Buxoro viloyati Peshku tumanida hokim yordamchisi tezkor tadbirda pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hokim yordamchisi hokimiyat zaxirasidagi 7 sotix yer maydonini “K-savdo” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga joylashtirib, so‘ngra onlayn auksion savdolari orqali sotib olib berish evaziga tadbirkordan 6 ming dollar talab qilgan.
Tadbirkorning arizasi asosida Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi departament va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda hokim yordamchisi tamagirlik yo‘li bilan 6 ming dollar miqdoridagi porani uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hokim yordamchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Oldinroq Surxondaryo viloyati prokuraturasining bo‘lim prokurori tezkor tadbirda ushlangandi.











