O‘zbekiston | 16:05 / 31.05.2021
22018
9 daqiqa o‘qiladi

Haydovchilik uchun imtihon olish tadbirkorlarga beriladi. Korrupsiyaning oldi qanday olinadi?

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 maydagi 271-son qarori bilan 1 avgustdan haydovchilik guvohnomasini olish imtihon olish amaliyotini xususiy tadbirkorlarga berish nazarda tutilmoqda.

Bu jarayon qanday tashkil etiladi? Kelgusida qator xorijiy davlatlardagi kabi haydovchilik kurslarida tahsil olmasdan, imtihon topshirib haydovchilik olish imkoni beriladimi? Tadbirkorlik sub'yekti tomonidan tashkil etilgan imtihon olish markazida korrupsiyaning oldi qanday olinadi? Nima uchun «E» toifasini olish uchun yuk mashinasini boshqarganlik talabi qanchalik qonunga mos keladi?

IIV YHXBB bo‘linma boshlig‘i, podpolkovnik Murodbek Sherliyev Kun.uz bilan suhbatda shu kabi savollarga javob berdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Imtihon topshirmoqchi bo‘lganlarni nimalar kutmoqda?

«Vazirlar Mahkamasi qarori bilan haydovchilik guvohnomasi uchun bugungi kunda davlat yo‘l harakati xavfsizligi zimmasida bo‘lgan imtihon olish jarayoni tadbirkorlik sub'yektlariga berilmoqda. Bunda barcha toifadagi haydovchilik guvohnomalarini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlar jarayoni (trolleybus va tramvaydan tashqari) inson omilini cheklagan holda avtomatlashtirilgan avtodromlarni qurgan holda xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladi».

 Qanday talablar bor?

«Xususiy tadbirkorlik sub'yektlari haydovchilik uchun imtihon olishni tashkil etishidan avval belgilangan tartibdagi avtomatlashtirilgan avtodromni barpo qilishi, inson omili cheklangan, to‘liq avtomatlashtirilgan holatda imtihon olinadigan tizimni yaratishi kerak. Nazariy imtihon ham xuddi shunday alohida xonada, videoyozuv qurilmalari o‘rnatilgan holda imtihonlarni tashkil etishi belgilandi».

Haydovchilik guvohnomasini kim beradi?

«Haydovchilikka nomzod imtihonni muvaffaqiyatli topshirsa, unga sertifikat beriladi, u ushbu sertifikat bilan Davlat xizmatlari agentligi yoki yaqin oradagi davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlarining ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘limlaridan haydovchilik guvohnomasini bemalol olishi mumkin bo‘ladi».

Xususiy imtihon olish markazida barchasi avtomatlashtirilgan bo‘lishi shart

«Haydovchilikka nomzod transport vositasiga o‘tirganida kabina ichida uning to‘liq holatini qayd etib turadigan kamera, tashqarida avtomobilni boshqarishini namoyish qiluvchi hamda umumiy tartibda nazorat qiluvchi kamera bo‘lishi shart. Shuningdek, transport vositasiga datchiklar o‘rnatiladi. Ular avtomobilning qanday boshqarilayotganini ko‘rsatib turadi. Nomzodga maksimal 100 ball berilishi mumkin. Har bir xatosi uchun ballar kamayib boradi. Ballarning qolgan miqdoridan kelib chiqqan holda nomzod imtihondan o‘tgani yoki o‘ta olmaganini bilib oladi. Mabodo, nomzod qo‘pol qoidabuzarliklarni sodir etsa, imtihondan chetlashtiriladi.

Tadbirkorlar tomonidan tashkil etiladigan imtihon olish markazlarida nazariy imtihon topshirish uchun xonaning maydoni 72 kvadrat metrdan kam bo‘lmasligi lozim. Bundan tashqari, xonada imtihon jarayonini bevosita onlayn kuzatish imtihonini beruvchi moslama va jihozlar bo‘lishi shart».

Imtihonni 7 kundan so‘ng qayta topshirishi mumkin

«Vazirlar Mahkamasining 408-qaroriga asosan, haydovchilikka nomzod imtihonga kirib chiqqach, natijalari salbiy bo‘lsa, yana yetti kundan so‘ng imtihonni qayta topshirishi mumkin. Bu jarayon imtihondan ijobiy natija olguncha 7 kun oraliq bilan davom etaveradi. Davlat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalarida nazariy imtihon uchun BHM (bazaviy hisoblash miqdori) – ya'ni 245 000 so‘mning 10 foizi, amaliy imtihon uchun 15 foizi miqdorida haq to‘lanadi. Bu tegishli ravishda 24 500 so‘m va 36 750 so‘mni tashkil etadi.

Tadbirkorlik sub'yektlarida imtihon narxi mustaqil belgilanadi. Qolaversa, prezident qarorida sohani rivojlantirish uchun to‘lovlardan tushgan summa ushbu markazni tashkil etgan tadbirkorlarda qolishi belgilangan. Bu albatta, tadbirkorlik sub'yektlarida raqobatga sabab bo‘ladi».

Imtihon varaqasidagi nazariy savollar soni oshiriladi

«Yo‘l harakati qoidalari yangi tahrirda ishlab chiqilmoqda. Shundan so‘ng, imtihon varaqalaridagi savollar soni ham ko‘paytiriladi. Hozirgi kunda jami 700ta savol bo‘lsa, ularning sonini 1000 yoki 1200taga chiqarish rejalashtirilmoqda. Qarorda ham alohida qayd etilgan, bugungi kunda nazariy savollar soni bir varaqada 10ta bo‘lsa, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan tashkil etilgan markazlardagi imtihon varaqalarida 20ta savol tushadi. Shunda nomzod 20ta savoldan 18tasiga to‘g‘ri javob berishi shart bo‘ladi».

Murodbek Sherliyev IIV YHXBB bo‘linma boshlig‘i, podpolkovnik

O‘qimasdan haydovchilik guvohnomasi olish mumkinmi?

«Har bir qarorga o‘zgartirish kiritishdan oldin xorijiy davlatlarning bu boradagi tajribasini o‘rganamiz. Ayrim davlatlarda haydovchilikka nomzod o‘quv kurslariga qatnamasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri imtihon topshiradi. Imtihondan o‘tsa, haydovchilik guvohnomasini oladi. Masalan, Germaniyaning ayrim hududlarida o‘qimasdan guvohnoma olsa, bir yil davomida yonida haydovchilik guvohnomasi bo‘lgan kishi bilan birgalikda transport vositasini boshqarishi belgilangan ekan. Ayrim davlatlarda ballik tizimga o‘tkazilgan. O‘quv kursidan o‘qimasdan haydovchilik guvohnomasi olgan haydovchiga 100 ball beriladi. U bir yil davomida, qoidabuzarliklar bois, ushbu ballarni tugatib qo‘ysa, malaka oshirish uchun o‘quv kursiga yuboriladi. Bizda ham imtihon olish jarayonlarining tadbirkorlik sub'yektlariga berilishining asosiy sababi ham shuki, bosqichma-bosqich shunga yetib kelamiz».

Imtihon topshirishda korrupsiyaga qanday qilib yo‘l qo‘yilmaydi?

«Yuqorida aytib o‘tdim, imtihon jarayonlarini istagan fuqaro onlayn tartibda bemalol kuzata oladi. Bundan tashqari, imtihonni YHX xizmati xodimi ham kuzatadi. Shu bilan birga, imtihon topshirish jarayonining o‘zi to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘ladi. Inson omiliga yo‘l qo‘yilmaydi, bahoni avtomatik tizimning o‘zi qo‘yadi. Nazariy imtihondan o‘ta olmadimi, amaliy imtihon topshirishga texnikaning o‘zi ruxsat bermaydi».

«E» toifaga o‘qish uchun BC toifadagi haydovchi uchun qaysi transport vositasini boshqarganining ahamiyati yo‘q

«Qarorni talqin qilishda har kim har xil tushunadi. 408-qaror bilan tasdiqlangan Nizomning 9-bob, 63-bandida avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarining tinglovchilari uchun qo‘yiladigan talablar aniq yozib qo‘yilgan.

Unga ko‘ra, nomzod:

  • sog‘lig‘ining holati bo‘yicha maxsus tibbiy talablarga javob berishi;
  • ma'lumoti umumiy o‘rta ma'lumotdan kam bo‘lmasligi;
  • o‘quv mashg‘ulotlari ta'lim muddati yakunida «A» toifali mototransport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘lish uchun — 16 yoshga;
  • «B», «B» va «C» toifali transport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘lish uchun — 18 yoshga;
  • «D» toifali transport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘lish uchun — 21 yoshga to‘lgan bo‘lishi;
  • «Be», «Ce» va «De» toifalariga ega bo‘lish uchun «B», «B» va «C», «C», «D» toifalardagi transport vositalarini boshqarish bo‘yicha kamida o‘n ikki oy haydovchilik stajiga ega bo‘lishi lozim.

Shu o‘rinda, nomzodda «B» va «C» toifalari bo‘lib, «E» toifaga o‘qib kelsa, unga «Be», «Ce» toifasi beriladi. Bunda qaysi turdagi transport vositasini boshqarish bo‘yicha stajning ahamiyati yo‘q.

Shuningdek, «Ce» toifasini o‘qimasdan ham olish mumkin. Buning uchun 10 yillik yuk transport vositasini boshqargan bo‘lsa, yoki nomida shu turdagi transport vositasi bo‘lishi, ishonchnoma, ijara shartnomasi bo‘lsa kifoya qiladi».

Kun.uz muxbiri qarorning mazkur qismini izohlab berishni so‘rab Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyevaga murojaat qildi. Adliya vazirligi mutaxassislari 408-qaror bilan tasdiqlangan Nizomning 9-bob, 63-bandi, 6-xatboshini izohlab, «B» va «C» haydovchilik guvohnomasigi ega bo‘lgan haydovchi uchun bir yillik staj talab qilinishi, biroq bunda uning qanday transport vositasini boshqarganining ahamiyati yo‘qligini ta'kidlashgan.

Mavzuga oid