O‘zbekiston | 17:28 / 05.02.2021
6483
4 daqiqa o‘qiladi

Senat saylov kunini dekabrdan oktyabrga o‘tkazishga oid qonunni ma'qulladi

Senatorlar Konstitutsiya va Saylov kodeksiga tegishli o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni ma'qulladi. Prezident ushbu qonunni imzolasa, 2021 yilgi prezidentlik saylovlari 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Oliy Majlis Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisida «Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi va senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Ma'lum qilinishicha, saylov qonunchiligiga bir qator o‘zgartirishlar kiritilyapti:

  • milliy ekspertlar tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan takliflari asosida xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilmoqda va ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanmoqda;
  • xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat'i nazar saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi, chet davlatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida ko‘chma qutilarda ovoz berishning huquqiy asoslari yaratilmoqda;
  • qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida, harbiy qismlarda tashkil etilgan saylov uchastkalarini kuzatuvchilar o‘z tashrifi haqida kamida 3 kun oldin xabardor qilish tartibi belgilanmoqda.

Shuningdek, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining tavsiyalari asosida ham bir qator o‘zgartishlar kiritilmoqda:

  • saylov komissiyalarining nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifasi chiqarib tashlanmoqda;
  • saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanish taqiqlanmoqda;
  • saylov natijalarini e'lon qilish muddatlarining asossiz cho‘zilishining oldini olish maqsadida saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirilmoqda;
  • siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti uchun ajratilgan mablag‘lardan foydalanishning shaffofligini ta'minlash maqsadida ular tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan so‘ng yakuniy moliyaviy hisobotlarni, shuningdek, Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini e'lon qilish tartibi joriy etilmoqda.

Shu bilan birga, prezidentlik saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda mahalliy vakillik organlariga saylovlarni ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – dekabr oyida emas oktyabr oyining uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazish taklif qilinmoqda.

29 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovlar sanasini o‘zgartirish va boshqa qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi ushbu qonunni qabul qilgan edi.

Keyinroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi prezidentlik saylovi muddati ko‘chirilishiga izoh bergan, amaldagi qonunchilikka muvofiq, Prezidentlik saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda mahalliy vakillik organlariga saylovlar tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi, bu esa saylovlardan keyingi siyosiy tadbirlarni o‘tkazish, jumladan, Davlat dasturini qabul qilish va boshqa islohotlarning kechiktirilishiga sabab bo‘lishi aytilgan, shu sababli, qonun loyihasiga ko‘ra, saylovlarni oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazish taklif etilayotgani ma'lum qilingandi.

  • Ma'lumot uchun, prezident saylovini O‘zbekiston fuqarolari umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiradi. Ushbu lavozimga 35 yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston fuqarosi saylanishi mumkin. O‘zbekiston prezidenti besh yil muddatga saylanadi.

Mavzuga oid