O‘zbekiston | 11:13 / 17.11.2025
3440
2 daqiqa o‘qiladi

YaTTlarning firma nomiga ega bo‘la bo‘lishiga ruxsat beriladi

Amaldagi tartibga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkorlar hujjatlarda to‘liq ism-sharifi bilan atab kelinadi. 2026 yil 1 yanvardan boshlab esa, ular o‘z firma nomiga ega bo‘lishi mumkin – prezident farmoni bilan bunga ruxsat berildi. Shuningdek, yuridik shaxslar litsenziya qoidalarini buzgani uchun jarimaga tortilganida, ularning mansabdor shaxslarini alohida ma’muriy javobgarlikka tortish tartibi bekor qilinadi.

Foto: Shutterstock

Prezident farmoni bilan, O‘zbekistonda biznes yuritishni soddalashtirish choralari belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab:

  • yakka tartibdagi tadbirkorlarga firma nomiga ega bo‘lishga ruxsat beriladi;
  • tadbirkorlarning birlamchi ma’lumotlari (masalan, manzil, pasport yoki boshqa identifikatsiya ma’lumotlari) o‘zgarganda, ushbu ma’lumotlar bo‘yicha o‘zgartirishlar YaTT guvohnomasi, litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarga avtomatik tarzda, bepul kiritiladi.

Shuningdek, 2026 yil 1 martdan e’tiboran:

  • litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llanilganda, ularning mansabdor shaxslarini alohida ma’muriy javobgarlikka tortish tartibi bekor qilinadi;
  • “Lisenziya” axborot tizimida litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olishda tadbirkorlar uchun ixtiyoriy dastlabki baholash xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bu xizmat orqali tadbirkor o‘z arizasi va hujjatlari litsenziya yoki ruxsat olish talablariga qay darajada mos kelishini oldindan baholatishi mumkin bo‘ladi.

Farmon bilan 1 yanvardan e’tiboran “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tizimi ishga tushishi belgilandi. Bunda, biznes boshlash niyatidagi shaxslar “yagona darcha”ga murojaat qilganida ular 7 ta turdagi xizmatdan shu yerning o‘zida foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid