O‘zbekiston | 21:04 / 24.02.2026
560
2 daqiqa o‘qiladi

2025 yilda respublika bo‘yicha 44 ta holatda ovqatdan zaharlanish qayd etildi – Sanepidqo‘mita

Zaharlanish 6 ta holatda MTT tarbiyalanuvchilari orasida qayd etilgan. 29 ta holatda uy sharoitida tayyorlangan sabzavotli konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida 63 nafar (ulardan 17 nafari bola) jabrlangan.

Foto: Getty images

2025 yilda respublika bo‘yicha 44 ta holatda ovqatdan zaharlanish qayd etildi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.

«2025 yilda respublika bo‘yicha 44 ta holatda ovqatdan zaharlanish qayd etildi. Zaharlanish 6 ta holatda MTT tarbiyalanuvchilari orasida qayd etilgan. 29 ta holatda uy sharoitida tayyorlangan sabzavotli konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida 63 nafar (ulardan 17 nafari bola) jabrlangan», dedi u.

«Hamkorlikda tashkil etilgan o‘rganishlar davomida sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan, yaroqlilik muddati o‘tgan, organoleptik ko‘rsatkichlari me’yor talablariga javob bermaydigan 33230 tonna oziq-ovqat mahsulotlari o‘rnatilgan tartibda brakeraj qilindi. Mahsulotlar turiga qaralganda eng ko‘p ya’ni 259 tonna shakar va qandolat mahsulotlari, 251 tonna spirtli va salqin ichimliklari, 220 tonna meva-sabzavot va poliz mahsulotlari, 106 tonna go‘sht va go‘sht mahsulotlari hisobiga to‘g‘ri keldi», deb qo‘shimcha qildi Otabekov.

Mutaxassis fuqarolardan uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini hamda sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilmaslikni so‘radi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid