«Bir yildan beri sarsonmiz» - Zangiotada 10 nafar tadbirkor ikki hokimlik o‘rtasida «koptok» qilinmoqda
Zangiota tumanidagi Eshonguzar qo‘rg‘onida istirohat bog‘i qurilmoqda. Ma'lum bo‘lishicha, bog‘ qurilayotgan yerda tadbirkorning noturar joy binolari bo‘lgan, bu mulklar kompensatsiya masalasi to‘liq hal qilinmasdan buzib tashlangan. Kompensatsiya o‘rniga berilgan yerga esa egalik qila olishmayapti.
Zangiotalik tadbirkorlarning murojaatini o‘rganish maqsadida tumanning Oybek mahallasi A.Nabiyev ko‘chasida qurilayotgan istirohat bog‘ida bo‘ldik.
Ma'lum bo‘lishicha, bog‘ joylashgan yerda 9 nafar tadbirkorga tegishli noturar-joy binolari: issiqxona va ishlab chiqarish sexlari bo‘lgan. 2019 yil yil Eshonguzar qo‘rg‘oni bosh rejasiga asosan mazkur hududda istirohat bog‘i qurilishi uchun tadbirkorlarga tegishli mulklar Vazirlar Mahkamasining 97-sonli qaroriga zid ravishda buzib tashlangan.
«Shu yerda ish faoliyatimizni yurg‘izar edik. Bir yil oldin kelishib, binolarimizni buzib tashlashdi. Kompensatsiya pulini ham berishmadi. Vaqt ham berishmadi. Elektr simlarini uzib, ish faoliyatimizni to‘xtatib, bizni rozi qilmasdan buzib tashlashdi.
Kompensatsiya o‘rniga berilgan yerga tuman hokimining qarori chiqqan. Lekin Toshkent viloyat hokimligi 1 yildan beri tasdiqlab bermayapti. 1 yildan beri hech qanday ish qila olmayapmiz. Bergan yerini ham ishlata olmayapmiz, 4,5 milliard so‘m kompensatsiya pulini ham to‘lab berishmayapti.
Kompensatsiya o‘rniga bergan yerga bir yildan beri soliq ham to‘layapmiz, lekin foydalana olmayapmiz. Ko‘p joylarga murojaat qildik. Afsuski, natija yo‘q. Bizga viloyat hokimligi yerimizni tasdiqlab berishsa, ish faoliyatimizni boshlar edik», – deydi tadbirkorlardan biri Ikrom Isroilov.
Qolgan tadbirkorlarda ham xuddi shunday holat. Belgilangan tartibga zid ravishda mulklari buzib tashlangan.
Ajablanarlisi shundaki, 9 nafar tadbirkorga olib qo‘yilgan yerlari o‘rniga Qatortol qishlog‘i Navro‘z massivi hududidan yer maydoni ajratish to‘g‘risida tuman hokimining qarori chiqqan. Lekin qarorning 3-bandiga: «Ushbu qaror tasdig‘i Toshkent viloyati hokimidan so‘ralsin» deb kiritib qo‘yilgan.
Afsuski, 1 yildan beri Toshkent viloyat hokimligi ushbu qarorni tasdiqlab bermagan.
Tadbirkorlar o‘ziga ajratilgan yerda qurilish ishlarini boshlashi bilan tuman prokuraturasidan kelib to‘xtatib qo‘yilgan. Yer bo‘sh turmasligi uchun tadbirkorlar ajratilgan yerga makkajo‘xori ekib qo‘yishgan. Lekin bu ekinning ham «egasi» chiqib qolishi mumkin. Xullas ikki hokimlik o‘rtasida tadbirkorlar sarson-sargardon…
Yana bir tadbirkor esa «Eshonguzar City» qurilishi sabab ko‘chada qolgan
Zangiotada bir necha yillardan beri tokarlik bilan shug‘ullanib, yoshlarni ish bilan ta'minlagan va ularga hunar o‘rgatib kelayotgan Akmal Muxtorxonov ham bugun adolatsizlikdan norozi.
Hozirda qurilayotgan «Eshonguzar City» o‘rnida uning ustaxonasi bo‘lgan. Unga ham tuman hokimligi «snos»ga tushgan ustaxonasi o‘rniga boshqa joydan yer ajratib bergan, qaror ham chiqargan.
Lekin qarorning yana o‘sha 3-bandidagi: «Ushbu qaror tasdig‘i Toshkent viloyati hokimidan so‘ralsin» degan qismi 1 yildan beri bajarilmasligi oqibatida tadbirkor ko‘chada qolgan.
Ajratilgan yerga hech narsa qura olmayapti. Sitini qurayotgan tadbirkorlar tomonidan berilgan kompensatsiya pulini esa oylik qilib ishchilariga to‘lab kelmoqda. Ustaxonadagi dastgohlar ko‘chada, qo‘ni-qo‘shnining uyida qolgan.
Tuman hokimligi o‘z aybini bir hafta ichida to‘g‘rilamoqchi
Holat yuzasidan izoh olish maqsadida Zangiota tuman hokimligida bo‘ldik.
Hokimning qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jasur Usmonaliyevning aytishicha, tadbirkorlarga kompensatsiya o‘rniga qo‘shimcha yer berilgan.
«Ajratilgan yerni tasdiqlatish uchun viloyatga xat bilan chiqqanmiz. Lekin uzoq vaqt javob bo‘lmadi. Yaqinda yana viloyatdagilar bilan bog‘landik. Bizga hujjatlarda kamchiliklar borligini aytishdi. Kamchiliklarni to‘g‘rilab yana yuborsak, ular komissiyaga qarorni tasdiqlatish uchun kiritishadi.
Bu – tadbirkorlarning masalasi emas. Ularning ish faoliyati to‘xtab qolgani bu birinchi navbatda bizning aybimiz. Viloyat hokimligiga o‘z vaqtida hujjatlarni kamchiliksiz taqdim etmaganimiz bu bizning aybimiz. Hozir buning ustida ishlayapmiz. Shu hafta to‘liq hujjatlarni taqdim qilamiz», deydi hokim o‘rinbosari.
Rasul Kusherbayev: «Bir yil davomida tadbirkorlar ko‘rgan zarar qoplab berilishi kerak»
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ham Zangiotadagi sarson tadbirkorlar masalasida o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.
«Men ham bu masalani o‘rganib chiqdim. Davlat va jamiyat ehtiyoji uchun yerni olib qo‘yish tartibi bor. Shu tartibga mas'ullar tomonidan rioya qilinmagan. Bu aniq. Tadbirkor mulki buzib tashlangandan so‘ng o‘ringa-o‘rin yer berilyapti. Aslida bunday bo‘lishi mumkin emas. Qonunchiligimizda yerni olib qo‘yish va kompensatsiya qilish masalasi aniq ko‘rsatib qo‘yilgan. Ya'ni tadbirkor bilan kelishib, uni rozi qilib, hisob-kitob bo‘lgandan so‘nggina uni buzish mumkin. Mana shu jihatlarga rioya qilinmagan.
Bunday ishlar mamlakatda olib borilayotgan investitsion ishlarga to‘siq bo‘ladi. Mulkka nisbatan bunday munosabat bo‘lar ekan, bizga investitsiya kirmaydi. Bori ham qochib ketadi.
Xatoga yo‘l qo‘yishdimi, tan olish kerak. O‘zlari to‘g‘rilab berishi kerak. Lekin qilishmagan. Bu shunchaki oddiy insonlarning ustidan kulish. Oddiy odamlar ham «mas'ullar qonunni aylanib o‘tyaptimi, demak biz ham shunday qilsak bo‘lar ekan», degan tushunchaga kelmoqda. Bu – firibgarlikni bir yo‘liga o‘xshash narsa. Kim-kimga nima uchun o‘rnak bo‘lyapti?
Men yana qaytarib aytaman: bizda mas'ullar tomonidan yerga, xususiy mulkka bo‘lgan munosabat, amaldagi qonunlarni qo‘llashga yondashuv o‘zgarmas ekan, rivojlanish bo‘lmaydi.
Zangiotadagi holatda tadbirkorlar 100 foiz haq. Ular ma'muriy organni qaroriga ishonib qurilish qilgan, mulk orttirgan. Bu holatda tartiblarni buzgan mas'ullar marhamat qilib javob berishi kerak. Ularning harakatiga huquqiy baho berilishi kerak.
Ikkinchidan, zararlar zudlik bilan qoplanishi kerak.
Uchinchidan, shu holatga yo‘l qo‘ygani uchun tadbirkor 1 yil davomida ko‘rgan zarar ham qoplab berilishi kerak», – deydi deputat Kusherbayev.
Xulosa
Mulkdorning huquqlari qonun bilan himoyalangan. Bosh qomusimizning 53-moddasida: «Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin», deb belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining 2019 yil avgustdagi farmoni va Vazirlar Mahkamasining 911-sonli qarorida davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan mulklar qanday tartibda va asosda olinishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Afsuski, Zangiotadagi tadbirkorlar 1 yildan beri sarson bo‘lishmoqda. Xo‘sh, bu yerda ularning aybi nima? Ikki hokimlik o‘rtasidagi «koptok» bo‘layotgan bu insonlarga tegishli yerlar qachon rasmiylashtirilib beriladi-yu, qachon ular o‘z ish faoliyatini davom ettiradi?
Ishlab turgan, fuqarolarni ish bilan ta'minlayotgan, davlatga soliq to‘lab kelgan tadbirkorlarga nega bunday munosabatda bo‘linmoqda? Hokimliklarning o‘z ishiga mas'uliyatsizligi va sovuqqonligi davom etaverar ekan, investitsion jozibadorlikni oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar samara berarmidi?
1 yildan beri sarson yurgan, moddiy va ma'naviy zarar ko‘rgan bu insonlarga zararni kim qoplab beradi?
Umid qilamizki, tez orada Toshkent viloyati va Zangiota tuman hokimligi bu savollarga javob beradi va tadbirkorlarning muammosini ijobiy hal etadi.
Rahmatillo Isroilov
Mavzuga oid
15:42 / 29.06.2024
“Elektroset” ogohlantirmasdan svetni o‘chirsa, javobgarlikka tortish taklif etilmoqda - biznes ombudsman
11:23 / 22.06.2024
Toshkent viloyatida 10 yoshli bolani poyezd urib yubordi
08:08 / 10.06.2024
Toshkentda tadbirkorning 325 mln so‘mini o‘zlashtirgan ekspeditor aniqlandi
19:38 / 08.06.2024