O‘zbekiston | 16:10 / 19.04.2024
5402
2 daqiqa o‘qiladi

Rinotin kids mahsulotini sotib olganlarga pullari qaytarib beriladi – Sanepidqo‘mita

Rinotin kids siropi dorixonalardan yig‘ib olinyapti. Mahsulotni sotib olganlar ishlab chiqaruvchi bilan bog‘lanib, pullarini qaytarib olishlari mumkin.

Rinotin kids siropini sotib olganlardan biri uni ishlab chiqaruvchiga qaytarib berish imkoniyati bor yoki yo‘qligi bo‘yicha tahririyatga murojaat qildi. Kun.uz holat bo‘yicha ma’lumot olish uchun Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi matbuot xizmati bilan bog‘landi.

Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan qonun doirasida o‘rganish ishlari olib borilib, aholi orasida ovqatdan zaharlanish holatlari kelib chiqishining oldini olish profilaktikasi maqsadida sirop mahsulotlariga berilgan ruxsatnomalar bekor qilingan.

Cynergy Pharmco mas’uliyati cheklangan jamiyatiga respublika hududlaridagi barcha savdo tarmoqlari va dorixonalardagi Rad Gida Laboratuvarive Ilac Sanayi Ticaret Limited kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Rinotin kids sirop mahsulotlarini qaytarib olish topshirig‘i berilib, ijrosi nazorat ostiga olingan, deb qo‘shimcha qilgan Sanepidqo‘mita.

Shuningdek, mas’ullar Rinotin kids mahsulotlarni sotib olgan fuqarolar Cynergy Pharmco mas’uliyati cheklangan jamiyatining mas’ul xodimi bilan +998-88-101-44-15, +998-55-520-07-37 telefon raqamlari orqali bog‘lanib, uni qaytarib berishlari va to‘langan pullarini qaytarib olishlari mumkinligini ma’lum qildi.

Mas’ul xodimlar tomonidan fuqarolar uylariga borgan holda ham xizmat ko‘rsatiladi”, – deyiladi qo‘mita xabarida.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda “Rinotin kids” biologik faol qo‘shimchasi bilan bog‘liq xabarlardan keyin mahsulotga berilgan ruxsatnoma bekor qilingan edi.

Mavzuga oid