Toshkent shahrida dizayn-kod joriy etilayotgani fonida, tadbirkorlar yana ommaviy ravishda reklama va peshlavhalarini o‘zgartirishga majburlanyapti.

Dizayn-kod – shaharning umumiy qiyofasini yaratishga qaratilgan bo‘lib, u xalq deputatlari poytaxt kengashining 2026 yil 17 fevral kungi qarori bilan tasdiqlangan. Qaror e’lon qilinganidan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

“Poytaxtimiz estetikasi tadbirkorning “belini sindirish” evaziga bo‘lmasligi kerak”

Qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov mas’ul idoralarni noqonuniy xatti-xarakatlarni to‘xtatishga chaqirdi.

“Albatta, Toshkentning estetik qiyofasi zamonaviy va chiroyli bo‘lishi kerak. Biroq bu jarayon qonun ustuvorligi doirasida amalga oshirilishi lozim. Bu borada quyidagi prinsipial masalalarga e’tibor qaratish shart deb hisoblayman:

Birinchidan, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining tegishli qarori rasman e’lon qilingandan uch oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangan. Biroq majburiy demontaj ishlari ushbu qaror qabul qilinmasdan bir necha oy oldin boshlangan edi. Qonun hujjatlarining orqaga qaytish kuchi yo‘q. Ilgari o‘rnatilgan va o‘sha davr talablariga javob bergan peshlavhalarning daxlsizligi huquqiy jihatdan kafolatlanishi lozim.

Ikkinchidan, davlatimiz rahbari tomonidan biznes uchun yangi majburiyatlarni yuklashga moratoriy joriy etilgan. Dizayn-kod talablari shaharsozlik qoidalari sifatida talqin qilinsa-da, amalda tadbirkor uchun yangi standartdagi vositalarni sotib olish – bu qo‘shimcha moliyaviy yuklamadir.

Uchinchidan, har qanday majburlov chorasi, ayniqsa xususiy mulkka oid bo‘lsa, faqatgina qonuniy kuchga kirgan sud qarori asosida bo‘lishi shart. Tadbirkorga “ikki kun ichida demontaj qil” deb talab qo‘yish – bu ma’muriy buyruqbozlikning ko‘rinishidir. Bunday yondashuv biznes muhitiga va investorlarning ishonchiga salbiy ta’sir o‘tkazadi.