O‘zbekiston | 14:57 / 27.11.2021
33594
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati hokimligi iqtisodiyot boshqarmasi xodimlari yarim kechagacha ishda o‘tirishga majburlanmoqda

“Yarim tungacha ishda o‘tiramiz. Kunlik vazifalarimizni bajarib bo‘lgan bo‘lsak ham, ishdan uyga ketishga ruxsat berilmaydi”, deydi Toshkent viloyati Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi xodimi Kun.uz'ga yo‘llagan videomurojaatida.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

IIV Jazoni ijro etish departamentiga qarashli jazoni ijro etish muassasasida yarim tunda o‘tkazilgan selektor yig‘ilishidan qaytayotgan uch nafar mayor rutbali xodimlarning yo‘l-transport hodisasiga uchrab vafot etgani davlat tashkilotlarida mehnat qonunchiligi butunlay izdan chiqib ketganini yana bir bor ko‘rsatib berdi.

Shu xabar jamoatchilikka ma'lum bo‘lishi hamon Kun.uz'ga Toshkent viloyat hokimligining Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish boshqarmasi xodimidan murojaat kelib tushdi.

Ish vaqtimiz rasman soat 9:00dan 18:00gacha, ammo biz yaqin 5–6 oydan buyon ishxonada 22:00, 23:00 va ayrim paytlar tungi soat 1:30largacha qolib ketyapmiz.

Shanba va yakshanba kunlari dam olish kuni ekaniga qaramasdan, ishga chiqishga majbur qilishadi”, – deydi shaxsi sir qolishini so‘ragan xodim.

Xodim Kun.uz'ga taqdim etgan videotasvirda ishdan qaytayotgan vaqtini kompyuteridagi soatdan ko‘rsatgan va xodimlar kompyuterdagi soatni o‘zgartira olmasligini, buni faqat ma'muriyat qila olishini bildirgan.

Rasmiy ish vaqti tugagach, qilinadigan ishlar ham tugaydi, lekin rahbarimiz hech bir sababsiz xodimlarni ish joyida olib o‘tiradi. Bu vaqtga kelib barcha xodimlar ham ruhan ham jismonan toliqadi. Shu bois 18:00dan keyin tayinli hech qanday ish bo‘lmaydi. Davlatning elektr energiyaga puli ketgani qoladi. Biz esa sog‘lom turmush tarzini yo‘qotib, oqibatda oshqozon va boshqa a'zolarni ishdan chiqarmoqdamiz”, – deya qo‘shimcha qiladi murojaatchi.

Shuningdek, u xodimlar ish vaqtidan keyin turli yig‘ilish va majlislarga ham jalb etilishini ma'lum qildi. Xususan, Kun.uz'ga taqdim etgan xat nusxasida Toshkent viloyati hokimligi tomonidan viloyat hududidagi shahar va tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlariga va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining viloyat boshqarmasiga shoshilinch xabarnoma jo‘natilganini ko‘rish mumkin.

Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Fayziyev tomonidan imzolangan xabarnomada “topshiriqlar ijrosini himoya qilish uchun” 23 noyabr kuni soat 18:00da Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasiga yetib kelish so‘ralgan.

Bosh boshqarma xodimi tashkilotda yaqin kunlarda xodimlar maoshidan “Yashil makon” dasturi uchun pul ushlab qolish rejalashtirilayotganini ham bildirdi.

Masala yuzasidan Kun.uz'ga munosabat bildirgan viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Xamza Jumayev Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish boshqarmasidagi ish vaqti rejimi vazirlik vakolati doirasidagi masala ekani, hokimlik tomonidan ularga majburlov yo‘qligini aytdi.

Bu izohdan mantiq izlab ko‘rilsa, Jumayevning aytganlari biroz o‘ylantirib qo‘yadi: bir hisobda uning gaplarida jon bor, boshqarma Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining tashkiliy tuzilmasiga kiradi; ammo yana bir haqiqat borki, undan ko‘z yumib bo‘lmaydi: shu boshqarmaga viloyat hokimining 1-o‘rinbosari rahbarlik qiladi.

Ayni vaqtda Toshkent viloyati Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Fayziyev faoliyat yuritmoqda. U ushbu lavozimga 2020 yil noyabr oyida tayinlangan.

Ma'lumot uchun, Mehnat kodeksining 124-moddasiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishlarga xodimning roziligi bilangina yo‘l qo‘yilishi mumkin. Kodeksning 157-moddasiga asosan, ish vaqtidan tashqari ishlar uchun xodimga kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi lozim.

Avvalroq, Toshkent viloyatida 200ga yaqin davlat xizmatchilari yakshanba kuni yig‘ilishga chaqirilgani, Andijon tibbiyot instituti o‘qituvchilarining roziligisiz ularning oyligidan shanbalik uchun pul ushlab qolingani, Xivada o‘qituvchilar jamoat birlashmasiga majburan a'zo qilinib, oyligidan ushlab qolinayotgani, xodimlar roziligisiz oylikdan ushlab qolishlar davom etayotgani holatlari yoritilgandi.

Korxona-tashkilotlarda mehnatga oid qonunlarning bu tarzda qo‘pol buzilishiga odatda xodimlarning haq-huquqlarini himoya qilishi lozim bo‘lgan mas'ul idoralarning o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni ta'minlay olmasliklari sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid