Jahon | 11:52 / 19.06.2020
36831
15 daqiqa o‘qiladi

«Xalq sabr qilishdan charchadi». Lukashenkoning raqibi mojaroli intervyu berdi va ko‘p o‘tmay qo‘lga olindi

Avgust oyida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Mamlakatda 26 yil ichida ilk marta prezidentlik saylovlarida intriga paydo bo‘lgani haqida gapirishmoqda. Belarusda minglab odamlar mustaqil nomzodlarni qo‘llab imzo to‘playapti.

Natalya Fedosenko / TASS / Scanpix / LETA

O‘z navbatida Lukashenkoning raqiblariga har xil tahdidlar bo‘lib ularning korxonalari tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. «Meduza» saylovlarda Aleksandr Lukashenkoning asosiy raqibi sifatida qaralayotgan Viktor Babariko bilan suhbat uyushtirdi. Ma'lum bo‘lishicha, Babariko 20 yil boshqargan «Belgazprombank»da tekshiruvlar boshlangan. Lukashenko saylovdagi raqibini rasman firibgarlikda ayblab chiqdi.

(Intervyu e'lon qilinganidan bir necha soat o‘tib Viktor Babariko qo‘lga olingan. Uning uyida ham tintuv boshlangan)

– Kuch tuzilmalari siz boshqargan «Belgazprombank»ga borishdi, keyinchalik bankda rahbar o‘zgardi. Sizga yaqin odamlar qo‘lga olindi. Bank atrofida nimalar bo‘lyapti?

– Men bir oydan buyon bank xodimi emasman, shu sabab bu borada hech kim menga aloqaga chiqqani yo‘q. Menimcha, bularning barchasi menga qaratilgan siyosiy buyurtma ekanini hamma yaxshi tushunib turibdi. To‘g‘risi, hozir bank atrofida nima bo‘layotganini bilmayman.

– Ya'ni, bank xodimlariga qilingan tazyiqni avvalo prezidentlikka nomzod bo‘lganingiz uchun qilinyapti deb o‘ylaysizmi?

– Men tomonimdan qarasangiz, mantiqan shunday. Bizning faoliyatimiz atrofida g‘alati harakatlar zanjiri paydo bo‘lgan. Qarang, biz haqqoniy saylovlarni qo‘llashimizni aytyapmiz, deklaratsiya qabul qilyapmiz, qolgan nomzodlarni ham buni qo‘llashga chorlayapmiz va bir necha kun o‘tib biz chet eldan yordam olayotganimiz haqida keskin chiqishlar, odamlarimizga tahdid qilishlariga guvoh bo‘lyapmiz.

Keyin biz bu tahdidlarga munosabat bildiryapmiz va kimdir tahdidga uchrayotgan bo‘lsa, uni himoya qilishimizni aytyapmiz. Bu vaqtda «Privat Lizing» korxonasi haqida (Bu korxona Babariko boshqargan bankning mijozi bo‘lgan va Lukashenko saylovdagi raqibi aynan mana shu korxona orqali firibgarliklarda qatnashganini aytgandi – tahr.) ma'lumot chiqyapti. Emishki, bu korxona 2016 yildan buyon firibgarlik ishlarida aralashgan va shuncha vaqt «kuzatuvda bo‘lgan». Axir qanaqasiga bir korxona 4 yil davomida firibgarlik qilganiga qarab turish va chora ko‘rmaslik mumkin?

Keyin yana izohlashdiki, xorijiy bankdan kelishi kerak bo‘lgan qandaydir hujjatni kutishgan va u dekabrda kelgan. Xo‘p, o‘sha qurg‘ur qog‘oz dekabrda keldi deylik. Yanvarda milliy bank tekshiruv o‘tkazdi, o‘shanda men boshqaruv rahbari edim. Tabiiyki qandaydir kamchilik topishgan. Ammo 5 oy o‘tib men prezidentlikka nomzodimni ilgari surdim va ko‘p ovoz oladigandek bo‘lganimdan keyin o‘sha bir parcha qog‘oz hammaga kerak bo‘lib qoldi. Menimcha, bularning hammasida bog‘liqlik bor.

Mening eng yaqin do‘stlarimga nisbatan ham bosim qilishmoqda. Bank xodimlaridan tashqari shunchaki menga yaqin bo‘lgan odamlarni ham ushlab ketishgan. 72 soat o‘tgach ham ularga hech qanday ayblov qo‘ymay 10 kunlab ushlab turishmoqda. Kechirasiz-u, bunday bosimni ko‘tarish uchun odamdan ko‘p narsa talab qilinadi.

– OAVda bank xodimlari sizga qarshi ko‘rsatma berayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

– Bunday gaplar besh kundan buyon chiqib yotibdi. Buncha uzoq vaqt davomida nimani gapirish mumkin ekan, hayronman. Odamlarning qiynalayotgani menga ruhiy bosim yuklamoqda. Bizning bank mamlakatda uzoq yillar eng yaxshi tijoriy bank bo‘lib kelgan. Buni ko‘plab reytinglar ko‘rsatgan. Albatta, bo‘layotgan ishlarni qabul qilish oson emas...

– Bo‘layotgan voqealarni saylov bilan bog‘layapsiz. Ayting-chi, reytingingiz yuqori ekanini qachon bildingiz?

– Belarusda ijtimoiy so‘rov o‘tkazish imkoni yo‘q. Ularni faqat bitta rasmiy tashkilot o‘tkazadi. Hozir internet orqali ovoz berishni ham taqiqlab qo‘yishdi. Ammo muqobil nomzodlarni qo‘llab-quvvatlayotganlar ko‘payib borayotganini ko‘ryapmiz. Masalan, biz 300 ming imzo to‘pladik. Vaholanki, nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun 100 ming imzo ham yetarli edi. Biz raqamlarni yashirmay e'lon qilyapmiz va bu hukumatga yoqmayapti.

– OAVda imzo to‘plash jarayonidagi navbatlar tasvirlangan suratlar tarqaldi...

– Ha, shundan ham ko‘rishingiz mumkin. Odamlar amaldagi hukumat uchun imzo qo‘yishmayapti. Bu holat esa hukumatga yoqmayapti.

– Belarus hukumati uchun bunday kayfiyat kutilmagan va qo‘rqinchli deyish mumkinmi?

– Ha. Menimcha, hukumat bu narsani tushunmayapti. Tasavvur qiling, prezident o‘z odamlarini «narodets» (kichik millat ma'nosini beradigan kamsituvchi so‘z) deb atashi mumkinmi? Bu uning (ya'ni Lukashenkoning) odatiy so‘zi. U butun boshli Yevropadagi mamlakat poytaxtini (Minskni) «qanday toza shaharcha» deb atashi mumkin. Odamlar davlatga tegishli buyumdek hisoblanadigan bu qadar ishonchdan hayratga tushish mumkin. Balki shu ishonch «Virus yo‘q narsa, axir men uni ko‘rmayapman-ku», deb gapirishga imkon bergandir. Oqibatda odamlar stadionlarga, paradga borishdi.

Belaruslar xotirjam xalq, ammo ular bunaqa hurmatsizlikdan charchashdi. Hukumat tushunishi kerak, gap muqobil nomzodlarda emas, shunchaki xalq sabr qilishdan charchadi. Babrikoni yoki boshqa odamni olib tashlash asosiy masala emas. Gap shundaki, Belarus ortiq avvalgidek bo‘lmaydi. Bu yangi Belarus. Ammo hukumatda «Men bunga yo‘l qo‘ymayman, hech kimga bermayman», deguvchilar rahbar. Nima, biz krepostnoylar-u, mamlakat xususiy korxonami?

Mening kampaniyam «Men – menejyer» degan shior bilan olg‘a bormoqda. Men korxona rahbari bo‘lish uchun konkursda qatnashgani o‘z nomzodimni ko‘rsatdim. Korxonaning aksioneri – xalq. Xalqqa bu manzur bo‘lmoqda, odamlar qaysidir shaxsiy kompaniyaning quli emas, mamlakatning egasi ekanliklarini tushunib yetishmoqda.

– Saylovda nomzodingizni ilgari surish fikri qachon paydo bo‘ldi?

– Menga ikki narsa turtki bo‘ldi. Belarus hukumatida tinmay iqtisodiy mo‘jiza yaratganliklari haqida gapirishdi, ammo bu mo‘jiza gazga belgilangan qulay narx, neftni qayta ishlash imkoniyati va bizga berilgan kreditlar evaziga paydo bo‘lganini aytishmadi. O‘tgan yil oxirida ularning oldiga kelishdi-da (Rossiyadan) «Xo‘sh, yana pul xohlasangiz, 31-yo‘l xaritasiga (go‘yoki Rossiya va Belarusning munosabatlarini yaqinlashtiradigan kelishuv. Unda ikki mamlakat o‘zaro yagona valutaga ega bo‘lishi kabi birlashishlar mavjud. Belarusda buni suverenitetga daxl qilish deb baholashgan) imzo cheking», deyishdi. Bu xaritani hech kim ko‘rmagan, ammo hamma bu suverenitetga daxl qilishini tushunib turibdi.

Yana bir narsani hisobga olishmayapti, mamlakatda sobiq ittifoq nima ekanini bilmaydigan va o‘z davlatida yashashni istaydigan avlod paydo bo‘ldi. Ammo bizga «Kechirasiz, bunaqasi o‘xshamadi», deyishyapti. Aynan hukumatning siyosati shunday holatga olib keldi.

Keyin esa koronavirus paydo bo‘ldi. Hukumat bu vaqtda nafaqat o‘z xalqi ustidan genotsid uyushtirdi, balki aql bovar qilmas beparvolik ko‘rsatdi. Ana shunday vaqtda hech kim kutmagan voqea sodir bo‘ldi – fuqarolik jamiyati uyg‘ondi. Belaruslar birlashdi, o‘zlarini, o‘z shifokorlarini himoya qilish kerakligini anglashdi. Ular hukumatga emas, faqat o‘zlariga suyanishlari mumkinligini tushunib yetishdi.

O‘z navbatida men ham hukumat o‘z fuqarolarini oyoqosti qilmaydigan, aksincha himoya qiladigan davlatda yashashni xohlayotganimni sezdim. Nabiralarim ham shunday davlatda yashashini istadim.

– Siz yetarli imzo to‘plaganingiz haqida gapirdingiz. Ayting-chi, ro‘yxatga olish vaqtida ular soxta deb topilmasligiga qanchalik ishonasiz? Masalan, Rossiyada mana shunday holat kuzatilgandi.

– Biz jarayonni juda yaxshi bilamiz. Imzolar bo‘yicha maxsus guruh ishlamoqda va ularni bitta tizimda birlashtiramiz. Shunda imzolarni soxtalashtirishning imkoni bo‘lmaydi. Barcha sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlarni inobatga olganmiz. Hali mustaqil Belarus davlati tarixida hech qachon 100 mingdan ortiq imzo to‘plagan nomzod saylovga ro‘yxatdan o‘tmay qolmagan. Hech qachon! Agar bu gal shunday bo‘lsa, hukumat qo‘rqib ketib mag‘lubiyatini oldindan tan olgan bo‘ladi.

– Tashviqot bilan bog‘liq muammo bo‘lishini kutyapsizmi?

– Imzo to‘plash vaqtida nomzodning faqat biografiyasi keltiriladi. Chinakam tashviqot esa nomzod sifatida ro‘yxatga olishganidan keyin boshlanadi. Davlat telekanallarida tashviqot borasida muammoga uchrashimizni taxmin qilyapmiz, ammo ma'lumot yetkazish uchun boshqa vositalar ham ko‘p. Belarusda internetning roli juda katta. Ijtimoiy tarmoqlar, internet resurslar orqali yaxshigina targ‘ibot ishlarini olib borish mumkin.

– Sizning tarafdorlaringiz orasida rahbarlar yoki budjetdan maosh oladiganlar bormi?

– Bilasizmi, qonunsizlik, yolg‘on barchaning sabr kosasini to‘ldirgan. Bizda lavozimi yoshi va jinsidan qat'i nazar hamma oyoqosti qilinishi mumkin. Masalan, generalni qanday hurmatsiz qilish mumkin? Bu past ketish. Prezident esa uning oldida hamma bir xil ekanini aytadi: rahbar ham, general ham, budjetdan maosh oladigan ham...

Virus yuqtirib olgan shifokorlar yetarlicha himoya vositalari bilan ta'minlanmaganiga qaramay, hammasiga o‘zlari aybdorliklarini eshitib qizarishga majbur qilindi. Kechirasiz, pichoq borib suyakka qadaldi. Bu qadar kamsitilishdan hamma charchadi. Shu bois biz elektoratimizni toifalarga ajratmaymiz.

– Odamlar saylovlarda qatnashishga qanchalik tayyor?

– «Halol odamlar» degan loyiha doirasida odamlar saylovga jalb qilinmoqda. Umid qilamiz, bu foyda beradi. Chunki obro‘li odamlar, masalan, maktab direktorlarining gapini ko‘pchilik hurmat qiladi.

Yana bir jihatga e'tibor berish kerak. Aleksandr Grigorevichda doim 80 foiz bo‘lmasa-da, kamida 50 foiz zaxira bilan ustunlik bo‘lgan. Bu gal biz saylov natijalarini soxtalashtirishning oldini olish uchun o‘z elektoratimizning sonini sanab boramiz. Buning imkoni bor. Ammo natijalar yana soxtalashtirilib, qo‘pol qilib aytganda, 3,5 million belarusdan «prezident o‘g‘irlansa» va aldangan saylovchilar maydonlarga chiqishsa, men albatta ular bilan birga bo‘laman.

– Umuman, hozir odamlarning kayfiyati qanday? Ular rivojlanishning yevropacha yo‘nalishini istashmoqdami yoki ruscha?

– Biz belaruschasiga rivojlanishni, chinakam iqtisodiy mustaqil davlat qurishni istaymiz. Tamom!

26 yil davomida mamlakatni shunday holatga keltirib qo‘yishdiki, go‘yoki to‘rt tomonimiz dushmanga to‘la va do‘stimiz yo‘qdek. Xalqimiz juda tinchliksevar va bizni qanaqasiga dushmanlar o‘rab olgan bo‘lsin? Bizda ko‘p narsa bo‘yicha qarama-qarshi fikrlar bor: davlat ramzlariga, tilga, Rossiyaga, Yevropaga, Amerikaga, xullas barcha narsaga bo‘lgan munosabatlarda har xillik bor. Ammo xalqni bir narsani birlashtirgan: biz chinakamiga mustaqil davlat tuzishni istaymiz. Qolganini keyin hal qilamiz.

Hayron qolaman, bizda qimmatbaho nima bor ekanki, hamma bizga hujum qilish haqida orzu qilayotgan bo‘lsa? Ertaga o‘ngdan, chapdan, janubdan, shimoldan bostirib kelishadi deyish ahmoqlik-ku! Bunaqa bo‘lmaydi axir. Belaruslar shunchaki o‘z davlatlarida risoladagidek yashashni istashmoqda.

– Kecha yana bir nomzod Svetlana Tixanovskaya uni o‘z nomzodini olishga majburlashayotganini aytdi. Sizga bunaqa ishoralar berishmadimi?

– Tixanovskaya keyin nima deganini bilasizmi? Baribir saylovda qatnashaman, dedi!

Biz dastlabki 100 mingta imzoni to‘plashimiz bilan telefonim qo‘ng‘iroqlardan «yorilib ketdi»: yashirin tanishlarim meni qo‘lga olishlaridan ogohlantira boshlashdi. Men bunaqa bosimni ko‘tarishga tayyorman. Yaqinlarimni men sabab ushlab turishganidan vijdonim qiynalyapti, ammo mening qarindoshlarim, do‘stlarim «9 avgustgacha chidaymiz, axir shuncha yil chidadik-ku...», deyishdi. Belaruslar bunday davlatda ortiq yashay olmaydi, buni xohlashmaydi ham.

– Belarusda saylov kampaniyasi vaqtida faollarni qo‘lga olish holatlari avval kuzatilgan. Hozir-chi?

– Hozircha bunaqasi bo‘lgani yo‘q. Axir biz hali nomzod ham emasmiz, ammo bosim shunchaki dahshatli darajada! Odamlar yolg‘ondan ko‘ngli ayniydigan darajaga keldi. Hukumat koronavirus bilan bilan alday boshlagandi, hozir ham aldashda davom etmoqda. Hech kim hech narsaga ishonmay qo‘ydi. Aytgancha, ishonmay to‘g‘ri qilishadi.

– Belarusda bu yil hukumatni almashtirish imkoni bormi?

– Albatta, men bunga ishonaman Eng dahshatlisi, buni hukumatning o‘zi tushunmayapti. Hozir ham tinchgina chetga chiqishi mumkin bo‘lgan hukumat... Hech bir nomzod kimdir qatl etilishi taklifi bilan chiqmayapti, hamma «O‘rtoqlar, 26 yil yetarli muddat. Yaxshigina xayrlashaylik», demoqda.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: saylov 9 avgustda o‘tarmikin yoki keyingi yilga qoldiriladimi? Nima bo‘lsa ham, endi belaruslar o‘zgarishdi. Ha, ular o‘zgarishdi! Balki hukumatdagilar saylov o‘tsin, keyin hammasini joyiga tushirib olamiz, deb o‘ylayotgandir, ammo endi hammasi oldingidek bo‘lmaydi. Belaruslarni endi ortga qaytarish imkonsiz!

  • Hozirgi vaqtda Viktor Babariko qo‘lga olingan. U o‘g‘li bilan birga «Belgazprombank» ishi bo‘yicha so‘roq berish uchun olib ketilgan. Ma'lum bo‘lishicha, hozirgacha 400 ming kishi prezidentlik saylovlarida qo‘llashini ma'lum qilgan Babariko pul yuvish va soliqlardan qochishda ayblanmoqda.

Mavzuga oid