Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq, 2025 yil 1 noyabrdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.
Ishsizlik nafaqasini to‘lash shartlari o‘zgaradi
1 noyabrdan boshlab, ishsizlik nafaqasini to‘lash shartlari o‘zgarmoqda. Bu haqda prezidentning “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida keltirib o‘tilgan.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 noyabrdan e’tiboran, ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi. Bunda:
- ishsizlik nafaqasi so‘nggi 5 yilda kamida 18 oy ishlagan shaxslarga mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng ular 6 oy ichida murojaat qilganda, ularning oxirgi 18 oylik o‘rtacha ish haqi hisobidan 3 oy davomida to‘lanadi;
- 1-oyda o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lanadi;
- 2– va 3– oylarda esa o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lanadi.
Ishsizlik nafaqasini takroran belgilashda dastlabki tayinlangan nafaqani olish muddati tugagandan so‘ng qo‘shimcha ravishda kamida 12 oylik ish staji talab etiladi.
Shuningdek, farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 noyabrdan boshlab xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faqat quyidagi shaxslar uchun ish o‘rinlarining majburiy zaxirasini shakllantiradi:
- nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar;
- Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalar a’zolari;
- muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar;
- ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan shaxslar.
Bunda majburiy zaxiralash xodimlarning umumiy sonining uch foizidan oshmasligi kerak. Majburiy zaxiralash xodimlar soni 100 nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga qo‘llanadi. Budjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan korxonalar uchun ushbu talab xodimlari soni 20 nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga qo‘llanadi va xodimlarning umumiy sonining 7 foizidan oshmasligi kerak. Shuningdek majburiy zaxiraga qo‘shimcha ravishda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslar va odam savdosi qurboni bo‘lgan shaxslar ham kiradi.














