AQSh Donald Tramp Oq uyga qaytishigacha bo‘lgan davrda Ukrainadagi urushga ilgari o‘ylaganlaridan ko‘ra ko‘proq miqyosda tortilgan. New York Times nashri Kiyev va Vashington deyarli uch yil davomida razvedka, strategiya, rejalashtirish va texnologiyalardagi hamkorlikni xufiyona birlashtirgani haqida katta surishtiruvni e’lon qildi – bundan Amerika va ittifoqning faqat tor doiradagi rasmiylari xabardor bo‘lgan.

NYT materialida ta’kidlanishicha, Germaniyaning Visbaden shahridagi Amerika bazasi Ukraina qurolli kuchlariga Rossiya hududidagi rus qo‘shinlarining koordinatalarini taqdim etib kelgan. Ushbu operatsiya Task Force Dragon deb nomlangan bo‘lib, uning vazifasi Rossiyaning jonli kuch va qurol-yarog‘ bo‘yicha ustunligini kompensatsiya qilish edi.

AQSh va Ukraina harbiylari har kuni ustuvor nishonlarni aniqlagan, razvedkachilar sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, radionurlanish va tutib olingan xabarlarni o‘rganish orqali Rossiya pozitsiyalarini topgan, ularning koordinatalari keyinchalik Ukraina qurolli kuchlariga uzatilgan, deyiladi nashrda.

Bayden ma’muriyatining «qizil chiziqlari» doimiy ravishda ortga surildi, deb yozadi NYT. Garchi Vashington keng ko‘lamli bosqinning boshidanoq urushda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etmoqchi emasligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, maqola mualliflari ta’kidlashicha, bir vaqtning o‘zida o‘nga yaqin amerikalik harbiy maslahatchilar Kiyevda bo‘lib turgan.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, keyinchalik guruh o‘ttiz kishigacha kengaygan va harbiy maslahatchilarga jangovar harakatlar joylariga yaqinroq joylashgan Ukraina qo‘mondonlik punktlariga borishga ruxsat berilgan.

2022 yilda AQSh harbiy-dengiz kuchlari shtabi Ukraina qurolli kuchlariga Rossiya harbiy kemalariga dengiz dronlari bilan zarba berish uchun ma’lumotlar berishga ruxsat berdi, deyiladi surishtiruvda.

NYT ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy razvedka boshqarmasi Ukrainaning Qrim bo‘yicha amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlashga imkon bergan.

Mualliflar ta’kidlashicha, 2024 yil yanvar oyida Visbadendagi amerikalik va ukrainalik harbiy ofitserlar Rossiyaning Qrimdagi 100 ga yaqin harbiy inshootlariga hujum qilish uchun koalitsiya tomonidan yetkazib berilgan uzoq masofali raketalar va Ukraina dronlaridan foydalangan holda kampaniya uyushtirishni birgalikda rejalashtirgan.

Qarshi hujum bilan bog‘liq muammolar