Jahon | 20:24 / 08.08.2025
9068
3 daqiqa o‘qiladi

«Ukraina mojarosi kutilganidan ertaroq muzlatilishi mumkin» – Polsha bosh vaziri

Donald Tusk Volodimir Zelenskiy bilan suhbatdan keyin tez orada otashkesim bo‘lishi mumkinligini aytdi. «Zelenskiy optimistik kayfiyatda», – degan u.

NurPhoto/Getty Images

Polsha bosh vaziri Donald Tusk Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan suhbatdan so‘ng shunday dedi: «Muayyan signallar bor va menda shunday hissiyot borki, mojaroning muzlatilishi – men urush tugashi haqida gapirmayapman, faqat mojaroning muzlatilishi – keyinroq emas, balki ertaroq sodir bo‘lishi mumkin».

Tuskning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy suhbat chog‘ida «juda ehtiyotkor, lekin baribir optimist» bo‘lgan. Polsha hukumati rahbari qo‘shimcha qilishicha, Ukraina bo‘lg‘usi kelishuvda Yevropa davlatlari ishtirok etishidan manfaatdor. Zelenskiy o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Tusk bilan suhbatlashgani haqida yozdi, biroq hech qanday tafsilotlarni oshkor qilmadi.

7 avgust kuni Ukraina prezidenti Germaniya kansleri Fridrix Mers, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen va Yevropaning boshqa yetakchilari bilan telefon orqali muloqot qildi. Ular suhbat yakunlari bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlar yoki matbuot xizmatlari orqali qisqacha izohlar bilan cheklangan – ularda Yevropadagilar Ukrainani to‘liq qo‘llab-quvvatlashda davom etishi hamda Donald Trampning vositachilik harakatlarini qadrlashi aytiladi. Yevroittifoqning tashqi ishlar bo‘yicha komissari Anitta Hipper esa shunday degan: «Rossiya qandaydir tinchlikdan manfaatdor emasligi yaqqol ko‘rinib turibdi».

Tramp 6 avgust kuni Yevropa yetakchilariga qo‘ng‘iroq qilib, ularga o‘zining maxsus vakili Stiven Uitkoffning Moskvaga safari yakunlari haqida gapirib bergandi. Bugun The Washington Post gazetasi Yevropadagi yuqori martabali amaldorga tayanib, Trampning Vladimir Putin bilan uchrashuvi tayyorlanayotganidan xabar topgach, Yevropa «sarosimaga tushgani» haqida yozdi. «Shuncha maqtanchoqlikdan keyin Tramp Putinga zarracha bosim o‘tkazmadi. Hozircha shunday. Nol, hech narsa», – degan nashr suhbatdoshi.

Shu bilan birga, Ukrainadagi yuqori martabali mulozimlardan biri anonim tarzda ancha optimistlik bilan fikr bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar birinchi qadam sifatida quruqlikdagi sulhsiz, havo hujumlarini to‘xtatishga erishilishining o‘zi ham «yaxshi natija bo‘lardi». Shu bilan birga, havo hujumlarini to‘xtatish haqidagi gaplar Rossiyaning faqat Trampni tinchlantirishga qaratilgan taktikasi bo‘lishi mumkinligini tan olgan. «Biz barcha nodavlat kanallar orqali Rossiya kelishuvga intilayotgani haqida signallar eshitmoqdamiz. Biroq, tomonlar o‘rtasidagi ishonchga butunlay putur yetib bo‘lgan», – deydi The Washington Post nashrining ukrainalik suhbatdoshi.

Mavzuga oid