16:20 / 08.01.2021
39691

«Bu – sharmandalik, bu – uyat» - Departament rahbari o‘zbek tilini bilmaydigan yoki o‘zbekcha gapirmaydigan rahbarlar haqida

Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev davlat tilini bilmaydigan va unda gapirmaydigan rahbarlar haqida fikr bildirdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Bu – sharmandalik, bu – uyat. Mayli, vazirlik yoki tashkilot rahbari Amerikada o‘qib kelgandir, Germaniya, Angliyada o‘qib kelgandir. Uning chet tillarini bilishi juda yaxshi, lekin O‘zbekistonda rahbar lavozimida ishlab, davlat tilini, ona tilini bilmaslik – bu sharmandalik», – degan u 8 yanvar kuni «Davlat tilida ish yuritish» amaliy qo‘llanmasining lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi qayta ishlangan nashri taqdimotida.

Qirg‘izboyevga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyev BMT sessiyasida o‘zbekcha nutq so‘zlab, hammaga namuna bo‘lib bergan. Hozirgi rahbarlar esa mana shu ishdan xulosa qilishi kerak.

«Qaysi vazirlik va tashkilotlarda rahbar yoki rahbar o‘rinbosari davlat tilida ish yuritmas, yig‘inlarda davlat tilida gapirmas ekan, o‘sha joydagi davlat tili masalalari bo‘yicha rahbar o‘rinbosari ham ishlamayapti, uning ham bunda aybi bor», – degan u.

Departament mudiri hozirda shu masala yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga qaror loyihasi kiritilganini ham ma'lum qilgan.

Loyihaga ko‘ra, har qanday kadr rahbarlikka ishga qo‘yilishidan avval, davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha imtihondan o‘tadi. Qaror esa 1 apreldan kuchga kirishi rejalashtirilyapti.

Top