Jamiyat | 19:50 / 07.02.2021
9027
5 daqiqa o‘qiladi

«Arba'in» hadisxonlik tanlovida 10 yashar qiz g‘olib bo‘ldi

6–7 fevral kunlari «Hilol-nashr» nashriyoti majlislar zalida hadisxonlik tanlovi tashkil etildi. Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi arafasida o‘tkazilgan tanlov mutafakkirning qirq hadis to‘plami – «Arba'in»ni bilish ko‘nikmasiga asoslandi.

Islom.uz portali tomonidan tashkil etilgan tanlov ayollar va erkaklar uchun alohida tashkil etildi. Ishtirokchilarni jamoatchilik vakillaridan iborat hakamlar hay'ati baholab bordi.

«Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidi imom-noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid «Arba'in»ni o‘rganishning ahamiyati haqida to‘xtaldi.

«Arba'in» – 40talik degani. Unda sahih hadislarning 40tasi jamlanadi. Rasululloh bir hadislarida: «Ummatimdan qaysi birlari hadislarimdan qirqtasini yod olib, boshqalarga yetkazsa, qiyomatda unga shafoatchi bo‘laman, u faqih o‘laroq tiriladi», deganlar.

Butun tarixda ulamolar «Arba'in» yozishga shu hadisdan ilhom olishgan. Ular ichida tarjima qilinganlari, nazmiylari ham bor. Abdurahmon Jomiy ham fors tilida «Arba'in» yozdi. Oz fursatdan so‘ng Alisher Navoiy Jomiy tanlagan bu 40 hadisni o‘zbek tiliga tarjima qilib, ularni to‘rtliklar bilan ifodalagan», – dedi Hasanxon Qori.

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

Tanlovni o‘tkazishga O‘zbekiston bo‘ylab Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi nishonlanayotgani turtki bo‘lgan bo‘lib, bunda Navoiy ijodi bilan aholini, xususan, yoshlarni yaxshiroq tanishtirish maqsad qilingan.

«Biz ham hissa qo‘shish niyatida Islom.uz portali nomidan tanlovni tashkil qildik. Juda ham ko‘p – 2000 nafar ishtirokchi xayrixoh bo‘lib, qatnashish istagini bildirdi. Ham hadis, ham unga izoh o‘laroq yozilgan to‘rtlikni yoddan aytib berish kerakligini aytganimizda ham salkam 100 nafar qatnashchi tayyorligini ma'lum qildi. Yana ham quvonarli jihati, ishtirok etish istagini bildirganlarning yarmi – ayollardir.

Asardagi har bir o‘nlikdan bittadan – jami to‘rtta hadis matni va unga Navoiy bitgan to‘rtlik so‘raladi. Ularni yoddan ifodali aytib bera olish mahoratiga qarab baholanadi», – dedi Hasanxon Yahyo Abdulmajid Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Tanlov ikki yo‘nalishda o‘tkazildi. Birinchi yo‘nalish ishtirokchilaridan hadislarning o‘zbekcha tarjimasi va Navoiyning to‘rtliklarini ifodali o‘qib berish so‘raldi.

Ikkinchi yo‘nalishda esa hadislarning arabcha matni va o‘zbekcha tarjimasini, hadis roviysini aytish hamda to‘rtlikni ifodali o‘qib berish so‘raldi.

Har ikki yo‘nalishda ham ishtirokchilar bilet tanladi va undagi 4 tadan savolga javob berdi.

Tanlovning eng kichik yoshdagi qatnashchilaridan biri, toshkentlik Tohiraxon Abbosova ikkinchi yo‘nalish bo‘yicha ayollar o‘rtasida oliy o‘ringa munosib ko‘rildi.

Tohiraxon Abbosova

«Tanlovda birinchi bo‘lib sahnaga chiqaman deb o‘ylamagandim. Allohga shukr, yaxshi aytib berdim. 3 kunda 20ta hadisni yod oldim. Tanlovdan keyin ham yana hadislar yodlashda davom etaman», – deydi 10 yoshli g‘olib.

Tohiraxonga Mushaf, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning «Tafsiri Hilol» kitoblari, «Hilol» jurnali, diplom va esdalik sovg‘alar topshirildi.

Birinchi yo‘nalish: hadisning o‘zbekcha tarjimasi va arabcha matni hamda roviylari, shuningdek, to‘rtliklarni ifodali yod olgan holda aytib berish yo‘nalishida Tohiraxon Abbosova birinchi, Go‘zaloy Alisherova ikkinchi hamda Oisha Mirzajonova uchinchi o‘rinlarga ega chiqishdi.

Ikkinchi yo‘nalish: hadislarning o‘zbekcha tarjimasi va to‘rtliklarni ifodali yoddan aytib berish yo‘nalishida ayollar o‘rtasida Mahliyo Shuhratova birinchi, Shabnam G‘aniyeva ikkinchi hamda Mahfuza Mamajonova uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Erkaklar o‘rtasida 1-yo‘nalish bo‘yicha Habibulloh O‘rinboyev birinchi, Isfandiyor Shokirjonov ikkinchi va Nodir Murodillayev uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa; 2-yo‘nalish bo‘yicha Abubakr Baratov g‘olib, Qurbon Ismatov ikkinchi hamda Dostonbek Sultonov uchinchi o‘rinlarga munosib ko‘rildi.

Barcha g‘olib va sovrindorlarga, shuningdek, ishtirok etganlarga homiylar tomonidan esdalik sovg‘alar topshirildi.

6–7 fevral kunlari dastlab ayollar, so‘ng erkaklar o‘rtasida tashkil etilgan tanlovda eng yaxshi deb topilgan ishtirokchilar sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Saodat Abdurahmonova, Kun.uz muxbiri 
Tasvirchi – Jamshid Abdiyev

Mavzuga oid