Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Shartlarni endi Moskva emas, Pekin qo‘yadi”-siyosatshunos
Ukraina urushi Rossiya–Xitoy munosabatlarini tubdan qayta shakllantirdi. Tahlilchilarga ko‘ra Pekin-Moskva o‘rtasidagi “aka va uka” roli o‘zgargan. Ukraina urushi “ajdar va ayiq” o‘rtasidagi muvozanatini tubdan o‘zgartirdi va teng sheriklik haqidagi tasavvurlarni qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi. Xo‘sh hamkorlik strategik ittifoqqa aylanadimi yoki vaqtinchalik, manfaatlarga asoslanib qoladimi?
Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Ukraina urushi fonida Rossiya-Xitoy munosabatlarini tahlil qildi.
Rossiya-Xitoy sherikligi qanchalik o‘zi mustahkam, Ukrainadagi urushdan keyin ham munosabatlar shu darajada saqlanib qoladimi?
Kamoliddin Rabbimov: Savolga javob berishdan avval qisqacha tarixiy kontekstga to‘xtalish muhim. 1998–1999-yillarda, Yevgeniy Primakov Rossiya bosh vaziri bo‘lgan davrda, AQSh va NATO kuchlari sobiq Yugoslaviyani bombardimon qilgan edi. O‘sha paytda Primakov AQShga, Bill Klinton bilan muzokaralar o‘tkazish uchun uchib ketayotgan bo‘lsa-da, bombardimon boshlanganidan so‘ng samolyotini yarim yo‘ldan ortga burib, Moskvaga qaytgan. Shundan keyin u Xitoy va Hindistonga murojaat qilib, AQShga qarshi keng ko‘lamli ittifoq tuzishni taklif qilgan. Biroq o‘sha vaqtda Xitoy bunday tashabbusni rad etgan. Pekin rasmiylari neytral tashqi siyosat yuritayotganini va AQSh bilan ochiq qarama-qarshilikka kirish niyatida emasligini aniq bildirgan edi. Ya’ni, o‘sha davrda Xitoy Rossiya taklif qilgan konfrontatsion yo‘ldan ongli ravishda chetga chiqqan. Shundan beri vaziyat tubdan o‘zgardi. Bugun Rossiya va Xitoyni birlashtirib turgan asosiy omil — bu kollektiv G‘arb, avvalo AQShning global ustunligiga qarshi umumiy pozitsiya. Moskva va Pekinda birdek tushuncha mavjud: AQShning mutlaq ustunligi zaiflashmayapti, biroq dunyo miqyosidagi nisbiy ulushi qisqarib bormoqda, chunki boshqa markazlar tez sur’atlarda rivojlanmoqda. Buni raqamlar ham tasdiqlaydi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, 1945-yilda AQSh dunyo yalpi ichki mahsulotining qariyb 45 foizini tashkil etgan. Bugungi kunda bu ko‘rsatkich taxminan 15 foizga tushgan. Xitoy esa global YaIMning qariyb 18 foizini egallab turibdi. Jahon miqyosida 3 foizlik farq ham juda katta strategik ahamiyatga ega. Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi yaqinlashuvni strategik ittifoq deb emas, balki vaqtinchalik va manfaatlarga asoslangan taktik hamkorlik sifatida baholash to‘g‘riroq bo‘ladi. Ularning umumiy maqsadi — G‘arbning ichki jipsligini zaiflashtirish va AQSh yetakchiligidagi global tartibni bosqichma-bosqich muvozanatlashtirish. Bu aniq reja emas, balki uzoq muddatli konseptual yo‘nalishdir. Donald Trampning hokimiyatga kelishi bu jarayonni tezlashtirdi. NATO ichida psixologik va siyosiy ishonch susaydi. Bugun G‘arb ekspertlari ham savol qo‘ymoqda: agar Rossiya Boltiqbo‘yi davlatlariga hujum qilsa, Tramp NATOning beshinchi moddasini ishga soladimi yoki yo‘qmi? Trampning “Yevropa o‘z xavfsizligini o‘zi ta’minlashi kerak” degan pozitsiyasi alyans ichidagi noaniqlikni kuchaytirdi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Pekin va Moskva bugun qulay fursatni kutmoqda. AQSh ichki va tashqi jihatdan chalg‘igan bir paytda, ular G‘arbning ta’sir doirasini asta-sekin qisqartirishga urinmoqda. Shu sababli, Trampning “Rossiya Xitoy bilan bo‘ladigan ehtimoliy mojaroda neytral qolishi kerak” degan hisob-kitobi real emas. Vladimir Putin bu ssenariyga rozi bo‘lmaydi. Rossiya ochiqcha neytral qolmasligi mumkin, ammo vaziyatdan foydalanib, Xitoyga bilvosita yordam berishi yoki G‘arbga zarar yetkazishda davom etishi ehtimoli yuqori.
Hikmatilla Kazakbayev: Urushdan keyin Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar endi teng sheriklik asosida kechmaydi. Ukraina urushigacha ikki davlat munosabatlari nisbatan muvozanatli edi, biroq kelajakda bu munosabatlar Xitoyning ustunligi asosida shakllanadi. Endilikda shartlarni Pekin belgilaydi, Rossiya esa bu jarayonda tashabbus ko‘rsata olmaydi. Buning asosiy sababi — Rossiyaning Xitoyga chuqur iqtisodiy qaram bo‘lib qolganidir. 2025-yilgi ko‘rsatkichlarga ko‘ra, Rossiyaning umumiy import-eksport aylanmasida Xitoyning ulushi qariyb 35 foizni tashkil etadi. Bundan tashqari, Rossiya sotib olayotgan yuqori texnologiyali mahsulotlarning 70–80 foizi aynan Xitoydan kelmoqda. So‘nggi uch-to‘rt yil ichida Rossiya iqtisodiyoti deyarli to‘liq Xitoy bozoriga bog‘lanib qoldi. Energetika sohasida ham xuddi shunday holat kuzatiladi. Bugungi kunda Rossiya eksport qilayotgan neftning taxminan 45 foizi Xitoy tomonidan sotib olinadi. Bunda yana bir muhim jihat bor: Xitoy Rossiya neftini jahon bozoridagi narxlardan 15–20 dollar arzonroq narxda olmoqda. Masalan, Brent nefti 60–65 dollar atrofida baholanayotgan bir paytda, Rossiya Xitoyga neftni o‘rtacha 45 dollar narxda sotishga majbur. Ayni vaqtda neft narxi yanada arzonlayapti. Bu holat ham shartlarni endi Xitoy belgilayotganini yaqqol ko‘rsatadi. Ilgari Rossiya va Xitoy ko‘plab masalalarda tenglik tamoyiliga amal qilgan. Masalan, 2015–2016-yillarda ShHT doirasida Xitoy Pokistonni tashkilotga qo‘shishni taklif qilganida, Rossiya bunga javoban Hindistonni a’zo qilish masalasini ilgari surgan va tomonlar murosaga kelgan. O‘sha davrda ko‘plab qarorlar aynan kompromiss asosida qabul qilinar edi. Bugun esa bunday muvozanat deyarli yo‘q. Ukraina urushi Rossiyaning xalqaro mavqeini keskin pasaytirdi. Avvallari Rossiya global miqyosda ikkinchi yirik kuch sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, hozir bu o‘rinni Xitoy egalladi. Rossiya esa de-fakto uchinchi darajali kuchga aylanib qoldi. Shu bois kelgusida Rossiya–Xitoy munosabatlarida tashabbus ham, shartlar ham asosan Pekin tomonidan belgilanadi. Bu holat ma’lum ma’noda AQSh uchun ham foydali. Chunki uzoq muddatda Vashington Rossiyani Xitoy va AQSh o‘rtasidagi strategik raqobatda nisbatan neytral holatga keltirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Rossiyaning urushdan keyin o‘zini qayta tiklashi uchun kamida 10–15 yil kerak bo‘ladi. Shu davr mobaynida Moskva birinchi navbatda Yevropa va AQSh bilan munosabatlarni yaxshilashga intiladi. Putinning urushni tezroq yakunlashga doir so‘nggi bayonotlari ham aynan shu kayfiyatni aks ettiradi. AQSh milliy xavfsizlik strategiyasida ham asosiy raqib sifatida Xitoy ko‘rsatilmoqda. Rossiya bu hujjatlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri “asosiy dushman” sifatida tilga olinmaydi. Bu esa global raqobat markazi tobora ko‘proq AQSh–Xitoy qarama-qarshiligiga siljiyotganini anglatadi va Rossiya bu jarayonda ikkinchi planga tushib qolmoqda. Agar Szinpin va Vladimir Putin uzoq muddat hokimiyatda qolsa, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar saqlanib qoladi. Biroq bu munosabatlarda yetakchilik endi aniq ravishda Xitoy qo‘lida bo‘ladi. Avval Rossiya veto qilib kelgan ShHT doirasidagi Xitoyning iqtisodiy tashabbuslari — masalan, rivojlanish banki yoki maxsus fondlar yaratish kabi loyihalar — endilikda Moskvaning qarshiligisiz amalga oshishi mumkin. Chunki urush Rossiya imkoniyatlarini keskin cheklab qo‘ydi va Xitoyning bu jarayondagi rolini hal qiluvchi darajaga olib chiqdi.
Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi
Mavzuga oid
09:04
Rossiya benzin eksportini iyul oxirigacha to‘xtatdi
18:59 / 02.04.2026
Qirg‘izistonda Rossiya qiruvchi samolyotlarining mashg‘ulotlari to‘xtatildi
09:57 / 02.04.2026
Ayrim o‘zbekistonliklar Vladivostok aeroporti orqali Rossiyaga kiritilmadi
08:52 / 02.04.2026