O‘zbekiston | 08:58 / 02.02.2022
6266
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda tibbiy oliy ta’lim isloh qilinadi - Hukumat qarori loyihasi

Vazirlar Mahkamasining “Tibbiyot oliy ta’lim muassasalari faoliyatini transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilar tibbiy oliy ta’lim va ilm-fanni yanada rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari deb hisoblanadi:

  • O‘zbekistonda tibbiy oliy ta’limni tizimli isloh qilish;
  • sog‘liqni saqlash sohasida ta’lim, fan, kadrlarni tayyorlash va qayta o‘qitish sohasini rivojlangan AQSh, Avstraliya, Yevropa davlatlari hamda Osiyoning Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi davlatlari ta’lim tizimiga kirish imkoniyatlarini kengaytirish;
  • tibbiy ta’lim sifatini ta’minlash va yaxshilash;
  • kasbiy va pedagogik kompetensiyalarga, sog‘liqni saqlash talablari va mehnat bozori ehtiyojlariga asoslangan tibbiy ta’limni joriy etish;
  • tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga kasbiy qadriyatlarni baholash asosida fuqarolarni tanlash va qabul qilish siyosatini joriy etish;
  • bitiruvchilarning bilim va malakalarini mustaqil baholash;
  • tibbiyot mutaxassislarini sertifikatlash va qayta sertifikatlash;
  • tibbiy ta’limni boshqarish tizimini o‘zgartirish;
  • tibbiy ta’limni baynalmilallashtirish (internatsionalizatsiya qilish);
  • ilm-fanni rivojlantirish, xalqaro tadqiqot maydoniga integratsiya qilish.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining quyidagi takliflariga rozilik beriladi:

  • 2022 yildan boshlab barcha tibbiyot oliy ta’lim muassasalarini xalqaro ta’lim tizimiga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, ta’lim tizimi sifatini oshirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar akademik mobilligini kuchaytirish:
  • kreditlarga asoslangan bir-biriga mos bo‘lgan oliy ta’lim tizimini shakllantirish, bitiruvchilarga umumevropa talablariga mos bo‘lgan diplom ilovalarini taqdim etish imkoniyatlarini yaratish maqsadida tibbiy oliy ta’limni tizimli isloh qilish;
  • O‘zbekiston tibbiy ta’lim tizimida Boloniya jarayonining majburiy, tavsiyaviy va ixtiyoriy parametrlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish va Yevropa oliy ta’lim xalqaro maydoniga integratsiya qilish orqali rivojlangan Yevropa va Osiyo davlatlari ta’lim tizimiga kirishni ta’minlash;
  • 2025 yilga qadar respublikadagi kamida 3 ta tibbiyot oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilish va dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari reytingidan o‘rin egallash, tibbiy oliy ta’lim sohasi bo‘yicha birinchi 1000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish;

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Bolonya deklaratsiyasining quyidagi parametrlarini bosqichma-bosqich joriy etish:

a) majburiy parametrlari:

  • ECTS asosida talabalarga o‘rganilayotgan fanlarni tanlash huquqini berish;
  • ta’lim sohasi talabalari, professor-o‘qituvchilar tarkibi va boshqa toifadagi xodimlarining harakatchanligini (mobilligini) rivojlantirish;
  • O‘zbekiston fuqarolarini ichki va tashqi mehnat bozorida ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini va oliy ta’lim tizimining dunyo miqyosida raqobatbardoshligini oshirish maqsadida Yevropa namunasidagi diplom ilovasini yuritish orqali taqqoslanadigan darajalar tizimini yaratish (bitiruvchining oliy ma’lumoti va darajasi tan olinishini ta’minlash);
  • tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining ta’lim dasturlari sifatini ta’minlash va yaxshilash bo‘yicha xalqaro va Yevropa standartlariga muvofiqligini aniqlash uchun institutsional akkreditatsiya orqali ichki va tashqi sifatini ta’minlash tizimini joriy etish;
  • oliy ta’lim muassasasida ta’lim sifatini ichki nazorat qilish tizimlarini joriy etish va uning faoliyatini tashqaridan mustaqil baholash maqsadida barcha manfaatdor tomonlarni – akademik hamjamiyat, davlat vakillari, talabalar va ish beruvchilarni jalb etish;
  • yagona Yevropa va Osiyo ilm-fan tadqiqot maydonini yaratish;

b) tavsiyaviy parametrlari:

  • yagona Yevropa baholash tizimini kiritish;
  • fuqarolarini tanlash va qabul qilish siyosatini takomillashtirish;
  • talabalarning faol ishtiroki, oliy ta’lim boshqaruvida ular to‘laqonli hamkorlar sifatida tan olinishi;
  • kam ta’minlangan, yetim va chin yetim talabalarni qo‘llab-quvvatlash;
  • bitiruvchilarning mustaqil imtihondan o‘tish komissiyasi tarkibiga buyurtmachi-tashkilotlardan ekspertlarni keng jalb etish orqali mutaxassis malakasini berish;
  • tibbiyot xodimlariga klinik amaliyotni olib borish huquqiga ruxsat berish uchun mutaxassisning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash bo‘yicha sertifikatlashtirish jarayonini o‘tkazish va tegishli mutaxassislik bo‘yicha malaka berish;
  • umr davomida uzluksiz ta’lim olish;
  • uzluksiz kasbiy ta’lim muassasalarida malaka oshirish yo‘li bilan jamlangan kredit-ballar tizimi orqali sog‘liqni saqlash xodimlarini qayta sertifikatlashtirish.

v) ixtiyoriy parametrlari:

  • kadrlar tayyorlash yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim mazmunini uyg‘unlashtirish (garmonizatsiya);
  • oliy ta’limni tatbiq etishda an’anaviy Yevropa yondashuvini, ayniqsa o‘quv rejalari, muassasalararo hamkorlik, harakatchanlik sxemalari, qo‘shma o‘quv dasturlari, amaliy tayyorgarlik va ilmiy tadqiqotlar olib borish ishlarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish.
  • kredit-modul o‘qitish tizimini muvofiqlashtirish;
  • masofaviy ta’lim, elektron kurslarni tashkil etish;
  • talabalar va professor-o‘qituvchilarning akademik reytinglarini kiritish.

Mavzuga oid