14 sentabr, dushanba kunidan boshlab O‘zbekistonda yana 2300dan ortiq maktab ochilib, ularda an'anaviy ta'lim boshlanadi.

Xalq ta'limi vazirligidan xabar qilishlaricha, 7 sentabr kuni ochilgan 329ta maktab bilan qo‘shib hisoblaganda, 14 sentyabrdan e'tiboran faoliyati yo‘lga qo‘yilgan maktablar soni 2635tani tashkil etadi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistondagi umumta'lim maktablari soni 10 mingga yaqin. O‘quvchilar 6,2 million nafar, o‘qituvchilar esa 486 mingdan oshadi.

Aksariyat maktablarda an'anaviy ta'lim 1 oktyabrga qadar tiklanishi kutilmoqda. Bunda maktablarni ochish haqidagi qaror individual tarzda joylardagi haqiqiy holat hamda sog‘liqni saqlash tizimi xulosalariga muvofiq, mahalliy kengashlar deputatlari ruxsatidan so‘ng qabul qilinadi.

«Bunday qaror hududdagi epidemiologik vaziyat, o‘qituvchilarda aniqlangan koronavirus ko‘rsatkichi, hududdagi sog‘liqni saqlash tizimining vaziyatga tayyorligidan kelib chiqib qabul qilinadi.

Bunda har har bir hudud individual tarzda yondashayotganligini ham alohida qayd etish mumkin. Aytaylik, Navoiy viloyatidagi ba'zi maktablarda dastlabki haftalarda asosan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari an'anaviy ta'lim shakliga jalb qilinmoqda, boshqa viloyatlarda esa maktabning har bir sinfi turli vaqtda va navbatda o‘qishni tashkil qilmoqda.

Har bir viloyat va tuman kesimida faoliyati tiklanayotgan maktablar to‘g‘risidagi ma'lumotlar tegishliligi bo‘yicha hokimliklar va tuman xalq ta'limi bo‘limlari rasmiy internet tarmoqlarida e'lon qilinishi belgilangan. Shu bilan birgalikda, maktablar sinf rahbarlari orqali ota-onalarni xabardor qiladilar», – deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 14 sentyabrdan boshlab maktab o‘quvchilari uchun barcha fanlardan televizion darslar efirga uzatila boshlanadi