Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Saloh qaytdi va rekord o‘rnatdi, «Arsenal» va «Barsa»da qiyin g‘alaba
«Arsenal»ga avtogollar yordam berdi, «Liverpul» yuqoriga ko‘tarilmoqda. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
«Liverpul» – «Brayton» 2:0
Gollar: Ekitike, 1 (1:0). Ekitike, 60 (2:0)
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate, Kerkez, Jo Gomes (Saloh, 26), Jons, Gravenberh, Makallister, Virs (Roberson, 78), Soboslai (Kiyeza, 83), Ekitike (Isak, 78)
«Brayton»: Verbryuggen, Dank, van Hekke, Ferdi Kadio‘g‘li, Viffer, Hinshelvud (Uelbek, 82), Baleba (Ayyari, 64), Gruda (Mitoma, 64), D. Gomes (Milner, 87), Minte, Ryutter (Kostulas, 82)
Ogohlantirishlar: Konate, 64 – D. Gomes, 45. Dank, 59
Mojaroli intervyusidan keyin bosh murabbiy Arne Slot bilan gaplashib olgan Saloh jamoaning o‘yin uchun qaydnomasiga qaytdi. O‘yin boshlanishidan oldin translatsiya rejissyori futbolchi zaxira o‘rindig‘ida yuzida tabassum bilan o‘tirganini namoyish etdi.

O‘yin boshlanishi bilan «Enfild» gumburladi. «Liverpul»ning kuchli pressingi Jo Gomes to‘pni bosh bilan jarima maydoniga yetkazib berishi, u yerda turgan Ekitike esa darvoza to‘rini o‘qqa tutishi bilan yakunlandi. Mersisaydliklar APLda 2019 yil aprelidan buyon bu qadar erta (46-soniyada) hisobni ochishmagandi, o‘shanda Keyta 15-daqiqada gol urib, klub rekordini o‘rnatgan. Bu safargi gol joriy mavsumda APLda urilgan eng tezkor golga aylandi.
Saloh esa kutilganidan oldinroq maydonga qaytdi. 26-daqiqada Jo Gomes jarohat oldi va misrlik futbolchi maydonga tushib, jamoaning asosiy universali Soboslai o‘ng qanot himoyasiga o‘tdi. Muhammad darhol golli vaziyat yaratdi va umuman olganda juda tetik ko‘rindi. Ammo qizillar tezda ikkinchi golni ura olishmadi va ikkinchi bo‘lim boshida mehmonlar hisobni tenglashtirishi ham mumkin edi, ammo Diyego Gomes bo‘sh darvozani ishg‘ol etolmadi.

Shundan keyin Saloh yana o‘zini ko‘rsatdi va burchak zarbasidan ideal uzatma berib, olis ustun oldida bo‘sh turgan Ekitikeni to‘p bilan ta’minladi. Bu orqali u APLda navbatdagi rekordni o‘rnatdi. Endi u bir jamoadagi golli harakatlar soni bo‘yicha uzoq vaqtdan buyon Ueyn Runiga tegishli bo‘lib kelgan ko‘rsatkichni yangiladi. «Liverpul» vingeri endi 277 ballga ega (188 gol va 89 uzatma).
U o‘yin oxirigacha bu natijasini yanada yaxshilashi va haqiqiy qaytishni amalga oshirishi mumkin edi, ammo Kiyezaning uzatmasidan keyin qulay vaziyatda turib darvozan ishg‘ol etolmadi.
Shunga qaramay, aynan uning yordami bilan «Liverpul» ishonchli g‘alabaga erishib, turnir jadvalida «Brayton»ni quvib o‘tdi hamda endi hozircha beshinchi o‘rinda borayotgan «Kristal Pelas»ga ochkolar soni bo‘yicha yetib oldi.
«Chelsi» – «Everton» 2:0
Gollar: Palmer, 21 (1:0). Gyusto, 45 (2:0)
«Chelsi»: Sanches, Chaloba, Fofana, Kukurelya, Gyusto, Fernandes, Jyeyms, Palmer (Santos, 58), Garnacho (Gittens, 65), Pedru Netu, Joao Pedro (Estevao, 81)
«Everton»: Pikford, Kin, Tarkovski, Mikolenko, O`Brayyen, Geyye, Garner (Iroegbunam, 84), Dyusberi-Holl (Alkaras, 16), Grilish (Dibling, 84), Ndiay, Barri (Betu, 68)
Ogohlantirish: Fofana, 76
Mavsum starti arafasida dekabr oyi o‘rtalariga kelib «Stemford Brij»da kechadigan o‘yinda «Chelsi» va «Everton» o‘rtasidagi kuchli to‘rtlik uchun kurash kechishini deyarli hech kim tasavvur qila olmasdi. Londonliklar chempionlik poygasida bo‘lishi kutilgan holat edi, ammo «Everton» mavsum yarmigacha bu qadar yuqori natija ko‘rsatishi – ko‘pchilik uchun syurpriz bo‘ldi. Londondagi o‘yinda «irislar» ilk daqiqalardan o‘z natijalari tasodif emasligini va mezbonlardan cho‘chimasligini ko‘rsatishga kirishdi. Lekin 15-daqiqadayoq jamoa yetakchisi Dyusberi-Holl jarohat oldi, ko‘p o‘tmay mezbonlar hisobni ochishdi, tribunalar esa Palmerning so‘nggi uch oydan ko‘proq vaqt davomidagi ilk golini katta xursandchilik bilan nishonlashdi. Koul bu orqali APLdagi gollari sonini 39 taga yetkazib, «Chelsi» tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar reytingida Nikolya Anelkani quvib o‘tib, to‘qqizinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Unga assistentlik qilgan himoyachi Gyusto birinchi bo‘lim oxirida amalda o‘yin taqdirini hal qildi. Enso Mareska shogirdlari shu kuni vaziyatlardan foydalanish bo‘yicha a’lo natija ko‘rsatishdi va bu orqali uzoq kutilgan g‘alabaga erishishdi. Jamoa YeChLda «Barselona»ni mag‘lub etganidan keyin barcha turnirlar doirasidagi to‘rt o‘yinda birorta g‘alabaga erishmagandi (=2-2). Bu oraliqda faqat «Arsenal» bilan o‘yindagi durangni jamoa hisobiga yozish mumkin, «Lids» va «Atalanta» bilan o‘yinlardagi mag‘lubiyat va «Bornmut» bilan o‘yindagi durangni muxlislar qabul qila olishmagandi. Ammo endi Palmer qaytishi bilan jamoaning ishlari ham yurisha boshladi – «Chelsi» kamida «Kristal Pelas» va «Manchester Siti» o‘rtasidagi o‘yin yakunigacha to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi.
«Arsenal» – «Vulverhempton» 2:1
Gollar: Jonston, 70 – avtogol (1:0). Arokodare, 90 (1:1). Moskera, 90+4 – avtogol (2:1)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Inkapiye, Timber, Uayt (Lyuis-Skelli, 31), Subimendi (Merino, 58), Rays, Eze (Edegor, 57), Martinelli (Trossar, 57), Saka, Yokeresh (Gabriel Jyezus, 81)
«Vulverhempton»: Jonston, Agbadu, Gomesh (Mane, 86), Moskera, Andre, Gomes, Kreychi (Arias, 80), Volfe, Doerti (Chachua, 69), Larsen (Arokodare, 69), Hvan Hi Chhang (Lopes, 80)
Ogohlantirishlar: Hvan Hi Chhang, 60. Doerti, 65. Moskera, 90. Agbadu, 90
APLning birinchi va oxirgi jamoalari o‘yinidan oldin ikkita savol bor edi: «Arsenal» autsayder darvozasiga birinchi golni qachon urishi va «Vulverhempton» «kanonirlar»ga qarshi qatorasiga to‘qqizinchi o‘yindagi mag‘lubiyatini qanday hisobda qabul qilib olishi bo‘yicha. Faqat amalda Mikel Arteta jamoasi jiddiy qiyinchilikka duch keldi. Mezbonlar dastlabki 45 daqiqalikda darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan birorta to‘g‘ri zarba yo‘llay olmadi, Hvan Hi Chhang esa qarshi hujumda hisobni ochishga juda yaqin keldi.
Hatto burchak zarbalari ham samara bermadi. Natijada muxlislar ikkinchi bo‘limda bo‘ladigan o‘zgartirishlardan umid qilishiga to‘g‘ri keldi. Qolaversa, «Arsenal» APLda ikkinchi bo‘limning dastlabki 15 daqiqasida eng ko‘p gol urgan (8) jamoa hisoblanadi. Ammo bu safargi o‘yinda ikkinchi bo‘lim startidagi hujumlar ham golga olib kelmadi. Shundan so‘ng Arteta uchtalik almashtirish amalga oshirib, Edegor, Trossar va Merinoni maydonga tashladi. Yangilangan tarkibda o‘yin boshqacha kecha boshladi va mehmonlar darvozaboni Jonston zerikib qolmadi. U bir necha bor jamoasini qutqardi, ammo baribir alamli tarzda gol o‘tkazib yubordi. Saka burchak zarbasidan keyin to‘pni aylantirib darvozabon hududiga yo‘naltirdi, to‘p ustundan qaytdi, ammo darvozabonning yelkasi orqali to‘rga kirib ketdi.
Shundan keyin mezbonlar muvaffaqiyatni rivojlantirish o‘rniga negadir himoyaga qaytishdi, mehmonlar ustozi esa himoyachilar o‘rniga hujumchilarni tushirdi, bu esa hisob tenglashishiga olib keldi. 90-daqiqada jarima maydoni ichida to‘p uchun kurashda Inkapiyedan ustun kelgan Arokodar APLdagi ilk golini urdi.
«Vulvz» xarakter ko‘rsatdi, ammo o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda bejiz so‘nggi o‘rinda yurmaganini isbotladi. 90+4-daqiqada Sakaning qanotdan uzatmasidan keyin Jyezus bilan to‘p uchun kurashgan Yyerson Moskera o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Londonliklar ikki avtogol evaziga muhim uch ochkoni qo‘lga kiritishdi. Chempionlik poygasida esa bunday o‘yinlarda qo‘lga kiritilgan ochkolarning ahamiyati juda yuqori bo‘ladi.

Ispaniya: Simeone uchun qulay raqib va «Barsa»da yubiley g‘alaba
«Atletiko» – «Valensiya» 2:1
Gollar: Koke, 17 (1:0). Beltran, 63 (1:1). Grizmann, 74 (2:1)
«Atletiko»: Oblak, Gansko, Pubil, Rudjyeri, Molina (Le Norman, 46), Koke, Barrios (Gallaher, 59), Gonsales (Almada, 59), Simeone, Serlot, Alvares (Grizmann, 59)
«Valensiya»: Agirresabala, Kopete, Eray Jyemert (Santamariya, 71), Vaskes (Xose Gayya, 82), Fulkya, Pepelu (Ramazani, 82), Ugrinich (Gerra, 72), Andre Almeyda I, Korreya, Duro, Diyego Lopes (Beltran, 55)
Ogohlantirishlar: Pubil, 32. Serlot, 42. Almada, 90 - Duro, 88
«Atletiko» mavsumdagi ilk o‘yinida durang o‘ynagandi, ammo shundan buyon «Metropolitano»dagi o‘yinlarda faqat g‘alaba qozonmoqda. «Valensiya» bilan o‘yinda kutilganidek qatorasiga sakkizinchi g‘alabaga erishildi. Gap shundaki, «ko‘rshapalaklar» – Diyego Simeone davridagi eng «sevimli» mehmon hisoblanadi. Argentinalik mutaxassis boshchiligida «matraschilar» Madridda ushbu raqibga uydagi o‘n besh o‘yindan birortasida yutqazmagan (+11=4).
Lekin shanba kungi muvaffaqiyatni oson qo‘lga kiritildi, deb bo‘lmaydi. Holbuki o‘yin Kokening tezkor goli bilan boshlangandi. Ammo valensiyaliklar munosib kurash taklif etishdi va ikkinchi bo‘limdagi javob goli o‘yin mantig‘iga mos kelardi. Faqat Grizmann maydonga tushirilishi tarozini mezbonlar foydasiga og‘dirdi. Fransiyalik tajribali hujumchi Pubilning uzatmasidan keyin to‘pga ega chiqdi va yaqin burchakka qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi. Bu g‘alabadan keyin «Atletiko» uchinchi o‘rin bilan oradagi farqni bir ochkogacha qisqartirdi va endi «Vilyarreal» yakshanba kuni ochko yo‘qotishini kutadi.
«Barselona» – «Osasuna» 2:0
Gollar: Rafinya, 70 (1:0). Rafinya, 86 (2:0)
«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi (Fermin Lopes, 75), Martin, Balde (Kristensen, 88), Kunde, Pedri (Kasado, 88), E. Garsiya, Rafinya (Barji, 88), Reshford (de Yong, 74), Yamal, Torres
«Osasuna»: Errera, Errando, Boyomo, Katena, Bretones, Argibide (Roze, 69), Torro (I. Munos, 46), Oros (R. Garsiya, 64), Monkayola, Budimir (Raul Garsiya, 64), V. Munos (Bekker, 65)
Ogohlantirishlar: Bretones, 35. I. Munos, 59. Monkayola, 67
«Barsa» «Osasuna»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limi o‘rtalarigacha faol hujumlar uyushtirdi va raqibni holdan toydirishdi. Shundan keyin pamplonaliklar ofsayd qopqoni qo‘yishda xato qilishdi va Ferran Torres Reshfordning uzatmasi bilan hisobni ochishdi. Ammo vaziyatga VAR aralashib, to‘pni burchakdan o‘yinga kiritish vaqtida «o‘yindan tashqari» holat yuzaga kelganini qayd etishdi. Rafinyaning tovoni ofsayd chizig‘idan tashqarida qolib ketgandi.

Ikkinchi bo‘limda «Osasuna» ham qarshi hujumlarga chiqib, mezbonlar muxlislarini xavotirda ushlab turishdi. Kataloniyaliklarning burchak zarbasidan keyin uyushtirilgan qarshi hujum Munyos hisobni ochishi bilan yakunlanishiga bir baxya qoldi.
Mezbonlar ayrim oraliqlarda to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichini 90 foizga 10 foiz nisbatigacha yetkazishdi, ammo to‘p hadeganda raqib darvozasiga kiray demasdi. Faqat 70-daqiqaga kelib Pedri maydon markazidan Rafinyani oldinga boshladi va shu kuni jamoani sardor sifatida maydonga boshlab tushgan braziliyalik vinger hisobni ochdi.
Mehmonlar o‘tkazib yuborilgan goldan keyin to‘liq kuch bilan hujumga tashlandi va darvozani ishg‘ol etishga ham muvaffaq bo‘lishdi. Ammo bu gol darvozabonga ishlatilgan fol tufayli bekor qilindi.
Shundan keyin oldingi chiziqda katta bo‘shliqlarga ega bo‘lgan ko‘k-anorranglilar ikkinchi golni ham urishdi. Kunde qanotdan uzatma berdi, to‘p «Osasuna» himoyachisi Katena orqali olis ustun oldida turgan Rafinyaga borib tushdi. Bu kataloniyaliklarning La ligada yil boshidan buyon urilgan 100-goliga aylandi. Bunaqasi «Barsa» tarixida to‘qqizinchi bor, Messi ketganidan keyingi davrda esa ikkinchi bor kuzatilmoqda. Ammo asosiysi, jamoa klasikodagi mag‘lubiyatdan keyin qatorasiga yettinchi o‘yinda g‘alabaga erishdi va turnir jadvalidagi peshqadamlikni mustahkamladi.
