Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron javob «vayronkor» bo‘lishini aytdi. Isroil Erondan uchirilgan raketalarni aniqladi
AQSh rasmiysi esa Eronga qarshi zarbalar havo va dengiz orqali amalga oshirilayotganini aytgan. Isroil harbiylari esa Eron hududidan mamlakat tomon uchirilgan ballistik raketalar aniqlanganini bildirdi.
Foto: AP
New York Times'ning yozishicha, Isroil harbiylari Eron hududidan mamlakat tomon uchirilgan ballistik raketalar aniqlanganini bildirdi. Bu bugun ertaroq amalga oshirilgan AQSh–Isroil hujumlariga javob sifatida Eron tomonidan yo‘llangan ilk to‘lqin hisoblanadi.
Havo hujumi sirenalari Isroil shimoli va sohil bo‘yidagi Hayfa shahri bo‘ylab yangramoqda. Aholi mustahkam boshpanalarga kirishga chaqirilmoqda.
AQSh rasmiysi esa Eronga qarshi zarbalar havo va dengiz orqali amalga oshirilayotganini aytgan.
Bir soat oldin, Reuters nashri Eron rasmiylariga tayanib, javob choralariga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytgandi. Rasmiyning aytishicha, javob zarbasi «vayronkor» bo‘ladi.
Ayni vaqtda bir qator eronlik axborot agentliklarining veb-saytlari ishlamayapti. Ular orasida rasmiy davlat axborot agentligi IRNA ham bor. Sayt xakerlik hujumiga uchragani aytilmoqda. Tehronlik bir fuqaro va mahalliy jurnalistning aytishicha, shaharda statsionar telefon aloqasi ishlamay qolgan, faqat mobil telefonlarda ham uzilishlar bilan cheklangan signal mavjud.
Isroilning Eronga hujumi bugun mahalliy vaqt bilan soat 08:10 da boshlangan. Isroil yuqori martabali mudofaa amaldorlariga ko‘ra, qo‘shma nishonlar orasida Erondagi muhim shaxslar ham bor va bu kamida bir necha kun davom etishi kutilgan keng ko‘lamli hujum hisoblanadi.
Ayni paytda Isroil Erondan kelayotgan asosiy tahdid sifatida uzoq masofali yer-yer turidagi raketalarni ko‘rmoqda. Prezident Trampga taqdim etilgan rejaga ko‘ra, Isroil kuchlarining asosiy sa’y-harakatlari raketa omborlari, ishlab chiqarish korxonalari va uchirish qurilmalariga qaratilgan.
AQSh kuchlari esa asosan Eronning yadroviy loyihasiga, shuningdek qudratli Inqilobiy gvardiya korpusi va hukumatga aloqador qo‘shimcha nishonlarga e’tibor qaratishi kutilmoqda.
Prezident Tramp AQSh harbiy amaliyoti natijasida «yo‘qotishlar bo‘lishi mumkin»ligini aytdi.
NYT'ga ko‘ra, general Den Keyn esa yuqori darajadagi yopiq uchrashuvlarda Trampni Eron bilan urush holatida amerikalik harbiylar halok bo‘lishi yoki jarohat olishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.