Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina Polshaga rossiyalik arxeologni topshirishni so‘rab murojaat qildi
Kiyev Varshava prokuraturasiga qo‘shib olingan Qrimda noqonuniy qazish ishlari olib borganlikda gumonlanayotgan arxeolog Butyaginni ekstraditsiya qilish haqida so‘rov yubordi. Olimni topshirish-topshirmaslik masalasini Polsha sudi hal qiladi.
Aleksandr Butyagin Foto: Sergey Fadeichev / TASS
Ukraina hokimiyati Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyining ilmiy xodimi, rossiyalik arxeolog Aleksandr Butyaginni ekstraditsiya qilishni so‘rab Varshava okrug prokuraturasiga rasmiy so‘rov kiritdi. U 1999 yildan buyon Qrimdagi arxeologik qazish ekspeditsiyasiga rahbarlik qilib kelgan. Bu haqda 23 dekabr, dushanba kuni RMF FM radiosi xabar qildi.
Butyagin Polshada 11 dekabr kuni Rossiya tomonidan qo‘shib olingan yarimorolda noqonuniy qazish ishlarini olib borganlikda gumon qilinib ushlangan. Prokuraturada so‘roq qilinganidan so‘ng, Polsha sudi RF fuqarosini 40 kunga vaqtincha hibsga olgan.
Ekstraditsiya bo‘yicha qarorni Polsha sudi qabul qiladi. Bundan oldin prokuratura Kiyevning so‘rovi 1957 yilgi Ekstraditsiya to‘g‘risidagi Yevropa konvensiyasi qoidalariga mos kelish-kelmasligini baholashi kerak, deb qayd etadi RMF FM. Shundan keyin prokuratura o‘z pozitsiyasini shakllantirib, sudda taqdim etadi.
Ukrainada Butyagin madaniy meros obektida noqonuniy qazish ishlarini o‘tkazganlik va uning obektlarini yo‘q qilganlikda gumonlanmoqda, keltirilgan zarar 200 mln grivendan ( 4 mln yevrodan) ziyod, deyiladi xabarda. Tergov versiyasiga ko‘ra, Qrim qo‘shib olinganidan keyin Butyagin Ermitajning Mirmekiy arxeologik ekspeditsiyasi rahbari sifatida Ukraina hokimiyatidan hech qanday ruxsat beruvchi hujjatlar olmasdan, Kerch shahridagi “Qadimiy Mirmekiy shahri” deb ataladigan madaniy meros obektida noqonuniy qazish ishlarini amalga oshirgan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kiyev so‘rovi asosida Polshada rossiyalik arxeologning ushlanishini “huquqiy tiraniya” deb atadi.
RF TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa Ermitaj xodimini ushlash haqidagi qaror Ukraina bergan “xalqaro hibsga olish orderi” asosida qabul qilinganini aytdi. “Varshavadagi Rossiya elchixonasi vakillari Aleksandr Butyaginni ko‘rish va uning vaqtincha hibsi haqidagi sud qaroriga shikoyat qilayotgan advokati bilan aloqada”, — deya ma’lum qildi Zaxarova rossiyalik jurnalistlarga.