Jahon | 09:00 / 08.08.2025
3548
2 daqiqa o‘qiladi

Karol Navrotskiy Polsha prezidenti lavozimiga kirishdi

O‘ng konservativ «Qonun va adolat» partiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Karol Navrotskiy inauguratsiya marosimida so‘zlagan nutqida Polsha suvereniteti va xavfsizligi, xususan, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash choralarini ko‘rishga va’da berdi.

AP Photo / Czarek Sokolowski

Polshaning yangi o‘ng konservativ prezidenti Karol Navrotskiy rasman davlat rahbari lavozimiga kirishdi. «Qonun va adolat» partiyasi (QvA) tomonidan qo‘llab-quvvatlangan prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lgan 42 yoshli deputat parlamentning har ikki palatasi – Seym va Senatdan iborat Milliy assambleya oldidagi tantanali marosimda qasamyod qildi.

Navrotskiy inauguratsiya nutqida qat’iy va izchil harakat qiladigan «faol prezident» bo‘lishini e’lon qildi. Boshqa narsalar qatorida u noqonuniy migratsiya va Polshaning yevrozonaga qo‘shilishiga qarshi kurashishga va’da berdi. «Men suverenitet va xavfsizlikni istagan fuqarolarning ovozi bo‘laman», deb va’da berdi yangi prezident.

Partiyaviy bo‘lmagan tarixchi, millatchi, yevroskeptik va AQSh prezidenti Donald Tramp tarafdori bo‘lgan u ikki vakolat muddati tugagan Anjyey Dudaning o‘rnini egalladi. Navrotskiyning saylovdagi g‘alabasi liberal va yevropaparast Donald Tusk hukumati uchun jiddiy mag‘lubiyat bo‘ldi. U Polshada siyosiy yo‘nalishni o‘zgartirishga harakat qilishi va hukumatning rejalarini to‘sish uchun bosh qo‘mondon sifatidagi vakolatlaridan, xalqaro maydondagi ovozi va veto huquqidan foydalanishi kutilmoqda.

Iyun oyi boshida Karol Navrotskiy prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida kichik farq bilan g‘alaba qozondi va liberal "Fuqarolik platformasi"dan nomzod, Varshava meri Rafal Tshaskovskiyni 2 foizdan kam farq bilan ortda qoldirdi. Navrotskiy 50,89 foiz, Tshaskovskiy 49,11 foiz ovoz oldi.

Mavzuga oid