O‘zbekiston | 13:13 / 09.07.2022
14941
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda portlagan gaz ballonlarining qariyb 70 foizi Xitoyda ishlab chiqarilgan

Senatorlar hukumatni xavfsizligi to‘liq kafolatlangan gaz ballonlarini O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarishni rag‘batlantirmayotganlikda aybladi.

2022 yil aprelida Yangiyerda portlagan Nexia-3 / Foto: Sirdaryo viloyati FVB

Senatning 8 iyul kungi yalpi majlisida gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini ta’minlash holati bo‘yicha hukumat tomonidan qayta ko‘rib chiqilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.

Hukumatning javobida aytilishicha, O‘zbekistondagi 196 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida (AGTKSh) 1300 ta kamchilik aniqlangan bo‘lib, 815 tasi o‘z vaqtida bartaraf qilingan bo‘lsa, mavjud muammolarni hal etmagan 70 ta AGTKShning faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

Senat rasmiy reliziga ko‘ra, parlament so‘rovida ko‘tarilgan ayrim masalalar yuzasidan asosli javoblar taqdim etilmagan. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktyabrdagi 815-sonli qarori talablarining ijrosi to‘liq ta’minlanmagan va e’tiborsiz qoldirilgan.

Bugungi kunda siqilgan tabiiy gaz-3 tipidagi ballonlar bilan jihozlangan va yo‘lovchi tashiydigan “JV MAN Auto-Uzbekistan” MChJ QKda ishlab chiqarilgan “MAN A 22 CNG” rusumli barcha avtobuslar texnik sinovdan o‘tkazilmagan holda aholiga xizmat ko‘rsatgan.

Shuningdek, yuk va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi avtotransport vositalariga o‘rnatilgan gaz ballonlarini texnik sinovdan o‘tkazish bo‘yicha sinov laboratoriyalarida zarur sharoitlar yaratish yuzasidan ham aniq javob taqdim etilmagan.

Senatorlarning fikricha, O‘zbekistonda tegishli texnik talablarga javob beradigan hamda xavfsizligi to‘liq kafolatlangan gaz ballonlarini ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga hukumat darajasida yetarli e’tibor qaratilmagan.

“Jumladan, 2020–2022 yillar davomida avtotransport vositalarida o‘rnatilgan va portlagan gaz ballonlarining 70 foiziga yaqini Xitoy Xalq Respublikasidan import qilingan. Holbuki, yurtimizda xavfsizlik talablariga javob beradigan gaz ballonlarini ishlab chiqaruvchi 3 ta korxona mavjud, xolos”, – deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralarga xavfsizlikni ta’minlash maqsadida kiritilayotgan taqdimnomalarga e’tiborsizlik bilan qaralgan. Hukumatdagi mutasaddilar esa bunday holatga nisbatan ta’sirchan munosabat bildirmagan.

Majlisda parlament so‘rovida keltirilgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni Vazirlar Mahkamasi tomonidan davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

Mavzuga oid