Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Work and travel”ni va’da qilganlar ustidan sud boshlandi
“Work and travel” shaklida AQShga ishga jo‘natishni va’da qilgan “American Adventure” firmasi vakillari firibgarlikda ayblanmoqda. Shartnoma shartlari bajarilmagan, ko‘plab holatlarda pullar qaytarib berilmagan. Mijozlar Amerikadagi “ish beruvchi” tomonidan suhbatdan o‘tkazilgan bo‘lib, jabrlanuvchilardan biri bu suhbatlar spektakl bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Toshkentda xorijga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlikda ayblanayotgan “American Adventure” turfirmasi vakillari ustidan sud boshlandi. Ish JIB Yunusobod tuman sudida sudya Umidbek Musayev raisligida ko‘rilmoqda.
Sudlanuvchilar – firma rahbari Azimjon Najmiddinov va firmada norasmiy ishlagani aytilayotgan Bekzod Mahmudov. Ammo sudda Mahmudov yo‘q – jabrlanuvchilardan biri uni chet elga qochib ketgan deb hisoblaydi.
“American Adventure” ishi oldinroq Kun.uz'da yoritilgan edi. O‘shanda bir nechta fuqaro firmaga qanday aldangani va pullari qaytarilmayotgani haqida so‘zlab bergandi.
4 sentabrdagi sud majlisida 10 ga yaqin jabrlanuvchi ko‘rsatma berdi.
Firmaning mijozlari oldidagi va’dalari – “work and travel”dasturi doirasida AQShga jo‘natish, ish bilan ta’minlash, elchixonaga suhbatga navbat olish, tibbiy sug‘urta qilish va boshqa qulayliklar bo‘lgan.
Odamlar firma xizmatlari uchun 3 400 dollargacha to‘lagan. Elchixona suhbat chog‘ida fuqaroga viza berishni rad etsa, “American Adventure” suhbatga kiritganlik uchun to‘langan pul mablag‘idan 500 dollargacha ushlab qolgan. Qolganlarini qaytarib berishi kerak bo‘lgan, lekin shartnoma shartlari bajarilmagan.
Jabrlanuvchilar shartnoma tuzish, pul oldi-berdisida asosan Afzal ismli shaxs bilan muloqotda bo‘lishganini aytishdi.
“2023 yilning yanvar oyida o‘rtog‘im “American Adventure”ning “work and travel”dasturini maslahat berdi. Keyin ofisini topdim, Afzal aka: “To‘lov summasi 3 400 dollar, birdaniga to‘lasangiz 500 dollar chegirma” dedi. 1 fevral kuni kelib, 2900 dollar to‘lovini qildim. Bu to‘lovga elchixonaga kirishgacha bo‘lgan barcha hujjatlarimizni qilib beramiz, deyishdi. Agar o‘sha aytilgan narsa qilinmasa, shartnoma bo‘yicha 2023 yil oxirigacha pul qaytarib berilishi kerak edi. Keyin 2023 yilning mart oyida ish bo‘yicha ariza topshirdim. May oyida ishdan taklif keldi. 2 haftadan keyin Afzal aka “otkaz” bo‘ldi, degan javob berdi.
Lekin men u suhbat soxtalashtirilgan deb o‘yladim. Chunki u yoqda 4-5 ta shtatga topshiriladi. Masalan, men Las Vegasga topshirganman, boshqalar Floridaga yoki boshqa shtatga topshirgan, lekin hamma shtatlar uchun o‘sha ish beruvchi suhbat qilgan. Shunaqa spektakl uyushtirilgan deb shubhaga bordim.
Keyin Afzal aka bilan gaplashganimda: “Bo‘ldi, sizga boshqa taklif beramiz”, deyishdi. Filippin yoki Xitoydan vizaga kirib, Amerikaga ketishingiz mumkin, 1000–1500 dollar atrofida ketadi, deyishdi. Men u taklifni rad qildim-da, bo‘ldi, pulimni qaytarib bering deb, shu yerda protsessni to‘xtatishni so‘radim”, deydi jabrlanuvchilardan biri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Afzal ismli shaxs 2023 yil oxirigacha pulni qaytarishini aytgan. Ammo 2024 yilning yanvariga kelib ofis yopilgan, u shaxs esa Telegram'dan g‘oyib bo‘lgan.
Boshqa bir jabrlanuvchi ham Afzalga 2 900 dollar to‘lagani va suhbatda qatnashganini aytdi.
“Telegram orqali suhbat bo‘lgan. Unda qanaqa ish topish, qayerda ishlash mumkinligi aytilgan. Afzalning aytishicha, bizlar suhbatlashgan odam ish beruvchi bo‘lgan. Afzal bizga PDF, excel va word fayllarida ish ro‘yxati, qaysi shtat va shaharlarda ish borligini ko‘rsatib o‘tdi. Keyin o‘rtog‘im bilan ularni tanlab yubordik. Shunda mart oyi (2 fevralda shartnoma tuzilgan – tahr.) oxirida ofisga bordik. Afzal: “Biz elchixonaga ro‘yxatdan joy ololmaymiz, joy to‘lib ketgan, faqat dushanba va chorshanba kunlari ro‘yxatga olish ochilgan, sistema qiyinlashgan, shuning uchun ikkita tanlov bor: boshqa davlatga borish yoki hozir hamma harakatlarni to‘xtatib, pulni qaytarib olish”, dedi. O‘shanda o‘rtog‘im Singapurga borib kelaman degandi. Men esa pulimni qaytaringlar dedim. Keyin o‘rtog‘im Singapurga borib keldi, lekin ololmadi”, – deydi jabrlanuvchi.
“Men universitetning 3-kursida o‘qirdim va kursdoshim menga “American Adventure”ga murojaat qilishimni tavsiya qildi, chunki ular ish tajribasi almashish uchun Amerikaga yuborisharkan. 32 mln 712 ming so‘m xizmat haqi to‘ladim.
Ular bu uchun Amerikada ish topishi, elchixonadan navbat olishi kerak edi. Bizga qaysidir shtatlarning ro‘yxatini berishdi, mos keladiganlarini tanlashimiz mumkin edi. Bir guruh odamlarni to‘plashdi va Amerikadan turib bir firmaning mas’uli biz bilan suhbat o‘tkazdi. Lekin u yerdan bizni ishga qabul qilishlari haqida hech qanday taklif yoki hujjat yuborilmadi. Faqat Amerikada ishni qanday topish kerakligi tushuntirildi. Elchixonaga navbat ham olib berisholmadi. Chunki ular navbat ololmaymiz deyishardi.
Singlim uchun ham 32 mln so‘m to‘lagandim. Afzal bilan gaplashib hech nimaga erisha olmadik, na pulga, na ishga. Keyin biz Mahmudov Bekzodga hech qanday ish bajarilmayotgani, pullarni qaytarishni aytib murojaat qildik. Shundan keyin to‘lagan pulimning 12 millionini qaytardi xolos”, – deydi jabrlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida.
Jabrlanuvchilarga ko‘ra, firma mas’uli pullar Sloveniyaga yuborilganini, uni qaytarish qiyinligini aytgan. Shundan keyin mijozlarga pul mablag‘i dekabrda qaytarib berilishi va’da qilingan. Biroq hech narsa o‘zgarmagan.
Jabrlanuvchilarning ayrimlari pullarni dollarda, naqd shaklda to‘lagani, firmaning Afzal ismli vakili ularga imzoli chek berganini aytdi.
Sudlanuvchi firma rahbari Azimjon Najmiddinov jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalarini tinglarkan, hech narsa demadi. Navbatdagi sud majlisi 10 sentabrga belgilandi.
Mavzuga oid
18:28 / 25.12.2025
“Credit House” ishida sud boshlandi: birinchi kun qanday o‘tdi?
16:54 / 25.12.2025
6000 funt oylik, qalbaki taklifnoma va g‘oyib bo‘lgan «menejer». Soxta ish e’lonlari ortidagi firibgarlik sxemasi
10:00 / 25.12.2025
Makron YeI qonuni sabab kiritilgan AQSh sanksiyalarini qoraladi
22:54 / 24.12.2025