Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Men odamlarga foydadan ko‘ra zarar keltiradigan narsaning bir qismi ekanligimni tushundim» – Snouden
Erkinlik uchun qurbon qilingan hashamatli hayot - Edvard Snouden qissasi
«Jyenevada ko‘rganlarimning aksariyati hukumatim qanday faoliyat olib borayotgani va bu dunyoga nimalar olib kelayotgani haqidagi xayollarimni yo‘qqa chiqardi. Men odamlarga foydadan ko‘ra zarar keltiradigan narsaning bir qismi ekanligimni tushundim», degandi AQSh maxsus xizmatlariga taalluqli maxfiy hujjatlarni fosh etgan Edvard Snouden.
MXA va MRBdagi faoliyat
Edvard Snouden 1983 yilda Shimoliy Karolina shtatidagi Elizabet-Siti shahrida tug‘ilgan. Otasi Lonni Snouden AQSh sohil qo‘riqlash xizmatida faoliyat ko‘rsatgan, onasi Elizabet esa yurist bo‘lib, Baltimor federal sudida ishlagan.
Edvard Enn Erandel kollejida informatikani o‘rgangan, Liverpul universitetida masofadan ta'lim olgan.
Harbiy xizmatdan so‘ng Milliy xavfsizlik agentligida Merilend universitetidagi maxfiy obekt qo‘riqchisi sifatida ish boshlagan.
Agentlikdan so‘ng MRBning axborot xavfsizligi bo‘limida ishlagan, xususan, 2007 yildan 2009 yilgacha AQShning BMTdagi vakolatxonasida (Jyeneva) diplomat niqobi ostida faoliyat olib borgan. Uning vazifasi kompyuter tarmoqlari xavfsizligini ta'minlash bo‘lgan.
2009 yilda Edvard ishdan bo‘shagan va MXA bilan hamkorlik qiluvchi konsalting kompaniyalarida ishlagan.
Xizmatga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishi
Amerika maxsus xizmatlarida ishlash jarayonida Snoudenning bu xizmatdan hafsalasi pir bo‘la boshlaydi. Edvardning aytishicha, u 2007 yilda MRB xodimlari shveysariyalik bank xizmatchisini qanday qilib o‘zlariga og‘dirishganining guvohi bo‘lgan. Avvaliga bank xizmatchisini ichirib mast qilishgan va uyiga mashinani o‘zi minib ketishiga ko‘ndirishgan. U mast holda mashina boshqargani uchun hibsga olingach, MRB agentlari unga o‘z yordamlarini taklif qilishgan va bank sirlarini olish uchun uni o‘zlariga og‘dirishgan.
«Jyenevada ko‘rganlarimning aksariyati hukumatim qanday faoliyat olib borayotgani va bu dunyoga nimalar olib kelayotgani haqidagi xayollarimni yo‘qqa chiqardi. Men odamlarga foydadan ko‘ra zarar keltiradigan narsaning bir qismi ekanligimni tushundim», degandi keyinchalik Snouden.
O‘zining aytishicha, u o‘shanda maxfiy xizmat sirlarini ochib tashlash haqida o‘ylagan, ammo ikkita sabab tufayli bunday qilmagan. Birinchi sababi, MRBning aksariyat sirlari odamlar bilan bog‘liq bo‘lgani bo‘lsa, ikkinchi sababi Barak Obama prezidentlikka saylanganidan so‘ng o‘zgarishlar bo‘lishiga umid qilgan. Ammo tez orada vaziyat bundan ham badtar bo‘lganiga ishonch hosil qilgan.
Snouden 2013 yil yanvarda fosh etish faoliyatini boshlashga qaror qiladi. U amerikalik jurnalist, kinorejissyor va kinoprodyuser, Freedom of the Press Foundation asoschilaridan biri Lora Poytrasga muhim axborotga egaligi haqida anonim maktub yozadi. So‘ngra Angliyada chiqadigan «Gardian» gazetasi jurnalisti Glenn Grinvald va «Vashington Post» uchun maqolalar yozadigan publitsist Barton Gellman bilan bog‘lanadi.
Fosh etilgan ma'lumotlar
Snouden amerikalik va xorijiy fuqarolarning telefon va internet orqali suhbatlarini ommaviy tarzda kuzatib turuvchi PRISM dasturi haqida ma'lumot beradi. Uning ta'kidlashicha, PRISM agentlikka elektron pochtani ko‘rish, ovozli va videochatlarni kuzatish, fotosuratlar, video, jo‘natilayotgan fayllar bilan tanishish, foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalaridan xabardor bo‘lish imkoniyatini beradi. Uning ta'kidlashicha, PRISM dasturida Microsoft (Hotmail), Google (Gmail), Yahoo!, Facebook, YouTube, Skype, AOL, Apple va Paltalk ishtirok etadi.
U jurnalistlarga FISC sudining 2013 yil 25 apreldagi maxfiy qarori nusxasini taqdim etadi. Unga ko‘ra, Amerikaning yirik aloqa operatorlaridan biri bo‘lgan Verizon MXAga har kuni AQSh hududida hamda boshqa mamlakat bilan amalga oshirilgan barcha qo‘ng‘iroqlar haqida - abonentlarning telefon raqamlari, telefonlarning IMEI raqami, suhbat vaqti va davomiyligi, manzili to‘g‘risidagi ma'lumotlarni berishi shart bo‘lgan.
Snouden AQSh maxsus xizmatlari 2009 yildan buyon Sharqiy Osiyodagi Pacnet optik-tolali tarmog‘ining kompyuter tarmoqlariga, millionlab SMS’larni o‘qish uchun Xitoy uyali aloqa operatorlari tarmoqlariga noqonuniy ravishda kirib kelishganini ma'lum qiladi. Hongkongning Sunday Morning Post gazetasi bildirishicha, u bu ma'lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan.
Edvard shuningdek, Britaniyada Tempora kuzatuv tizimi mavjudligini hamda foydalanuvchini kuzatish dasturi o‘rnatilgani sababli iPhone ishlatmasligini aytadi.
Pentagonning bildirishicha, Snouden 1,7 mln maxfiy fayllarni o‘g‘irlagan bo‘lib, hujjatlarning aksariyati Amerika armiyasi, floti, dengiz piyoda qo‘shinlari va harbiy-havo kuchlarining muhim operatsiyalari bilan bog‘liq bo‘lgan.
Vijdon yo‘lidagi qurbonlik
«O‘z harakatlarim uchun jabr chekishimni tushunib turibman, ammo maxfiy qonunlar, noteng holda jazosiz qolish va dunyoni boshqarayotgan men yaxshi ko‘radigan cheksiz ijro hokimiyatining qilmishlari ozgina bo‘lsa ham fosh qilinadi», deb yozgandi Snouden taqdim etilgan dastlabki hujjatlarga ilova qilingan maktubida.
Edvard yaqindagina yiliga 200 ming dollar maosh olib, Havayi orolidagi uyda sevgan qizi bilan yashar va Booz Allen Hamilton kompaniyasida ishlardi.
«Bularning barchasini qurbon qilishga tayyorman, chunki AQSh hukumati shaxsiylik, internet erkinligi va butun dunyodagi odamlarni kuzatish orqali ularning asosiy erkinliklarini buzishiga sof vijdonim bilan yo‘l qo‘ya olmayman » — degandi u «Gardian» gazetasiga bergan intervyusida.
«Agar maqsadim pul topish bo‘lganida edi, bu hujjatlarni istalgancha boshqa davlatlarga sotishim va boyib ketishim mumkin edi», deb qo‘shib qo‘ygandi u.
AQShni tark etish
2013 yil may oyida Snouden sevgan qizi bilan xayrlashdi va tutqanoq kasalini davolatish bahonasida MXAdan ta'tilga chiqib Hongkongga uchib ketadi. U o‘sha yerdagi mehmonxonaga joylashadi va jurnalistlar bilan elektron yozishmalarni davom ettiradi. Wikileaks asoschisi Julian Assanjning so‘zlariga ko‘ra, u Snouden Hongkongga yetib olishi uchun Sara Xarrisonni jo‘natgan va bu borada maxsus operatsiya o‘tkazilgan.
Iyun oyida «Vashington Post» va «Gardian» gazetalari PRISM dasturini fosh qiluvchi hujjatlarni chop etdi. Snouden o‘z shaxsini oshkor qilishga qaror qildi va Hongkongga jurnalistlarni taklif qilib, videointervyu berdi.
10 iyun kuni Snouden Hongkongdagi «The Mira» mehmonxonasini tark etdi. U Islandiya yoki so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlovchi boshqa biror mamlakatdan boshpana olishni rejalashtirgandi.
21 iyunda, Edvard 30 yoshga to‘lganini nishonlagan kunda AQShda unga davlat mulkini o‘g‘irlash va davlat sirini oshkor qilish ayblovlari e'lon qilindi. 22 iyun kuni AQSh davlat departamenti Hongkongdan Snoudenni hibsga olish va AQShga qaytarishni talab qilgani ma'lum bo‘ldi. Ammo Hongkong hukumati bu talabga rozi bo‘lmadi.
Rossiyaga tashrif
2013 yil 23 iyun kuni Snouden WikiLeaks vakili Sara Xarrison hamrohligida Moskvadagi «Sheremetevo» aeroportiga uchib keldi. Unda Rossiya vizasi bo‘lmagani uchun aeroport tranzit hududida bir necha soat bo‘lishi mumkin edi.
Ekvador tashqi ishlar vaziri Snouden o‘sha kuni ushbu mamlakatdan boshpana so‘raganini ma'lum qildi. Matbuotning xabar berishicha, Snouden Moskvadan Havana orqali Venesuelaga borishi kerak bo‘lgan, ammo u o‘tirish kerak bo‘lgan o‘rindiq bo‘sh bo‘lgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Snouden «Sheremetevo» aeroportining Rossiya vizasi talab qilinmaydigan tranzit hududida ekanini, u Rossiya chegarasini kesib o‘tmaganini va mamlakat hududida hech qanday jinoyat sodir etmaganini, shu sababli uni qo‘lga olish va AQShga topshirish uchun asos yo‘qligini ma'lum qildi.
Putin 1 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Snouden Rossiyada qolishi mumkinligini, faqat buning uchun bitta sharti borligini bildirdi: u Amerikaga zarar yetkazuvchi ishini to‘xtatishi lozim. Ertasiga Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Snouden bu shartga rozi emasligini ma'lum qildi.
Snouden 20dan ortiq davlatga siyosiy boshpana so‘rab murojaat qildi va faqat uchta davlat - Boliviya, Venesuela va Nikaraguadan ijobiy javob oldi.
U «Sheremetevo» tranzit hududiga «Xalqaro amnistiya», «Transparency International», «Human Rights Watch», «Krido Legal» tashkilotlari, BMTning Rossiyadagi vakilini uchrashuvga taklif qilib, Rossiyadan vaqtincha boshpana so‘rash niyatida ekanligini aytdi.
Snouden 31 oktabrda Moskvada Bundestag deputati Xans-Kristian Shtryobele va Der Spiegel jurnali bosh muharriri Georg Maskolo bilan uchrashdi va ular bilan uch soat davomida Germaniya kansleri Angela Merkelning telefon so‘zlashuvlari AQSh maxsus xizmatlari tomonidan tinglab borilganini muhokama qildi. Ertasiga esa Germaniyadan siyosiy boshpana berilishi evaziga GFR bosh prokuraturasiga Angela Merkelning telefondagi suhbatlari amerikaliklar tomonidan tinglangani haqida ko‘rsatma berishga tayyorligini bildirdi.
Rojdestvo murojaati
2013 yil oxirida Edvard Snouden Britaniyaning «Channel 4» telekanali tomonidan «Muqobil Rojdestvo murojaati» muallifi sifatida tanlab olindi. Bu qirolicha Yelizaveta II Rojdestvo munosabati bilan chiqish qiladigan murojaatning muqobil ko‘rinishi bo‘lib, unda siyosiy arbob bo‘lmagan shaxslar chiqish qiladi.
Shaxsiy hayot muhofazasi va hukumat tomonidan asossiz ravishda ommaviy kuzatuvlarni bas qilish Snouden murojaatining asosiy mavzusi bo‘ldi.
«Cho‘ntaklarimizda qayerda yurganimizni ma'lum qilib turuvchi uzatgichlar bilan yuribmiz. Bugun tug‘ilgan farzandlarimiz biror so‘zni gapirganlarida bu so‘zlarning kimdir tomonidan tinglab va yozib olinmaydigan shaxsiy onlarni hech qachon bilishmaydi. Shaxsiy daxlsizlik darhaqiqat jiddiy muammo – chunki faqat shaxsiylikkina bizga kim ekanligimizni va kim bo‘lmoqchiligimizni o‘zimiz hal qilishimizga imkon beradi».
2014 yil 8 aprelida Edvard Snouden videoaloqa orqali PASe huquq qo‘mitasi yig‘ilishida ishtirok etdi. U chiqishida internet foydalanuvchilarini nafaqat kuzatish, balki ularning harakatlarini tahlil qilish imkonini ham beruvchi «Fingerprints» («Barmoq izlari») dasturi haqida ma'lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Fingerprints» dasturi ma'lum bir saytlarga kirgan foydalanuvchilar haqida ma'lumot to‘playdi va ma'lum bir ko‘rsatkichlar bo‘yicha ularni toifalarga ajratadi. Dastur saytga tasodifan bir marta kirib o‘tgan foydalanuvchilarni ham kuzatadi.
AQShga berilgan zarba
AQSh Snoudenga davlat mulkini o‘g‘irlash, milliy mudofaa to‘g‘risidagi ma'lumotlarni fosh etish va maxfiy ma'lumotlarni begona shaxslarga qasddan taqdim etish bo‘yicha sirtdan ayblov e'lon qildi. Bu ayblovlar bo‘yicha u jami 30 yil muddatgacha qamalishi va hatto o‘lim jazosiga hukm qilinishi ham mumkin.
2013 yil avgustda Snouden fosh etgan ma'lumotlarga tayanib, Germaniya AQSh va Buyuk Britaniya bilan tuzilgan ushbu davlatlar maxsus xizmatlariga Germaniya hududida elektron razvedka bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi shartnomalarni bekor qildi. Bundan tashqari, o‘zaro josuslikni taqiqlash haqida yangi shartnoma tayyorlashga kirishdi. Ispaniya AQShdan o‘z mamlakati hududidagi telefon qo‘ng‘iroqlari va internet xabarlari kuzatilgani borasida izoh talab qildi. Braziliya ham xuddi shunday talab bilan chiqdi.
Moskvadagi hayot
2014 yil 23 aprelda Edvard Snouden Glazgo universitetining talabalar rektori lavozimini egalladi. U boshqaruv kengashida talabalar vakili va ular huquqlarining rasmiy himoyachisi hisoblanadi. Snouden rektorlik lavozimini masofadan turib bajaradi.
35 yoshli Snouden ayni paytda Moskvada yashaydi. Asosan ma'ruzalar o‘qish orqali pul topadi hamda xalqaro korporatsiyalardan birida IT-xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilik qiladi. U shuningdek, kuzatuvlardan himoya qilishga mo‘ljallangan «Haven» dasturini ishlab chiqqan bo‘lib, dastur 2017 yil dekabrda ommaga namoyish etilgan.
Mavzuga oid
19:54 / 22.12.2025
Ukraina razvedkasi Lipetskda ikki qiruvchi yoqib yuborilganini ma’lum qildi
01:39 / 12.05.2025
Britaniya razvedkasiga ilk bor ayol kishi rahbarlik qiladi
15:05 / 31.03.2025
Bayden davrida Ukraina va AQSh o‘rtasida qanday bahslar bo‘lgan? NYT surishtiruvidan asosiy gaplar
22:06 / 20.03.2025