O‘zbekiston | 14:12 / 03.11.2022
9188
3 daqiqa o‘qiladi

“Taraqqiyot strategiyasidagi islohotlarni real hayotda amalga oshirish bo‘yicha fikr almashmoqchimiz” - Jamshid Qo‘chqorov

“Ikki kunlik tadbir davomida Taraqqiyot strategiyasidan o‘rin olgan islohotlarni real hayotda amalga oshirish hamda belgilangan maqsadlarga erishish bo‘yicha sizlar bilan fikr almashmoqchimiz”, dedi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston II Iqtisodiy forumi ishtirokchilariga qarata.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Samarqandda II O‘zbekiston iqtisodiy forumi o‘z ishini boshladi. Unda mingdan ortiq mehmonlar ishtirok etmoqda.

Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki hamda O‘zbekiston hukumatining iqtisodiy bloki rahbarlari forumga yig‘ilgan.

Forum ochilishida Shavkat Mirziyoyevning matbuot kotibi Sherzod Asadov prezidentning forum ishtirokchilariga murojaatini o‘qib eshittirdi.

“2022-2026 yillarda inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish, inson kapitalini rivojlantirish va kambag‘allikni kamida 2 barobarga qisqartirishni maqsad qilganmiz”, – deyiladi prezident murojaatida.

Yuqoridagi maqsadlarga erishish uchun 6ta ustuvor vazifa belgilangani ta’kidlandi. Bular:

  • Iqtisodiyotda xususiy sektor rolini tubdan oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya va sog‘lom raqobat muhitini yaxshilashga alohida e’tibor berilmoqda;
  • Aholi turmush sifatini oshirish va yashash sharoitini yanada yaxshilash maqsadida har bir mahallaning infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar hayotga joriy etilmoqda;
  • Aholining kambag‘al va ehtiyojmand qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya tizimi bilan to‘liq qamrab olish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
  • Tashqi bozorlar va hamkor davlatlarda yuzaga kelgan tahlikali vaziyat sharoitida mamlakat makroiqtisodiy barqarorligini ta’minlash hamda inflatsiya sur’atlarini jilovlash choralari ko‘rilmoqda;
  • Mahsulot ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini yaratish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash diqqat markazida;
  • Barcha hamkor davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirish – islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri.

Shundan keyin so‘zga chiqqan bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov forumdan kutilayotgan vazifalar haqida gapirdi.

“Birinchi forum avvalgi besh yil davomida amalga oshirilgan islohotlar sarhisobi va istiqboldagi rejalarga bag‘ishlangan edi. Shuningdek, mazkur forum doirasida xususiylashtirish, davlat-xususiy sherikligi, kredit liniyalari va boshqa hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha ellikdan ziyod shartnomalar imzolangan edi.

Shu bilan birga, o‘tgan yilgi forumdagi muzokaralar va uchrashuvlar 2022-2026 yillar uchun Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasiga yangicha yondashuv, fikr va dadil maqsadlarni taklif etishga ishonch baxsh etgan edi.

Bu yilgi forum esa o‘tgan yilgi forumning mantiqiy davomidir. Keyingi ikki kunlik tadbir davomida Taraqqiyot strategiyasidan o‘rin olgan islohotlarni real hayotda amalga oshirish hamda belgilangan maqsadlarga erishish bo‘yicha sizlar bilan fikr almashmoqchimiz”, – dedi Qo‘chqorov.

Forum 11 ta sessiyani o‘z ichiga oladi va 4 noyabr kuni ham davom etadi.

Mavzuga oid