Jahon | 14:09 / 31.07.2025
3527
10 daqiqa o‘qiladi

Qurolsizlanishni rad qilgan Hizbulloh, Yevropada chiqish qilgan Matviyenko va AQShning bojlaridan qo‘rqmayotgan Xitoy – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kanada Falastinni tan oladi

30 iyul kuni Kanada bosh vaziri Mark Karni mamlakat Birlashgan Millatlar Tashkilotining sentabr oyidagi yig‘ilishida Falastin davlatini tan olish rejasini ma’lum qildi.

Kanada bu bilan Fransiya va Britaniyadan keyin Falastinni tan olishi kutilayotgan G7 ning uchinchi davlati bo‘ladi. «Kanada Isroil hukumati G‘azoda falokat yuz berishiga yo‘l qo‘ygani faktini qoralaydi», dedi Karni.

Karni tan olish qarori – qisman Falastin davlatini BMTda ifodalaydigan Falastin ma’muriyatining boshqaruvni isloh qilayotgani, 2026 yilda umumiy saylovlar o‘tkazishga tayyorligi haqidagi kafolatlarga asoslanganini aytdi. Unga ko‘ra, bu saylovlarda HAMAS «ishtirok etmasligi kerak».

Isroil va uning eng yaqin ittifoqchisi hisoblangan AQSh Karnining bayonotlariga raddiya berdi.

«Kanada hukumatining hozirgi pozitsiyasini o‘zgartirishi HAMASni mukofotlash va G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish hamda garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarga zarar yetkazadi», deyiladi Isroil tashqi ishlar vazirligi bayonotida. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Fransiya va Britaniyaning bayonotlaridan so‘ng shunga o‘xshash fikr bildirgandi.

Reutersʼning Oq uy ismi oshkor etilmagan rasmiysiga ko‘ra, prezident Donald Tramp ham Falastin davlatini tan olishni «HAMASni mukofotlash» deb hisoblashini aytgan.

AQSh Milliy razvedkasining Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Jonatan Panikoff Falastinni tan olish «Isroilni ikki davlatli yechimga qaytishga majbur qilish uchun bosimni oshirishga qaratilgan» dedi. Biroq u Kanada qarori «ramziy bo‘lishdan boshqa narsa emas va Isroil bilan uzoq yillik ittifoqchilik munosabatlarini zaiflashtirish xavfini tug‘diradi», deya qo‘shimcha qildi.

Falastin davlati 2012 yildan beri BMT Bosh Assambleyasining a’zo bo‘lmagan kuzatuvchi davlati hisoblanadi va uni tashkilotning 193 a’zosidan uchdan ikki qismi tan olgan.

Isroilning eng yaqin ittifoqchilari bo‘lgan ayrim davlatlarning ushbu qarorlari G‘azoga oziq-ovqat va boshqa yordamni cheklash va u yerdagi keskin humanitar inqirozga nisbatan xalqaro g‘azab kuchayayotganini aks ettiradi. Global ocharchilik monitoringi G‘azoda eng og‘ir – ocharchilik ssenariysi yuz berayotganini ogohlantirdi.

Rus amaldori Yevropada urushni oqlab chiqish qildi

Rossiya Federatsiya Kengashi spikeri Valentina Matviyenko boshchiligidagi delegatsiya Shveytsariyaga tashrif buyurib, Butunjahon parlamentlari spikerlari konferensiyasida qatnashdi. Bu Ukrainadagi urush boshlanganidan beri Rossiyadan Yevropaga bunday yuqori martabali delegatsiyaning ilk tashrifi bo‘ldi.

Lekin, qiziq tomoni Matviyenko 2014 yil bahoridan beri, Qrim anneksiyasi munosabati bilan sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Sanksiyalar xalqaro parlament tadbirlarida ishtirok etishni istisno qiladi, shu bilan birga Yevropaga kirishi uchun maxsus ruxsatnoma talab qiladi.

Shveytsariya Tashqi ishlar departamenti Matviyenkoga nima uchun mamlakatga kirishga ruxsat berilganiga izoh berarkan, hukumat xalqaro tashkilotlar tadbirlarida ishtirok etish uchun rasmiy delegatlar kirishiga ko‘maklashishi kerakligini eslatdi. Rossiya delegatsiyasi samolyotiga Italiya o‘z osmonidan o‘tishga ruxsat berdi – Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari tomonidan ruxsat bo‘lmagani tufayli samolyot Moskvadan Turkiya va O‘rta Yer dengizi orqali Jyenevaga uchgan.

Konferensiyadagi nutqida Matviyenko Rossiya propagandasining urush haqidagi tezislarini aytib o‘tdi. U Ukrainani «Donbassning tinch hududlarini o‘qqa tutish»da va keng ko‘lamli bosqin boshlanishidan oldin tinch aholini o‘ldirishda aybladi, Rossiya bosqinini esa «majburiy chora» deb atadi. Matviyenko G‘arb davlatlarini «Rossiyaga qarshi ritorika» va axborot urushi olib borishda aybladi, sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi – Matviyenkoning Jyenevaga kirishini «sharmandalik» deb baholadi va uning o‘rni «xalqaro konferensiyalarda emas, balki sudlanuvchilar kursisida» ekanini aytdi.

Kamchatkadagi zilziladan so‘ng yirik vulqon otildi

Klyuchevskaya Sopka vulqonining otilishi Rossiyaning Kamchatka o‘lkasida 8,8 magnitudali kuchli zilziladan keyin yuz berdi. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasining «Yagona geofizika xizmati»ning Kamchatka filiali xabar berdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, vulqonning g‘arbiy yonbag‘rida qizigan lava oqimi kuzatilmoqda. «Vulqon ustida kuchli yoritilish, portlashlar bor», — deyiladi xabarda.

Klyuchevskoy — Kamchatka yarimorolining sharqida joylashgan Yevrosiyodagi eng baland va faol vulqon hisoblanadi. Uning yoshi taxminan 7000 yil. Balandligi dengiz sathidan 4600 metrdan ortadi.

Bir kun oldin Rossiyaning Uzoq Sharqidagi Kamchatka yarimorolida yuz bergan 8,8 magnitudali kuchli zilzila — yer yuzida qayd etilgan eng kuchli oltita zilzila qatoriga kirdi. Uning 20 km chuqurlikda sodir bo‘lgani natijasida insoniy talafotlar sodir bo‘lmadi. Lekin Tinch okeani qirg‘og‘idagi o‘nlab davlatlarda yirik sunami xavfini keltirib chiqarmoqda.

Xitoy Rossiya neftini sotib olishdan voz kechmadi

Xitoy AQSh tomonidan keng ko‘lamli bojlar joriy etish tahdidi e’lon qilinishiga qaramay, Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishdan bosh tortdi. Bu haqda AQSh moliya vaziri Skott Bessent Stokholmda Xitoy bilan o‘tkazilgan ikki kunlik savdo muzokaralari yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.

Xitoy rasmiylari Amerika tomoniga «o‘z energetika suverenitetini himoya qilishini» va neft sotib olish mamlakat ichki siyosatiga asoslanishini aytgan.

Bessent xitoylik hamkasblarini sanksiyalangan Rossiya neftini sotib olishni davom ettirish katta bojlar joriy etilishiga olib kelishidan ogohlantirgan. Shuningdek u Xitoyning sanksiya ostidagi Eron neftini sotib olish va Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlash uchun 15 milliard dollardan ortiq ikki maqsadli tovarlarni sotish davom etayotganidan noroziligini bildirgan.

AQSh Kongressi tomonidan qabul qilingan qonun Trampga Rossiya neftini sotib oluvchi mamlakatlar uchun 500 foizgacha boj joriy etish vakolatini beradi, bu esa, Bessent so‘zlariga ko‘ra, AQSh ittifoqchilarini Rossiyaning energiya daromadlarini to‘sib qo‘yish uchun xuddi shunday choralar ko‘rishga majbur qiladi.

Reuters nashriga ko‘ra, Xitoy Rossiya neftining eng yirik xaridori bo‘lib qolmoqda - kuniga taxminan 2 mln barrel, undan keyin Hindiston va Turkiya.

Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Tramp Hindiston tovarlariga 25 foizlik bojlar, Moskva bilan savdo aloqalari tufayli qo‘shimcha jarimalar joriy etilishini e’lon qildi. Tramp Hindistonni Rossiyadan harbiy texnika va energiya resurslarini sotib olgani uchun tanqid qilib, buni Ukrainadagi urushni to‘xtatish uchun to‘siq deb atagan.

Hizbulloh rahbari qurolsizlanishni rad etdi

Liviya Hizbulloh yetakchisi Shayx Naim Qosim Eron bilan ittifoqdosh bo‘lgan bu guruhni qurolsizlantirishga chaqiriqlar faqat Isroil manfaatiga xizmat qilishini aytdi. AQSh esa guruhning qurol-yarog‘larini olib tashlash yo‘lida bosimni kuchaytirmoqda.

«Qurolni topshirishga chaqirayotganlar amalda uni Isroilga topshirishni talab qilmoqda... Biz Isroilga bo‘ysunmaymiz», — dedi Qosim telemurojaatida.

Hizbulloh o‘tgan yili Isroil bilan bo‘lgan urushda og‘ir talafot ko‘rdi: guruh rahbariyatining katta qismi yo‘q qilindi, minglab jangchilari halok bo‘ldi va o‘n minglab tarafdorlari uylari vayron bo‘lgani sababli boshpanasiz qoldi.

Reutersʼga ma’lum bo‘lgan besh manbaga ko‘ra, AQSh hozirda Livandan Hizbullohni qurolsizlantirish bo‘yicha rasmiy hukumat qarorini qabul qilishni talab qilmoqda. Shundan keyingina Isroilning mamlakatdagi harbiy amaliyotlarini to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar qayta boshlanishi mumkin bo‘ladi.

Hizbulloh ochiqchasiga butunlay qurolsizlanishni rad etmoqda, ammo xususiy tarzda o‘z arsenalini qisqartirish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda.

Guruh yetakchisi AQShning Hizbullohning raketa va dronlarini olib tashlashni talab qilayotganini, chunki bu qurollar Isroilni «qo‘rqitayotganini» aytdi. Qosim AQShning maxsus vakili Tomas Barrakni «Livanning o‘z xavfsizligi uchun emas, balki Isroil manfaatlari yo‘lida» qurolsizlantirishga chaqirmoqda, deb aybladi.

Iyul oyi boshida Barrak Beyrutda Livan rasmiylari bilan uchrashib, qurolsizlantirish taklifini muhokama qilgan edi. Rejaga ko‘ra, Hizbulloh to‘liq qurolsizlantirilishi evaziga Isroil qo‘shinlari Janubiy Livandagi bir nechta postlardan chiqib ketadi va Isroilning havo hujumlari to‘xtatiladi. Bu jarayon to‘rt oy ichida yakunlanishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid