20:31 / 11.12.2021
30623

Prezident hokim yordamchilari nima bilan shug‘ullanishini yana bir bor tushuntirdi

“Yangi tayinlangan hokim yordamchilari uyma-uy yuradi, bemor bormi, ishsiz bormi, jinoyatga moyillar, uyushmagan yoshlar bormi, har biri bilan astoydil shug‘ullanadi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

11 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumaniga tashrif buyurdi va qator obektlarda bo‘ldi. Mahalla faollari, hokimiyat mas'ullari bilan uchrashgan davlat rahbari yangi yo‘lga qo‘yilayotgan tizim – mahallalarda ish olib boruvchi hokim yordamchilariga yuklatilayotgan mas'uliyat haqida yana bir bor batafsil tushuntirish berdi.

“Hozir ko‘pchilik bu tizim qanday ishlashini anglab yetmayapti. Lekin men bu yangilikni albatta tatbiq etaman. Chunki bizda shu paytgacha pastga tushish, bevosita xalq bilan ishlash tizimi yo‘q edi, buni tan olishimiz kerak. Yangi tayinlangan hokim yordamchilari uyma-uy yuradi, bemor bormi, ishsiz bormi, jinoyatga moyillar, uyushmagan yoshlar bormi, har biri bilan astoydil shug‘ullanadi.

Bir kunda bitta ishsizni band qilsa, bir oyda qancha bo‘ladi, bir yilda-chi? Hozir asosiy e'tiborni ishsizlikni kamaytirishga qaratsak, bir yil o‘tgandan keyin o‘sha yangi ishga joylashganlarning maoshini oshirish choralarini ko‘ramiz.

Mahalla raislari mahallaning otasi yoki onasi sifatida asosan ma'naviyat bilan shug‘ullanadi. Chunki ular sohaga aloqasi yo‘q juda ko‘p ishlar bilan band qilingandi. Hokim yordamchilari endi iqtisod bo‘yicha muammolarni hal qilsa, yoshlar yetakchisi yoshlarning vaqtini mazmunli o‘tkazish, ilm olishlariga e'tibor qaratadi. Chunki kelajak faqat ilm bilan, bizning boshqacha yo‘limiz yo‘q!

Bu ikkisi raisga ikki qanotdek yordam berishadi. Aholiga madaniy tadbirlar uyushtiringlar, teatrlarga olib boringlar, kitob o‘qishni tashkil qilinglar. Hamid Olimjon va Zulfiya hayotini, O‘tkir Hoshimov, Pirimqul Qodirov, Abdulla Oripov asarlarini bolalarimizga tanishtiraylik. Bobolarimiz qanday ulug‘ odamlar bo‘lganini xalqimiz anglab yetsin. Bizning buyuk tariximiz bor”, – Shavkat Mirziyoyev so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top