O‘zbekiston | 19:50 / 28.09.2022
30424
8 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors xodimlari zavoddagi muhitni “haqiqiy feodalizm” deb ta’rifladi. Kompaniya mehnat qonunchiligiga rioya qilayotganini bildirdi

Asakadagi avtozavod xodimlari ish soatlari haddan tashqari ko‘pligi sabab ayrimlar kasal bo‘lib qolayotgani, oyliklar kamligi va nazorat juda qattiqligidan shikoyat qildi. Kompaniya zavodda qonunchilikka muvofiq ish tashkil qilinganini bildirdi. Ma’lum bo‘lishicha, zavod xodimlari orasida kuniga 11 soat ishlaydiganlar ham talaygina.

Foto: UzAuto Motors

BBC o‘zbek xizmatiga Asaka shahridagi UzAuto Motors zavodi ishchilaridan shikoyat xati kelib tushgan. Nashr shikoyat xati egasi va uning uch nafar hamkasbi bilan suhbatda bo‘lib, bu da’volarga munosabatini so‘ragan.

“Biz, Asaka shahridagi UzAuto Motors (eski nomi GM Uzbekistan) avtomobil zavodi ishchi xodimlari, zavodimizda bo‘layotgan qonunbuzilishlar, inson huquqlarining poymol qilinishiga jim qarab tura olmay, barcha ishlardan keng ommani xabardor qilish va shu orqali qonun himoyachilarining shu masalaga e’tibor qaratishlarini xohladik.

Xullas, barchasi avtosanoat tizimiga rais etib prokuratura organi xodimi Shavkat Umrzoqov tayinlanishi bilan boshlandi. Avvaliga tizimdagi korrupsiya, avtomobil sotishdagi “shapka” muammolarini hal qilish, ish sharoitlarini yaxshilab, oylik maoshlarni ko‘tarishni va’da qilgan rais tizimga o‘zi bilan prokuratura xodimlarini olib kirdi. Asosiy rahbarlik lavozimlari avtosanoatdan umuman yiroq bo‘lgan organ xodimlari va ularning tanish-bilishlariga topshirildi”, deydi xat muallifi.

U zavodda “ishchilar ustidan nazorat keskin kuchaygani”ni aytib, holat “haqiqiy feodalizmdan zarracha farq qilmayotgani”ni bildirgan. Xodimning fikricha, bunga sabab – rais o‘z oldiga juda katta ishlab chiqarish rejasini qo‘yganidir.

“Deyarli bir yildan beri ikki smenada ishlayotgan ishchilar bir oyda 300 soatga yaqin ishlashlariga to‘g‘ri kelyapti. Bu o‘ta darajada yuqori. To‘g‘ri, oshiqcha ish soatlariga ortiqcha pul to‘lab berilyapti, lekin tiklab bo‘lmas sog‘lik qo‘ldan boy berilmoqda. Ishchilar kasal bo‘lib davolanishga majbur bo‘lyapti. Ortiqcha ish soatlari hisobiga oddiy ishchilar 5-6 million maosh olmoqda. Tashqaridan qaralsa, bu yaxshi oylik, lekin nimaning hisobiga?! 160-170 soatga 2,5 million so‘m atrofida oylik beradi. Ishchilarning ko‘pchiligi kredit oladi, kreditlarni yopish uchun ham har qancha ishlashga rozi bo‘lishyapti.

Ish soatlarini qisqartirib oylik-maoshlarni oshirish haqidagi savollarga esa “xohlasang shu, xohlamasang katta ko‘cha, tashqarida ishlayman deb yurganlar ko‘p” degan javob qaytarishadi rahbarlar”, – deydi murojaatchi.

Nashr suhbatlashgan boshqa ishchilar ham ish yuklama kattaligi, lekin ishchilar soni bunga mos emasligini aytishgan.

Telefon suhbatida bir zavod ishchisi uzoq ishlagani sababli mashina boshqarayotganda o‘zini bilmay, rulda uxlab qolish hollari bo‘layotganini aytgan. U BBC'ga o‘z mehnat shartnomasida ishlash soatlari haqida nima deyilganidan bexabar ekanini bildirgan.

UzAuto Motors xodimlaridan biri tanaffus va tushliksiz ishlashga majbur bo‘layotganini aytgan.

“Ishchilarning aksariga zavod hududiga telefon olib kirish taqiqlangan va ular uzoq smenada ishlaganida o‘z oilalari bilan muloqot butkul uzilgan bo‘ladi. Har kun bir necha marta reyd uyushtiriladi. Har bir guruh alohida-alohida. Agar rais o‘rinbosarlari reydga chiqsa, hamma u yoqdan bu yoqqa yuguradi, chunki ularning o‘qiga uchragan odam o‘sha zahoti haydaladi. Bo‘lim rahbarlari yuragini oldirib qo‘ygan”, deydi u va nazoratga kelgan mansabdorlar bo‘lim rahbarlarini o‘ta uyat so‘zlar bilan hammaning oldida haqorat qilishini qo‘shimcha qiladi.

Xodimning so‘zlariga ko‘ra, ishchilardan “kuchli bosim ostida” tilxat va rozilik xatlari olinadi. Masalan, yil yakunida zavod bo‘yicha inventarizatsiya o‘tkazilib, kamomad chiqqudek bo‘lsa, kamomadni hammaga teng sochib, uni oylikdan qoplash uchun ishchilar “kuchli tazyiqlar bilan rozilik xatiga imzo chekishga majburlanadi”. Hattoki kamomadga umuman aloqasi yo‘q ishchilar ham to‘lashga majbur, deydi u.

Xodimning aytishicha, u va boshqa ishchilar rahbariyat haqida boshqa idoralarga shikoyat qilishmagan. Chunki nafaqat ishdan haydalish, balki o‘z xavfsizliklaridan ham xavotirlanishadi.

“Ish soatlarini kamaytirib, oyliklarni oshirish uchun ishchilar zavod oldini to‘sib, miting uyushtirishdi. Biroq bundan hech qanday natija chiqmadi. Aksincha, kamera orqali mitingda qatnashganlar aniqlanib, maxsus bo‘limga bittama-bitta chaqirtirilib “eslari kirgizildi”. Deyarli hamma ishchilarning zavoddagi vaziyatdan sabr kosasi to‘ldi. Eplaganlar boshqa ish topib chiqib ketyapti, qolganlar esa majbur – chunki viloyatda aholi zich, ish topish muammo”.

BBC xodimlarning xatidagi ayrim shikoyatlarni UzAuto Motors matbuot xizmatiga yo‘llagan. Kompaniya javobida UzAuto Motors oyliklar bo‘yicha Andijondagi qo‘shma korxonalar “ichida yuqori beshtalikka kirishi” va xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratilgani aytilgan.

“Kompaniyada respublikadagi o‘rtacha iste’mol savati, hududdagi tashkilotlarning mehnatga haq to‘lash miqdorlari, eng kam oylik ish haqining o‘sish sur’atlari muntazam tahlil qilib boriladi. Mazkur tahlil natijalariga muvofiq, so‘nggi 4 yil mobaynida xodimlarning oylik ish haqi jami 78 foizga, xususan, 2018 yilda 45 foizga, 2019 yilda 10 foizga, 2020 yil 13 foiz va o‘tgan 2021 yilda 10 foizga oshirilgan.

Bundan tashqari, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish maqsadida korxona va tarmoq samaradorligi ko‘rsatkichiga muvofiq, oylik ish haqining 40 foizgacha miqdorida mukofot pullari to‘lab borilmoqda. Shuningdek, xodimlar uchun korxonada bir qator ijtimoiy himoya paketlari yaratilgan. Himoya paketi o‘z tarkibiga ishga qatnov transporti, sutkasiga 24 soat bepul ovqatlanish, maxsus forma, dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlari, tibbiy ko‘rik, shuningdek, moddiy rag‘batlantirish kabilarni olgan.

Zavodda ish 2 smenada tashkil etilgan. Unga ko‘ra, xodimlarning kunlik mehnat soati 8 va 11 soat ish vaqti etib belgilangan. 11 soat ishlaydigan xodimlar uchun qonunchilikda belgilangan 600 soat mehnat sarfi uchun ish haqi to‘lab kelinmoqda. Bugungi kunda korxonaning xodimlar oldida ish haqi va boshqa to‘lovlar bo‘yicha hech qanday qarzdorligi yo‘q. Xodimlarga mehnat faoliyatini bajarish vaqtidagi mehnati uchun haq to‘lab kelinmoqda.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, o‘tgan davr mobaynida haqiqatan o‘g‘rilik bilan qo‘lga tushgan bir necha xodimlar ishdan bo‘shatildi. O‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni halol, vijdonan, tashabbuskorlik bilan bajaruvchi xodimlar va zavod o‘rtasida hech qanday e’tirozlar mavjud emas. Kamomadga kelsak, inventarizatsiya natijalariga ko‘ra, moddiy boyliklarning yetishmasligi moliyaviy javobgar shaxslardan undiriladi va bu umumdavlat amaliyotidir”, – deyiladi UzAuto izohida.

Qo‘shimcha qilinishicha, Asakadagi zavod “juda ko‘p yuqori texnologiyali va sirli uskunalarga ega strategik obekt hisoblanadi” va shuning uchun ham zavodga kamerali telefonlarni olib kirish mumkin emas.

Mavzuga oid