O‘zbekiston | 12:17 / 20.06.2022
4072
3 daqiqa o‘qiladi

Konstitutsiyada «O‘zbekiston – ijtimoiy davlat» degan g‘oya mustahkamlab qo‘yiladi

Prezidentning O‘zbekiston konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvi o‘tkazilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev asosiy qonunda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan g‘oyani mustahkamlashni taklif etdi

“Chunki “inson qadri” tushunchasi “ijtimoiy davlat” tushunchasi bilan chambarchas bog‘liq. Ijtimoiy davlat – ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish bo‘yicha samarali siyosat olib boradigan davlat modelidir. 

Ijtimoiy davlat muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur bo‘lgan iste’mol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qo‘yilishini nazarda tutadi. U shaxs va uning oilasi munosib hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratishni talab qiladi. 

Shu bilan birga, ishsizlikdan himoyalanish, kafolatlangan sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam, barcha uchun teng imkoniyatlar, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ham ijtimoiy davlatning asosiy vazifasidir", dedi davlat rahbari.

Qayd etilishicha, shular qatorida yashash uchun zarur resurslar – ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi, transport va boshqa qulayliklar bilan ta’minlanish, majburiy mehnatga taqiq qo‘yish ham ijtimoiy davlatda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiy davlatda hech kim e’tibordan chetda qolmaydi, o‘z muammolari bilan yolg‘iz tashlab qo‘yilmaydi. Ijtimoiy davlatda inson qadri deganda, avvalo, fuqaroni yashash uchun zarur uy-joy bilan ta’minlashni tushunamiz. Bizning xalqimiz uchun uy-joy – bu Vatan ichra kichik vatandir. 

Insonning dunyoga kelishi, shaxs sifatida kamol topishi, farzandlarni voyaga yetkazish, milliy urf-odat va tarixiy an’analarni davom ettirish, to‘ylar qilish aynan uy-joyda amalga oshiriladi. Farzand tug‘ilsa, yaxshi niyatlar bilan odamlarimiz hovlisiga ko‘chatlar ekib, shu uy, shu bog‘ ko‘p yillar avlodlarimga xizmat qilsin, deb ezgu niyatlar qiladi.

Shu bois uy-joyli bo‘lish, uning daxlsizligini ta’minlash har bir inson hayotida qanchalik muhim ekanini barchamiz yaxshi bilamiz", dedi prezident.

Mavzuga oid