14:33 / 21.09.2020
4910

O‘zbekistonda 1,5 mln bola maktabga qatnab o‘qiy boshladi. Jami maktablarning 44 foizi ochilgan

Respublika bo‘yicha an'anaviy ta'lim jarayonlari boshlangan maktablar soni 4 379 taga yetdi, deb ma'lum qildi Xalq ta'limi vazirligi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

Hududlardagi epidemiologik vaziyat, ta'lim dargohi va sog‘liqni saqlash tizimining vaziyatga tayyorligidan kelib chiqqan holda 21 sentyabrdan boshlab, respublika bo‘yicha jami 4 379 ta (43,9%) maktab to‘laqonli ravishda ishlamoqda.

Xalq ta'limi vazirligi xabariga ko‘ra, mazkur maktablarda 2,1 mln nafar (34 foiz) o‘quvchi tahsil olayotgan bo‘lib, ulardan 1,5 mln nafari (72 foiz) an'anaviy, qolgan 595 ming nafari (28 foiz) onlayn shaklda ta'lim olmoqda.

«Maktab faoliyati tiklanmagan o‘quvchilarning ta'lim olishi esa «Onlayn-maktab» loyihasi doirasidagi televizion darslar orqali ta'minlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, maktablarning an'anaviy shaklda ochilishi to‘g‘risidagi qarorlar har bir maktab bo‘yicha individual tarzda ularning haqiqiy tayyorgarligi, hududdagi yoxud maktabdagi sanitariya-epidemiologik vaziyat, o‘qituvchilar orasida koronavirus kasalligining qayd etilishi hamda sog‘liqni saqlash tizimi xulosalariga muvofiq faqatgina mahalliy kengash deputatlari ruxsatidan so‘ng qabul qilinadi», – deyiladi vazirlik axborotida.

XTV avvalroq barcha maktablar 1 oktyabrga qadar ochilishi kutilayotganini ma'lum qilgandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top