Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Futbol bo‘yicha yangi dastur, auksionda sotilmaydigan chiroyli avtoraqamlar va skuter uchun guvohnoma – 1 oktyabrdan nimalar o‘zgardi?
Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq, 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y bergan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.
Har bir mahallada futbol maydoni
2025 yil 1 oktyabrdan “Har bir mahallada futbol maydoni” dasturi boshlanadi. Bu haqda davlat rahbarining 2025 yil 21 avgustdagi qarorida belgilab qo‘yilgan.
Dastur doirasida:
- mahallalardagi bo‘sh turgan davlat mulki obektlari (yer uchastkalari) ularning bir qismida futbol maydoni barpo etish va kamida 10 yil mobaynida uning foydalanish maqsadini o‘zgartirmaslik sharti bilan onlayn auksionga chiqariladi;
- auksion g‘oliblariga xarid qilingan yer uchastkasining qolgan qismidan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanish va tasarruf etish huquqi beriladi;
- auksionga chiqarilgan yer uchastkalar 3 oy davomida sotilmagan taqdirda, ularning boshlang‘ich bahosi bosqichma-bosqich 10 foizdan, lekin ko‘pi bilan 50 foizgacha pasaytirilgan holda va sotib olish to‘lovlarini uch yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan savdolarga chiqariladi.
2025 yil noyabr oyi oxirigacha davlatga tegishli futbol maydonlari va stadionlari bo‘lmagan mahallalarda bo‘sh turgan yer uchastkalari xatlovdan o‘tkazilishi kerak. Xatlov natijalari bo‘yicha auksionga chiqariladigan yer uchastkalari ro‘yxati shakllantiriladi.
Hokimlar 2025 yil dekabr oyida mahallalarda futbol maydonlarini barpo etish bo‘yicha manzilli dasturni tasdiqlashlari lozim.
Shuningdek, hujjatda Kadastr agentligining axborot tizimlariga davlat mulkidagi futbol stadion va maydonlarining foydalanish maqsadlari o‘zgartirilishi hamda sotuvga chiqarilishi taqiqlanishi haqida tegishli o‘zgarishlar kiritilishi belgilangan.
Skuter haydovchilari uchun guvohnomalar majburiy bo‘ladi
2025 yil 1 oktyabrgacha moped va skuter haydovchilari haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi, ushbu transport vositalari esa davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi lozim. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan amaldagi Yo‘l harakati qoidalariga bir qancha o‘zgartirishlar kiritilgan.
Elektromototsikl, moped va skuterlar uchun alohida farqlovchi davlat raqam belgilari joriy etildi. Hukumat qarori bilan foydalanishda bo‘lgan moped va skuterlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida 2025 yil 30 sentabrga qadar amal qiladigan vaqtinchalik nizom tasdiqlangan.
Moped yoki skuterlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish YHXX hududiy boshqarmalarining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi. Moped va skuterlarni guvohnomasiz boshqarganlar jarimaga tortiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 8 iyuldagi qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 martdan boshlab moped va skuterni boshqarish uchun tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish talab etilishi belgilangan edi. Keyinchalik bu muddat 2025 yil 1 oktyabrga qadar uzaytirilgandi.
Chiroyli avtoraqamlarni auksionda sotish bekor qilinadi
O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab davlat raqami belgilarining auksion savdolarini to‘xtatadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 9 sentabrdagi qarorida keltirilgan.
Hujjat bilan avtomototransport vositalari uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini soddalashtirish ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab, O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi tizimida har qanday raqam belgilarini sotish bo‘yicha auksionlar, shuningdek, «chiroyli» raqamlarni oshirilgan stavkalarda berish tartibi bekor qilinadi.
«Fuqarolar uchun auksion savdolarida ishtirok etish tartibi murakkab va ko‘p vaqt talab etishi, ayrim toifadagi davlat raqami belgilari uchun boshlang‘ich narxlar yuqoriligi keng aholi qatlami uchun bunday raqamlarni sotib olish imkoniyatini cheklamoqda», deyiladi hujjatda.
Yangi tartibga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron murojaat asosida onlayn rejimda uzluksiz ravishda yangilanib turadigan yagona ochiq ma’lumotlar bazasida bo‘sh turgan istalgan harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilarini tanlab olishi mumkin bo‘ladi.
Tanlangan raqam yagona oshirilgan to‘lov evaziga beriladi, uning miqdori esa 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab, «Uzavtomotobelgi» davlat unitar korxonasi tomonidan belgilanadi.
Uzavtomotobelgi davlat unitar korxonasi 2026 yil 1 yanvardan boshlab harf va raqam kombinatsiyalariga ega bo‘lgan noyob davlat raqamlarini ochiq elektron auksion orqali taqdim etish huquqiga ega bo‘ladi.
Odil sudlov akademiyasi tashkil etiladi
2025 yil 21 avgustda davlat rahbarining “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingandi. Unda Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi negizida Odil sudlov akademiyasi tashkil etish belgilangan.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 oktyabrdan:
– sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash akademiyaning 6 oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslarida davlat granti asosida tashkil etiladi;
– kurslarga qabul qilingan shaxslar ularning egallagan lavozimi butun o‘qish davri mobaynida saqlanadi;
– o‘qish davrida tinglovchilarga sudya yordamchisining 1 oylik mehnatiga haq to‘lash fondi miqdorida har oyda stipendiya to‘lanadi;
– kursga qabul qilish psixologiya, chet tillari, sud ixtisosligi bo‘yicha test sinovlari, yozma imtihon, yakka tartibdagi suhbatdan iborat tanlov asosida amalga oshiriladi.
Yakuniy attestatsiya imtihoni natijalariga ko‘ra, kursni tamomlagan bitiruvchilar arizasiga asosan bo‘sh sudyalik lavozimlariga o‘tkaziladigan tanlovlarda ishtirok etadi.
O‘qish dasturini o‘zlashtirmagan va yakuniy attestatsiya imtihonidan o‘tmagan tinglovchilar, bo‘sh sudyalik lavozimiga 3 yilgacha muddatda ariza topshirmagan yoki taklif etilgan sudyalik lavozimini egallashni rad etgan bitiruvchilar olingan stipendiya summasini to‘liq miqdorda qoplab beradi.
Boshqa o‘zgarishlar
2025 yil 1 oktyabrdan boshlab:
- 2026 yil 1 mayga qadar hududiy statistika boshqarmalarining har birida fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma asosida Milliy statistika qo‘mitasiga 2026 yilda ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti mablag‘lari hisobidan 5 nafardan mutaxassis jalb etiladi;
- tegishli viloyatlar va Toshkent shahri bolalar kutubxonalarining 182 ta shtat birligi «Kelajak» markazlariga o‘tkaziladi;
- ko‘p kvartirali turar joy obektlarini qurish uchun tayyorlangan loyiha hujjatlari “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi” davlat muassasasi (yoki uning hududiy boshqarmalari) tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi;
- Samarqand xalqaro aeroportida ichki turizm infratuzilmasi bo‘yicha aholi hamda turistlarning xabardorligini ta’minlash imkonini beruvchi, shuningdek quyidagi texnik imkoniyatlarni nazarda tutuvchi «Tourist map» interaktiv portali sinov tariqasida ishga tushiriladi;
- pensiya ta’minotiga oid hamda AT «Xalq banki» tomonidan pensiyalarni naqd pul shaklida to‘lash bilan bog‘liq ko‘rsatiladigan xizmatlarni fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) hamda ularning imzosini elektron shaklda olish orqali amalga oshirish tartibi joriy etiladi;
- maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga, yuridik shaxslarga jamoat ehtiyojlari, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini hamda ijtimoiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvlar va shartnomalarni amalga oshirish uchun yer uchastkalari berilganda (sotilganda), ushbu ma’lumotlar yer uchastkalariga huquqni belgilovchi hujjatlarda aks ettirilishi shart;
- «Yashil makon» elektron platformasida ochiqlikni ta’minlash va raqamlashtirishga qaratilgan mexanizmlar joriy qilinadi;
- Qoraqalpog‘istonda noruda foydali qazilmalarni qayta ishlashni tashkil qilgan tadbirkorlik sub’yektlariga yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalar berishga oid auksionda g‘olib bo‘lish uchun taklif etilgan summani bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi;
- ijro intizomi to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlarni davlat organlari va tashkilotlar, shuningdek, Adliya vazirligining veb-sahifalariga joylashtirib, har oyda ma’lumotlarni yangilab borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Har chorakda davlat organlari va tashkilotlarning rahbarlari qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat hujjatlari ijrosi holati bo‘yicha keng jamoatchilikka hisobot berishi tartibi joriy qilinadi;
- davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish, hisobini yuritish va tahlilini olib borish «hrm.argos.uz» elektron tizimi tarkibidagi «Xizmat safari» yagona moduli orqali amalga oshiriladi;
- elektron kooperatsiya portali va davlat xaridlari elektron tizimlari operatorlarining «Milliy do‘kon» sahifalarida faqatgina mahalliy ishlab chiqarilgan tovar to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lgan mebel mahsulotlarini joylashtirish va savdolarda ushbu sertifikatga ega tadbirkorlik sub’yektlarining ishtirok etishiga ruxsat beriladi. Bunda mazkur tartib korporativ buyurtmachilar tomonidan tijorat maqsadlarida qayta sotish yoki shu maqsadlarda tovarlardan ishlab chiqarishda foydalanish uchun amalga oshiriladigan davlat xaridlariga nisbatan tatbiq etilmaydi;
- davlat xizmatidagi rahbarlar, rahbarlikka nomzodlar va boshqaruv kadrlari malakasini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar joriy etiladi;
- egasiz ko‘chmas mulk obektlarini davlat mulki obekti sifatida davlat ro‘yxatiga olish bo‘yicha murojaatlar tegishli sudga Davlat aktivlari agentligi tomonidan kiritiladi;
- O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan xushbo‘ylashtiruvchi yoki rang beruvchi qo‘shimchalarsiz oq shakarga nisbatan aksiz solig‘i bekor qilinadi;
- atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansub faoliyat turlarining ekologik oqibatlari to‘g‘risidagi bayonotdan keyingi bosqichlarda ekologik normativ loyihalarini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish uchun ushbu faoliyat turlarining texnologik jarayonlari amaldagi «Yashil sertifikat»ga ega bo‘lishi majburiy hisoblanadi;
- tovarlarni olib kirish, olib chiqish va tranzit olib o‘tish bo‘yicha barcha sertifikat, xulosa va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar faqat «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi;
- Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan fuqarolarga naqd pul shaklida beriladigan subsidiya, grant va ssudalar bosqichma-bosqich ijtimoiy karta orqali taqdim etiladi;
- davlat xizmatlari ko‘rsatilishida qog‘oz shaklidagi hujjatlar aylanmasi to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi;
- “Raqamli hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali foydalanuvchilarni identifikatsiya qilish tizimi doirasida «Ijtimoiy karta» ATning identifikatsiya qilish tizimi joriy etiladi.
Mavzuga oid
19:24 / 28.11.2025
Davri tugagan AI-80, tadbirkorlar uchun kafolat va “ZAGS”dan o‘tishda qulaylik – 1 dekabrdan nimalar o‘zgaradi?
11:17 / 25.10.2025
Ishsizlik nafaqasi berishda yangi tartib, aholini ro‘yxatga olishning boshlanishi va “Kasb vaucheri” – 1 noyabrdan nimalar o‘zgaradi?
16:28 / 02.09.2025
Maoshi oshgan maktab direktorlari, elektronlashayotgan mehnat shartnomasi va zargarlarga imkoniyat – 1 sentabrdan nimalar o‘zgardi?
19:50 / 30.07.2025