Jamiyat | 19:39 / 31.03.2022
23474
4 daqiqa o‘qiladi

Nukusdan Amazon'gacha: Kanadada ishlayotgan nukuslik dasturchi  

O‘z sohasi bo‘yicha xorijdagi nufuzli tashkilotlarda ishlayotgan hamyurtlarimizning tajribasi va faoliyati ko‘pchilikka qiziq bo‘lsa kerak. Ana shunday yoshlardan biri nukuslik Beknazar Abdikamalov. U hozirda AQShning Amazon kompaniyasida dasturchi muhandis bo‘lib ishlamoqda. Qahramonimiz Amazon’gacha bosib o‘tilgan yo‘l, faoliyat va o‘qishdagi qiyinchiliklar, Kanadada ishlashning o‘ziga xosligi haqida Kun.uz’ga intervyu berdi.  

Beknazar Abdikamalov o‘zi kim?  

Beknazar Abdikamalov 1993 yili Nukus shahrida tug‘ilgan. TATUda o‘qishning birinchi semestrini tugatib, 18 yoshida Janubiy Koreyaga o‘qishga ketgan. Hozirda Amazon kompaniyasining Kanadadagi ofisida dasturchi bo‘lib ishlamoqda.

Resurslarning cheklanganligi unchalik yomon holatmas

Maktabimiz birinchi marta internetga qo‘shilganida men umuman shokka tushgandim. Uning tezligi, bir ma’lumotni dunyoning narigi burchagiga katta tezlikda yetib borishi meni hayron qoldirgan. 6-7-sinfdaligimda men aniq dasturchi bo‘lishimni bilardim. Shuning uchun o‘zimga mentorlarni topib, ular bilan email orqali gaplashardim. Aybek Murtazayev (Avstraliyadagi nukuslik dasturchi), Aziz Murtazayev (Facebook sobiq dasturchisi) va Salamat Avezov (Poliglot dasturchi)lar mening birinchi mentorlarim edi. Ular menga ko‘p vaqt ajrata olmasdi. Oddiygina pochta orqali ulardan ko‘proq ma’lumot olishga harakat qilardim. Dadamning ish kompyuteri bor, ammo interneti yo‘q edi. Kompyuter ustaxonasiga borib ishlardim. Evaziga esa bir soat internetdan foydalanishga ruxsat olganman. Shu vaqt ichida mentorlarim bilan muloqot qilib, kerakli darslarni fleshkamga yuklab olardim. Uyga borib videolarni qayta-qayta ko‘rganman. Shu tariqa dasturlashni o‘rgandim. Shuning uchun mening fikrimcha, resurslarning cheklanganligi unchalik yomon holatmas. Ozgina imkoniyatdan ham maksimal darajada foydalansa bo‘ladi.  

Foto: Beknazar Abdikamalovning shaxsiy arxividan
Foto: Beknazar Abdikamalovning shaxsiy arxividan

Nima uchun TATUdagi o‘qish tashlab ketildi?  

Litseyda o‘qib yurganimda xorijda o‘qiyman degan yakuniy qarorga kelgandim. TATUga esa shunchaki, ota-onam uchun topshirganman. TATU bilan birga Janubiy Koreyadagi oliygohga ham hujjat topshirdim. Lekin buni uydagilarga aytmadim. Ota-onam qarshi edi. Tan olish kerak, bizda ko‘pchilik ota-onalar va yoshlar o‘qishga kirilsa bo‘ldi, deb o‘ylashadi. Ammo unday emas. TATUga grant asosida qabul qilindim. Lekin ichimda Koreyadan javob kutardim. U yerdan ham ijobiy javob keldi. Unda ham uydagilarga aytmadim. Viza bilet va boshqa hujjatlarni to‘g‘rilaganimdan keyingina ularga aytdim. Ota-onamning mahallada izza bo‘lmasligi uchungina Toshkentdagi universitetga kirgandim. Sababi mahalladagilar avgust-sentabr oyida bolang qayerga o‘qishga kirdi, deb so‘rashgan. Koreyaga topshirdi degan javobdan ko‘ra o‘qishga kirdi, degan javob bu yerdagilarni qoniqtirishini tushungandim. Bunday stereotiplar bizda afsuski, hozir ham bor.

Foto: Beknazar Abdikamalovning shaxsiy arxividan
Foto: Beknazar Abdikamalovning shaxsiy arxividan

Xorijga ketishimga nohaqliklar sabab bo‘lgan

Maktabda ingliz tili va matematikaga qiziqishim o‘zgacha edi. Fan olimpiadalari, turli xil tanlovlarda ancha nohaqliklarni ko‘rdim. Shundan keyin o‘zimning kuchimni bu yerda (O‘zbekistonda) ko‘rsatish qiyinligini tushundim. Xorij tajribasini egallab, kim aslida kimligini ko‘rsatishga qaror qilgandim o‘shanda. Shundan keyin o‘qish yoki faoliyatdagi har qanday qiyinchilik men uchun misoli o‘g‘it sifatida xizmat qildi.  

Beknazar Abdikamalovning Koreyadagi qiyinchiliklari, Amazon’ga kirish tarixi va Kanada hayoti, eng qimmat shaharlardan biri Vankuverda yashash mashaqqati hamda hayotiy missiyalari haqida intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilib bilib olishingiz mumkin.  

Shuhrat Saidahmadov suhbatlashdi.
Tasvirchilar: Hakim Erjanov, Elburs O‘temuratov.
Montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid