Iqtisodiyot | 21:06 / 19.04.2025
10980
5 daqiqa o‘qiladi

Rublning mustahkamlanishi Kremlning zarariga ishlashi mumkin. Qanday qilib?

Yil boshidan beri rubl dollarga nisbatan 30 foizga, yevroga nisbatan 12 foizga, yuanga nisbatan esa 20 foizga mustahkamlandi. Bloomberg ushbu holatni Kreml uchun «yoqimsiz hodisa» deb atadi. Agentlikning qayd etishicha, rublning mustahkamlanishi xorijiy valutada olinadigan energiya daromadlarini kamaytiradi va mamlakat ichidagi ishlab chiqarish xarajatlarini oshiradi.

Foto: Getty Images

18 aprel, juma kuni Rossiya rublining dollar va yuanga nisbatan kursi 2023 yil iyunidan buyon eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda Moskva birjasi saytidagi ma’lumotlarga tayanib, DW xabar berdi.

AQSh sanksiyalari tufayli ushbu platformada dollar va yevro bilan savdo qilish 2024 yilning iyunidan to‘xtatilgan. Biroq Moskva birjasi indikativ valuta kurslarini e’lon qilishda davom etyapti. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, 18 aprel kuni bir AQSh dollarining nisbatan kursi 82,02 rublni tashkil qilgan.

2025 yilda rubl keskin mustahkamlandi

2024 yil noyabr oyi oxirida Rossiya valutasi bir dollar uchun deyarli 110 rublgacha qadrsizlangandi. 2025 yil boshida bir dollar 101,6 rublga teng bo‘lgan bo‘lsa, Jo Bayden ma’muriyatining Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalar kiritishi fonida stavka 15 yanvarda joriy yildagi eng maksimal nuqta – 103,4 rublgacha yetdi. Biroq Donald Tramp Oq uyga qaytganidan so‘ng rubl kursi barqarorlasha boshladi. Bu vaqt ichida rubl dollarga nisbatan 30 foizga mustahkamlandi.

Yil boshida yuan kursi 13,94 rublni tashkil etgan bo‘lsa, 18 aprelga kelib bu ko‘rsatkich 11,16 rublgacha yoki 20 foizga pasaydi. Yil boshida yevro kursi 106,25 rubl bo‘lgan bo‘lsa, 18 aprelga kelib 93,25 rublga yoki 12,25 foizgacha tushdi.

Dollarning rublga nisbatan joriy kursi 2023 yil iyunidan beri, yuanga nisbatan esa 2023 yilning mayidan beri eng past ko‘rsatkichdir. Yevro ham 2025 yilning fevral va mart oylarida rublga nisbatan sezilarli darajada arzonlashgan.

Bloomberg: Rubl oltindan ham foydaliroq bo‘ldi

Bloomberg’ning 15 aprel kuni xabar berishicha, xalqaro birjadan tashqari bozorda rubl 2025 yil boshidan beri dollarga nisbatan 38 foizga mustahkamlanib, dunyodagi eng tez o‘sayotgan valutaga aylangan. Bu davr mobaynida oltin narxining oshishi 23 foizni tashkil etgan.

Bloomberg’ga ko‘ra rubl kursining mustahkamlanayotganiga Rossiya Markaziy bankining asosiy stavkani 21 foizlik darajada ushlab turgani yordam beryapti, bu inflatsiyaga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Bundan tashqari, boshqa rivojlanayotgan bozor valutalaridan farqli o‘laroq, rubl global sarmoyadorlarning xavfli aktivlarni tark etishi natijasida kapitalning chiqib ketishi bosimini boshdan kechirmayapti, chunki ularning aksariyati Rossiyani allaqachon tark etib bo‘lgan.

Agentlikning qayd etishicha, valutaning mustahkamlanishi Kreml uchun yoqimsiz hodisa bo‘lishi mumkin, chunki bu xorijiy valutada olinadigan energiya daromadlarini kamaytiradi va mamlakat ichida resurslarni ishlab chiqarish xarajatlarini oshiradi. Ukrainadagi urush va ijtimoiy dasturlar uchun rubl ajratish hajmi ham ortadi.

Rubl kursining barqarorlashuviga qaysi omillar ta’sir qilyapti?

Geosiyosiy optimizm. Rossiya va AQSh o‘rtasidagi muzokaralarning boshlanishi, amerikaliklar va Ukraina rasmiylari o‘rtasidagi mojaroni hal qilish bo‘yicha aloqalar xorijiy investorlarning Rossiya fond bozoriga kapital kiritishini rag‘batlantiryapti. Shuningdek, AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish rejasini tayyorlayotgani haqidagi xabarlar ham paydo bo‘lgandi.

Rossiya Markaziy banki oxirgi hisobotida ham rublning mustahkamlanishiga ta’sir qilayotgan asosiy omillardan biri sifatida geosiyosiy keskinlikning pasayishi bo‘yicha ijobiy kutilmalar keltirilgan.

Valuta tushumlarining ko‘payishi. Fevral oyida Rossiyaning eng yirik eksportchilaridan 29 ta kompaniyaning sof savdosi yanvar oyiga nisbatan 25 foizga oshgan va 12,4 milliard dollarni tashkil etgan. Natijada moliya bozorida rubl aktivlariga nisbatan talab oshgan.

Mavsumiy talabning pasayishi. Market Power loyihasi tahlilchilarining qayd etishicha, birinchi chorakda valutaga bo‘lgan talab ham import qiluvchilar, ham aholi o‘rtasida past bo‘ladi. Bu davrda tashqi qarzni to‘lash uchun xorijiy valutaga bo‘lgan ehtiyoj ham yilning boshqa davrlariga nisbatan kamayadi.

Jahon bozorida dollar kursining zaiflashishi. Mart oyida Amerika valutasi nafaqat rubl, balki boshqa valutalarga nisbatan ham zaiflashdi. Global miqyosida dollarga bo‘lgan talab AQSh iqtisodiyoti istiqbollari haqidagi xavotirlarning kuchayishi tufayli pasaygan. Bozordagi sarosimaga Donald Trampning boj urushi asosiy sabab bo‘ldi. Amerika prezidenti joriy qilgan yuqori tariflar natijasida iqtisodiyotda retsessiya boshlanishi istisno etilmayapti. 

Mavzuga oid