Dunyodagi vaziyat: AQSh remdesivirni ma'qulladi, Ispaniya karantinni yumshatdi
Amerika hukumati virusga qarshi remdesivir preparatini Covid-19’ni davolash uchun rasman tasdiqladi, Ispaniya katta yoshlilarga ko‘chada sport bilan shug‘ullanishga ruxsat berdi, Hindistonda karantin yana ikki haftaga uzaytirildi.

Foto: Reuters
AQShning Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari sifati bo‘yicha sanitariya nazorati boshqarmasi (Food and Drug Administration — FDA) o‘z vaqtida Ebolani davolashda qo‘llangan remdesivir preparatidan koronavirusga qarshi foydalanishga rasman tavsiya qildi.
Bu qaror shoshilinch chora sifatida qabul qilindi, endi remdesivir Amerika shifoxonalarida og‘ir bemorlarni davolashda qo‘llanishi mumkin. «Bu Covid-19 uchun tavsiya etilgan ilk terapiyadir. Biz bunda ishtirok etishdan faxrdamiz», degan FDA rahbari Stiven Xon.
Shu haftada AQShda remdesivirning klinik sinovining ilk natijalari e'lon qilingandi va unga ko‘ra ushbu preparat koronavirusga qarshi kurashda samarali ekani, u tuzalish jarayonini sezilarli darajada tezlashtirishi tasdiqlangandi. AQSh allergiya va infeksion kasalliklar Milliy instituti (NIAID) bu borada maxsus bayonot berdi.
Shu bilan birga, FDA’ning hozirgi qarori favqulodda holatlar uchun qabul qilingan, preparat to‘liq foydalanishi ma'qullanishi uchun ko‘p vaqt talab etiladi.
Ekspertlar remdesivirni koronavirus davosi deb hisoblash kerak emasligini, avvalroq o‘tkazilgan bir necha tadqiqot uning samaradorligini tasdiqlamaganini aytishmoqda.
Xususan, 29 aprel kuni Lancet jurnali Xitoyda o‘tkazilgan sinovlar natijalarini e'lon qildi, unga ko‘ra preparat Covid-19ni davolashda samarali emasligi ma'lum bo‘lgan. Shu bilan birgalikda, xitoyliklar AQShdagidan ko‘ra ancha kamroq bemorlarda tadqiqot o‘tkazishgan.
Bundan tashqari, klinik sinovlar ushbu preparat sog‘ayishni tezlashtirishni ko‘rsatgan bo‘lsada, ular o‘lim holatlarining oldini olishga ojiz.
AQSh biofarmatsevtik kompaniyasi Gilead Sciences rahbari Deniyel O'Dey AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvda o‘z kompaniyasi dorining 1,5 millionta dozasini tekinga yetkazib berishini va'da qilgan.
AQSh koronavirusdan hammadan ko‘proq zarar ko‘rgan davlatdir. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, bu davlatda virusdan zararlanganlar soni, 1,14 milliondan oshdi, 66,6 mingdan ortiq bemor vafot etdi.
Ispaniya karantinni yanada yumshatmoqda

Bu vaqtda Ispaniyada karantindagi katta yoshli aholi ko‘chada sport bilan shug‘ullanishga ruxsat oldi. Shu bilan birgalikda, virus keng tarqalishining oldini olish maqsadida turli yoshlardagi odamlar kunning turli vaqtlarida ko‘chaga chiqishi belgilangan. Aprel oyi oxirida hukumat 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ko‘chaga chiqishga ruxsat bergandi.
BBC muxbirining xabar berishicha, Ispaniyadagi ko‘plab shaharlarda ko‘chalar odamlar bilan to‘la boshladi, ba'zida shaharlar ko‘chalari karantindan oldingi holatdan farq qilmay qolmoqda. Shu bilan birgalikda, ko‘chalarda mashinalar kam, odamlar ijtimoiy masofa saqlash tartibiga rioya etishmoqda.
Qayd etish kerakki, bu vaqtgacha Ispaniya Yevropada eng qat'iy karantin choralari joriy etilgan mamlakat edi - odamlar ko‘chaga faqat zarurat yuzasidan (ishga, oziq-ovqat va dori-darmon xarid qilish uchun) chiqishi mumkin edi. Shuningdek, Ispaniya so‘nggi haftagacha bolalar uyni tark etishi taqiqlangan Yevropaning yagona mamlakati bo‘lib turgandi.
Ispaniyada Covid-19’dan vafot etish kamayishi davom etmoqda, bu mamlakat Yevropada zararlanish holatlari eng ko‘p qayd etilgan mamlakatdir. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, 213,4 mingdan ortiq kishida kasallik aniqlangan, shundan 25,5 ming kishi vafot etgan. Shanba kuni Ispaniyada koronavirusga chalinish oqibatida 276 kishi vafot etdi, bir kun oldingi ko‘rsatkich 281ta bo‘lgandi.
Agence France-Presse agentligi xabar berishicha, juma kuni Madriddagi Covid-19 bemorlari uchun tashkil etilgan dala gospitalining yopilish marosimida yuzlab kishilar ishtirok etishdi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari shifoxonaga kelgan siyosatchilar, jurnalistlar va tibbiyot xodimlari bir-birlariga yaqin turgan holda ijtimoiy masofa saqlash tartibiga rioya etishmaganini tanqid qilishmoqda.
«U yerda taxminan mingga yaqin kishi bor edi, ijtimoiy masofa saqlash tartibiga umuman rioya etilmadi, Ispaniya hukumati televideniye orqali doimo eslatib turgan boshqa choralarga ham», - deya mamlakat parlamenti deputati Pablo Perpinoning so‘zlarini keltirmoqda AFP.
Ispaniya hukumati mamlakat 11 mayda karantindan chiqishni boshlashi haqida ma'lum qilgan, shu bilan birgalikda iyun oyi oxirigacha ommaviy tadbirlarga taqiqlar saqlanib qoladi.
Yevropaning boshqa bir necha davlati ham karantin choralari bekor qilinishi haqida ma'lum qilmoqda. Avstriyada barcha do‘konlar ochilmoqda, Germaniyada dushanba kunidan cherkovlar, muzeylar va bolalar maydonchalari ishlay boshlaydi.
«Yevrostar»da - faqat niqobda
Buyuk Britaniyadan Fransiya va Belgiyaga «Yevrostar» poyezdida safar qiluvchilar tibbiy niqobda bo‘lishi shart hisoblanadi. Hukumat odamlar og‘zi va burnini istalgan vosita bilan to‘sishi mumkinligini bildirgan, ya'ni faqat tibbiy niqob va respiratorlar bo‘lishi shart emas.
Poyezdga niqobsiz chiqmoqchi bo‘lganlarga ruxsat berilmaydi.
Fransiya va Belgiyada tibbiy niqob taqish majburiy hisoblanadi, bunga amal qilmaganlik uchun katta jarimalar qo‘llanishi mumkin.
Karantinga qaramay, «Yevrostar» safarlarni uyushtirishni davom ettirmoqda, lekin reyslar soni kamaygan. Avvallari Londondan bir kunda o‘ndan ortiq poyezd safarga chiqqan bo‘lsa, hozirda faqat ikkita: Parij va Bryusselga.
Shu hafta ishga qaytgan Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson tibbiy niqob taqish mamlakatda karantin choralari bekor qilinishi uchun zarurligini aytib o‘tdi
Hindiston yana ikki hafta karantinda
Juma kuni Hindiston hukumati mamlakatda karantin choralari 4 maydan boshlab yana ikki hafta davomida amal qilishi, ammo epidemiologik vaziyat nisbatan yaxshiroq bo‘lgan hududlarda ayrim choralar bekor qilinishi aytilgan.

Hindiston hududlari uch toifaga ajratilgan: qizil (infeksiya tarqalishi xavfi yuqori darajada saqlanib qolgan), yashil (21 kun davomida yangi kasallar aniqlanmagan) va zarg‘aldoqrang (vaziyat aniq bo‘lmagan).
Garchi ayrim cheklovlar butun mamlakat uchun amalda bo‘lsada, «yashil hudud»larda ayrim yumshatishlar ko‘zga tashlanmoqda. Hind nashrlarining yozishicha, mamlakatdagi yirik shaharlar, jumladan Dehli va Mumbay «qizil hudud»ligicha qolmoqda.
Hindiston hukumati davlat va xususiy korxonalar xodimlariga o‘z smartfonlarida koronavirusga chalinganlar bilan aloqani kuzatib boruvchi ilova o‘rnatishini majburiy qilib qo‘ygan.
Kim koronavirus yuqtirganlar bilan aloqada bo‘lgani haqida xabardor qilib turuvchi Bridge to Healthcare («Sog‘liqni saqlash uchun ko‘prik») ilovasi 50 milliondan ortiq kishi tomonidan ko‘chirib olingan.
Mavzuga oid

19:24 / 23.02.2025
Ispaniyada odam savdosi bilan shug‘ullangan yirik tarmoq fosh etildi

22:23 / 19.02.2025
Ispaniya va Misr G‘azo sektoridagi falastinliklarning ko‘chirilishiga qarshi chiqdi

22:45 / 18.02.2025
Kanada va Ispaniyaning O‘zbekistondagi yangi elchilari tayinlandi

17:55 / 06.02.2025