O‘zbekiston | 19:53 / 23.02.2026
12661
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzax viloyatida ikkita Cobalt Hyundai’ni to‘xtatdi. Haydovchi va yo‘lovchilar kaltaklangan

Jizzax viloyatida trassada sodir bo‘lgan hodisada ikkita Cobalt avtomashinasi Hyundai’ni yo‘l chetiga qisib to‘xtatib, undagi shaxslarga hujum qilgan. Zo‘ravonlik oqibatida haydovchi va yo‘lovchilar jarohat olgan, gumonlanuvchilar esa tezkor tarzda aniqlanib, uch nafari qamoqqa olingan.

Foto: Jizzax viloyati IIB

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida yashovchi fuqaro Jizzax viloyati IIB tezkor aloqa xizmatiga murojaat qilib, yo‘lda sodir etilgan bezorilik yuzasidan yordam so‘ragan.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent-Termiz avtomobil yo‘lining Jizzax viloyati Do‘stlik tumani hududidan o‘tgan qismida 2002 yilda tug‘ilgan Sh.Sh. boshqaruvidagi Hyundai avtomashinasi harakatlanayotgan vaqtda ikki Cobalt mashinasi tomonidan yo‘l chetiga qisib to‘xtatilgan.

Shundan so‘ng bir guruh notanish shaxslar avtomashina oldiga kelib, haydovchi hamda Qarshi tumani va shahrida yashovchi uch nafar fuqaroga zo‘ravonlik ishlatgan. Oqibatda jabrlanuvchilar tan jarohatlari olgan, shuningdek avtomashinaning o‘ng tomon ko‘rsatkichi va old yon oynasi sindirilgan.

Jizzax viloyati IIB tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida gumonlanuvchilar qisqa muddatda aniqlangan. Ular orasida Toshkent shahri Sergeli va Chilonzor tumanlarida yashovchi 1992 va 1993 yillarda tug‘ilgan uch nafar, Uchtepa tumanida yashovchi 1990, 1997 va 2004 yillarda tug‘ilgan yana uch nafar, shuningdek Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan shaxs borligi ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilardan uch nafariga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Исомиддин Пулатов
Tayyorlagan Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid