Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
To‘rtko‘ldagi shifoxonada har kuni tok o‘chadi. Bemorlarga qo‘lda sun'iy nafas beriladi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi shifoxonada elektr ta'minotidagi uzilishlar sabab, sun'iy nafas olish qurilmasi ishlamay qolmoqda. Sun'iy nafas olish qurilmasiga ulangan bemorlarga qarindoshlari qurilmani qo‘li bilan siqib, kislorod berishga majbur bo‘lmoqda. Bu haqda tuman tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasi jonlantirish bo‘limi bosh vrachi Erkaboy Jumaboyev Turon24 muxbiriga so‘zlab berdi.
«Elektr har kuni 3-4 martalab o‘chadi. Kechqurun soat 23:00larda chiroq o‘chdi va ertalab 7:00da yondi. Elektr uzilganda sun'iy nafas olish qurilmasi ishlamay qoladi. Faqat bemorning qon bosimini va yurak urish pulsini ko‘rsatuvchi uskunalar ishlab turadi. Sun'iy nafas olish qurilmasiga ulangan bemorlarga hamshiralarimiz qo‘l yordamida bosim bilan kislorod berishadi. Bu jarayon tungi navbatchilikda juda qiyin kechadi. Chunki kasal ko‘p, navbatchilikka qolgan hamshiraning qo‘li 5-6 soat davomida tolib ketadi. Shu sababli bemorlarning yaqinlari yordam beradi. Shifoxonamizda «dvijok» bor, lekin uning quvvati faqat jarrohlik xonasiga yetadi. Aslida elektr uzilish oldidan tuman elektr ta'minoti bo‘limi shifoxonamizga ogohlantirish berishi kerak. Ammo ogohlantirishlarsiz uzib qo‘ygan vaqtlari ham bo‘ldi. Bu kabi holatda jarrohlik xonasida noqulay vaziyat vujudga keladi», deydi Erkaboy Jumaboyev.

«Otam 14 kun davomida komada bo‘ldi. Sun'iy nafas olish qurilmasiga ulangan edi. Elektr uzilgan paytlar uskuna ishlamay qolar ekan. Biz o‘zimiz qo‘limiz bilan apparatni ishlatib, kislorod yuborib turdik. Bu shifoxonada sharoit juda og‘ir. Buning ustiga, shifokorlari ham o‘ta mas'uliyatsiz», deya Rashid Niyozimbetovning so‘zlarini keltirgan agentlik.
«To‘rtko‘l tumani elektr ta'minoti boshqarmasi tomonidan berilgan ma'lumotga ko‘ra, iste'molchilar uchta toifaga bo‘linadi. Shifoxonalar birinchi toifaga kiradi. Ya'ni, ularning markaziy poststansiyamizdan tortilgan o‘z elektr tarmoqlari bo‘lishi kerak. Bu tarmoq ishdan chiqqan holatda, qo‘shimcha rezerv tarmoqdan foydalanishi mumkin. Qo‘shimcha tarmoq ham uzilgan taqdirda mustaqil iste'moli bo‘lishi shart. Ya'ni, «dvijok» va shunga o‘xshagan qo‘shimcha qurilmalari bo‘lish kerak. Tumanimizdagi markaziy shifoxonaning elektr tarmog‘i yo‘q. Shu sababli birinchi toifada emas, uchinchi toifadagi iste'molchilar tarkibida. Shifoxona «Yangi yo‘l» havo tarmog‘ida ikki mingga yaqin uchinchi toifadagi iste'molchilar bilan elektr tokidan foydalanmoqda. Yuqori elektr quvvatidan foydalanmaydigan xizmat ko‘rsatish markazlari va hududiy aholi uchinchi toifadagi iste'molchilarimiz hisoblanadi. Qish kunlari bu liniyada turli favqulodda vaziyatlar kuzatilib turadi. Noyabr oyida yong‘ingarchilik va turli ta'mirlash ishlari sabab uzilishlar ko‘p bo‘ldi. Agar shifoxona o‘z liniyasiga ega bo‘lsa, bu kabi muammolar vujudga kelmaydi», degan To‘rtko‘l tumani elektr ta'minoti boshqarmasi boshlig‘i Faxriddin Olloniyazov.
Tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Po‘lat Xudoybergenov elektr generator bilan ta'minlash uchun tuman hokimligiga yozma murojaat qilinganini aytdi. Agar generator berilmasa, og‘ir vaziyatlar bo‘lishi mumkin.
To‘rtko‘l tumani hokimi o‘rinbosari Xayrulla Matnazarov shifoxonadagi elektr uzilishlardan xabari borligini, yaqinda shifoxona uchun alohida generator olinishini ma'lum qilgan, lekin aynan qachon olinishini aytmagan.

Ma'lumot uchun, To‘rtko‘l tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli To‘rtko‘l shahri markaziy shifoxonasi 410 o‘ringa mo‘ljallangan. Jonlantirish bo‘limi esa 6 o‘rindan iborat, unda o‘rtacha 8-10 bemor davolanadi.
Mavzuga oid
12:01 / 26.03.2026
1 apreldan shifoxonalar 5 kunlik ish tartibiga o‘tkaziladi
12:00 / 23.03.2026
Sudanda shifoxonaga hujum: o‘nlab qurbonlar
10:39 / 17.03.2026
Tibbiy va shifoxona xizmatlari bozorida o‘sish kuzatildi
18:02 / 12.03.2026