10:17 / 29.06.2022
54369

Ustama oladigan shifokorlar va yechimini topgan “tonirovka”. 1 iyuldan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar kuchga kiradi?

Kun.uz sayti 2022 yil 1 iyuldan O‘zbekiston qonunchiligida kuchga kiradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.

Foto: Kun.uz

Qoraqalpog‘istonning ayrim tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning oylik lavozim maoshiga 100 foiz miqdorida har oylik ustama to‘lanadi

Viloyatlar hamda Toshkent shahridan, shuningdek, xorijiy davlatlardan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir, Chimboy, Qorao‘zak, Bo‘zatov, Shumanay, Qo‘ng‘irot tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning oylik lavozim maoshiga dastlabki uch yil davomida 100 foiz, Mo‘ynoq tumanida esa 200 foiz miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama to‘lovlari to‘lanadi.

Bunda, mazkur bandda ko‘rsatilgan ustamani olish uchun shifokor boshqa hududda kamida ikki yil ishlagan hamda kamida ikkinchi darajali malaka toifasiga ega bo‘lgan bo‘lishi lozim.

 Davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan bir qator hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi

Davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi. Bunda, pensiyaga chiqish huquqi paydo bo‘lgan chog‘ida ishlamaydigan fuqarolarga o‘zlarining mehnat daftarchalaridagi mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Bandlikka ko‘maklashish markazlariga murojaat qilish orqali «Yagona mehnat milliy tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (YaMMT IDAK)ga kiritish xizmati joriy etiladi.

Davlat pensiyalarini tayinlash YaMMT IDAKga kiritilgan elektron ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi. Bunda, mehnat staji, ish haqi, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlar Pensiya jamg‘armasi tomonidan YaMMT IDAKdan foydalangan holda elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida olinadi.

Shunga ko‘ra, davlat pensiyalarini tayinlash uchun fuqarolardan faqat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi talab etiladi.

 «Tonirovka» masalasi qisman yechildi

Prezident qaroriga muvofiq, 1 iyuldan boshlab:

  • avtomobillarning orqa yon oynalari tusini o‘zgartirish tekin bo‘ladi;
  • orqa va old yon oynalari tusini o‘zgartirish narxi 2,4 million so‘m etib belgilanadi.

 Olis va chekka hududlarda faoliyat yuritayotgan shifokorlar oylik ish haqiga qo‘shimcha 2 million so‘m miqdorida har oylik ustama to‘lanadi

Prezident qaroriga ko‘ra, olis va chekka hududlardagi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan barcha shifokorlar oylik ish haqiga qo‘shimcha 2 million so‘m miqdorida har oylik ustama belgilanadi.

«Turizm mahallasi» maqomi berilgan fuqarolar yig‘inlari hududlaridagi tadbirkorlarga imtiyoz beriladi

«Turizm mahallasi», «Turizm qishlog‘i» yoki «Turizm ovuli» maqomi berilgan fuqarolar yig‘inlari hududlarida mehmon uylari, ovqatlanish, ko‘ngilochar joylar tashkil etgan tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi.

Shuningdek, ushbu hududlardagi maydoni 5 ming kvadrat metrdan yuqori bo‘lgan savdo komplekslari (shu jumladan, ular egallagan yer uchastkalari) bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari 90 foizga kamaytiriladi.

Bojxona bojlari bo‘yicha imtiyozlar faqatgina O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan beriladi

Bojxona bojlari bo‘yicha imtiyozlar faqatgina O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan beriladi. Bunda, Tarif va notarif tartibga solish kengashi xulosasi olinishi majburiy hisoblanadi.

Homilador va bola emizuvchi ayollar hamda 3 — 15 yoshdagi bolalar yod preparati bilan bepul ta’minlanadi

Prezident qaroriga asosan homilador va bola emizuvchi ayollar hamda 3 — 15 yoshdagi bolalar yod preparati bilan, 35 yoshgacha tug‘ish yoshidagi ayollar polivitamin, temir va foliy kislotasi preparati bilan bepul ta’minlanadi.

 «Shaffof yo'l» platformasi test rejimida ishga tushiriladi

Avtomobil yo‘llari sohasiga tegishli ma’lumotlar bazasini o‘z ichiga olgan «Shaffof yo'l» platformasi test rejimida ishga tushiriladi.

«Shaffof yo'l» platformasining alohida sahifasi orqali aholining yo‘llar nosozligi, shuningdek, yo‘llarda va yo‘l bo‘yida xavfsiz harakatlanish uchun yuzaga kelgan favqulodda texnik muammolar (svetoforlar va yo‘l belgilar o‘rnatilmaganligi yoki ularning shikastlanganligi, tabiiy ofatlar natijasida yuzaga keladigan hodisalar ortidan hosil bo‘ladigan oqibatlar) haqida foto- va videomurojaatlar — jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladi.

Barcha xalqaro aeroportlar hududida aviaspotting bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratiladi

Hukumat qaroriga asosan barcha xalqaro aeroportlar hududida aviaspotting bilan shug‘ullanish uchun kuzatish maydonchalari to‘liq faoliyat ko‘rsatadi.

Aviaspotting — belgilangan tartibga asosan aeroportlarda havo kemalari harakatini hamda parvozini kuzatish, shuningdek ularni professional va havaskorlar (aviaspotterlar) tomonidan foto, videotasvirga olishni amalga oshirish faoliyati.

Barcha davlat tashkilotlari faoliyatida Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etiladi

Prezident qaroriga asosan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligini tahlil qilish, baholash va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi barcha davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etiladi.

Davlat ishtirokidagi korxonalar kuzatuv kengashi a’zolariga haq to‘lash tartibi joriy etiladi

Davlat ishtirokidagi korxonalar kuzatuv kengashi a’zolarini rag‘batlantirish va ijro organi a’zolari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha yagona rag‘batlantirish siyosati joriy etiladi. Bunda, ijro organi a’zolariga oylik ish haqi va yil yakunlari bo‘yicha biryo‘la to‘lanadigan mukofot to‘lovlardan tashqari har qanday qo‘shimcha to‘lov turlari bekor qilinadi.

O‘limni qayd qilish bo‘yicha quyidagilardan iborat kompozit xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi

Prezident farmoniga asosan 2022 yil 1 iyuldan boshlab butun respublika hududida o‘limni qayd qilish bo‘yicha quyidagilardan iborat kompozit xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, vafot etganlik to‘g‘risidagi tibbiyot ma’lumotnomasi vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlari arizasiga asosan FHDYo organi tomonidan ularga qog‘oz shaklida beriladi.

Shunga ko‘ra, tibbiyot muassasalari tomonidan o‘lim haqida tibbiy guvohnoma berish tartibi bekor qilinib, faqat elektron tizim orqali o‘lim haqida tibbiy ma’lumotnoma shakllantirish tartibi joriy etiladi.

Kasanachilarga daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz beriladi

2022 yil 1 iyuldan boshlab kasanachilikni mehnat shartnomasi bilan bir qatorda ishlarni bajarish, tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar ko‘rsatish haqidagi fuqarolik-huquqiy shartnomalar, shu jumladan pudrat shartnomasi asosida tashkil etishga ruxsat etiladi.

Shuningdek, 2022 yil 1 iyuldan 2025 yil 1 yanvarga qadar:

  • kasanachilarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i kasanachilikdan olinadigan jami daromadni 50 foizga, biroq hisobot davri (bir oy)da ko‘pi bilan bir million so‘mgacha kamaytirgan holda hisoblanadi;
  • kasanachilar ijtimoiy soliq to‘lovini o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan tartibda amalga oshiradi;
  • olis va chekka hududlardagi mahallalarda kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlik sub’yektlariga har bir kasanachining dastlabki uch oy davomidagi kasanachilik faoliyati uchun bir oylik o‘rtacha daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.

6 turdagi litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olishdagi ayrim talab va shartlar bekor qilinadi

Prezident farmoni bilan 2022 yil 1 iyuldan ayrim talab va shartlari bekor qilinayotgan litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar ro‘yxati tasdiqlandi.

Teatr xodimlarining lavozim maoshlari oshiriladi

Prezident qaroriga ko‘ra, teatr xodimlari lavozim maoshlarini mehnatga haq to‘lashning bazaviy lavozim maoshlari miqdoriga hamda Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyentlari miqdori Davlat budjeti hisobidan 1,5 baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi.

Oilaviy bolalar uylariga Davlat budjetidan mablag‘ ajratishning yangi tartibi joriy etiladi

Prezident qarori bilan oilaviy bolalar uylarining saqlash xarajatlari uchun Davlat budjetidan mablag‘ ajratishda bir nafar tarbiyalanuvchiga to‘g‘ri keladigan xarajatlar miqdori hamda bolalar sonidan kelib chiqib, zarur mablag‘lar ota-onalar nomiga ochilgan bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi.

Shuningdek, oilaviy bolalar uylarida bir nafar tarbiyalanuvchi uchun Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan oylik xarajatlar tarkibiga kommunal xarajatlar ham kiritiladi. Oilaviy bolalar uylari tomonidan iste’mol qilingan kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar jismoniy shaxslar uchun belgilangan narxlarda amalga oshiriladi.

Bir bojxona postida uch yildan ortiq xizmat o‘tagan xodimlarni rotatsiya qilish tartibi joriy etiladi

Bojxona organlarini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish dasturi doirasida bir bojxona postida uch yildan ortiq xizmat o‘tagan xodimlarni rotatsiya qilish tartibi joriy etiladi.

Spinal mushak atrofiyasi klinik diagnoziga ega bo‘lgan oilalarning Yagona milliy registri yuritiladi

Spinal mushak atrofiyasi klinik diagnoziga ega bo‘lgan oilalarning Yagona milliy registri yuritiladi va oilalarning klinik va molekulyar-genetik diagnostikasidan kelib chiqib shakllantirib boriladi.

Davlat mulklari bo‘yicha tuzilgan ijara shartnomalarining amal qilish muddati tugaganda kelgusi davr uchun uzaytirilmaydi va elektron savdolarga chiqariladi

Prezident qaroriga ko‘ra, amal qilish muddati tugagan, elektron savdolar orqali rasmiylashtirilmagan ijara shartnomalarining muddati (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Hukumatning tegishli qarorlari asosida va kichik sanoat zonalari hududidagi davlat mulki bo‘yicha tuzilgan ijara shartnomalari bundan mustasno) kelgusi davr uchun uzaytirilmaydi va ushbu shartnomalar bo‘yicha tadbirkorlik sub’yektlariga ijaraga berilgan davlat mulklari, balansda saqlovchilarning roziligi talab qilinmasdan 2022 yil 1 iyuldan boshlab elektron savdolarga chiqariladi.

Davlat muzeylariga har kuni soat 22:00 gacha tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi

Prezident qaroriga asosan davlat muzeylariga har kuni soat 22:00 gacha tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi, shuningdek, zaruratga ko‘ra, davlat muzeylari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tungi ish vaqti muddatlarini belgilashi mumkin bo‘ladi.

Pulli xizmatlar ko‘rsatishda ishtirok etgan muzey xodimlariga qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanadi va ular moddiy rag‘batlantiriladi, qo‘shimcha to‘lovlar to‘lash va moddiy rag‘batlantirish tartibi muzeylar tomonidan ularning yuqori turuvchi organi bilan kelishgan holda belgilanadi.

Aholining virusli gepatit «V» va «S» turlariga skrining tekshiruvlari soni 1 million nafarga yetkaziladi

Har yili respublika aholisini virusli gepatit «V» va «S» turlariga skrining tekshiruvlari soni 1 million nafargacha, polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) tekshiruvlari soni 15 ming nafargacha, virusli gepatit «S» turi bilan kasallangan bemorlarni davolash 10,5 ming nafargacha yetkaziladi.

«Parrandasanoat» uyushmasiga a’zo bo‘lgan parrandachilik ho‘jaliklariga subsidiya beriladi

«Parrandasanoat» uyushmasiga a’zo bo‘lgan parrandachilik ho‘jaliklariga 2022 yil 1 iyuldan boshlab 2024 yil 1 yanvarga qadar davrda parrandachilik ho‘jaliklariga har bir bosh 1 kunlik nasldor jo‘jani import qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun davlat tomonidan 12 ming so‘mdan subsidiya ajratiladi.

Ochiq ma’lumotlar davlat organlari rasmiy veb-saytining bosh sahifasida alohida bo‘limga joylashtirish talab etiladi

Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ma’lumotlarni davlat organlari va tashkilotlari rasmiy veb-saytining bosh sahifasida alohida bo‘limga joylashtirish talab etiladi. Ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar rasmiy veb-saytning boshqa sahifasiga (veb-manzilga) joylashtirilgan taqdirda, ular e’lon qilinmagan deb hisoblanadi va Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash bo‘yicha metodikaning baholash mezoni bajarilmagan deb topiladi.

Maxsus iqtisodiy zonalar hududida yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha auksion tartibi o‘zgaradi

Prezident farmoniga ko‘ra, maxsus iqtisodiy zonalar hududida auksionga chiqarilgan yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha auksionda bir ishtirokchi qatnashgan taqdirda ham savdolar o‘tkazilgan hisoblanadi.

Shuningdek, hukumat qarori loyihasida 2022 yil 1 iyuldan elektr energiya va gaz iste’moli uchun narxlarni «ijtimoiy norma» asosida belgilash taklif etilmoqda. Hujjat yuzasidan muhokamalar yakunlangan. Ammo u qabul qilinadimi yoki yo‘q, bunisi hozircha noma’lum.

Top