiqa o‘qiladi

To‘lov-kontrakt miqdorlari oshmaydi – vazirlik

O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasalarida 2020-2021 o‘quv yilining ikkinchi yarmida to‘lov-kontrakt miqdorlari o‘zgarmaydi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashev ma'lum qildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tashkil etilgan brifingda tizim faoliyatiga oid qator savollarga, jumladan BHM oshishi kontraktlarga qanday ta'sir qilishi bo‘yicha javob berildi.

«2021 yil 1 fevraldan boshlab respublikamizda ish haqi va stipendiyalar miqdorlari 10 foizga oshirilishi belgilandi.

Pandemiya sharoitida respublika aholisining to‘lov qobiliyati pasayganligini hisobga olib, farzandi davlat oliy ta'lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan oilalarga yengillik yaratish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy o‘quv yilidagi amaldagi to‘lov-kontrakt miqdorlari o‘zgarishsiz saqlab qolinadi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, prezident qaroriga muvofiq, 2021 yil 1 fevraldan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, nafaqa va stipendiya miqdori 10 foizga oshirilishi belgilangan. Talabalarning to‘lov-kontraktlari miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga bog‘lab qo‘yilgani tufayli kontrakt narxlari yana oshishi ehtimoli yuzaga kelgandi.

Mavzuga oid