Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“OAVda boshqacha aylanib ketgani uchun jarayon to‘xtab qolgan” – qurilishda korrupsiya haqida gapirgan tadbirkor ustidan IIVga yozilgani haqida
Korrupsiyaviy “salom-alik” bo‘lmaguncha, quruvchilarning ishi bitmasligi haqida gapirib chiqqan tadbirkor ustidan Qurilish vazirligi IIVga ariza kiritgandi. Vazir Sherzod Hidoyatov bu masalaning yakuni yo‘qligini, jarayon to‘xtab qolganini bildirdi. Uning aytishicha, vazirlik o‘sha vaqtda pozitsiyasini ko‘rsatish uchun ariza kiritgan. Ammo tarmoqlarda rezonanslar uyg‘otgach, jarayon to‘xtatilgan.
O‘tgan yili sentabr oyida Savdo-sanoat palatasida o‘tgan matbuot anjumanida tadbirkor Usmonjon Abdusamatov Toshkentda qurilish uchun ruxsatnomalar va kadastr hujjatlarini olish bilan bog‘liq korrupsiyaviy “xarajatlar” borligi haqida gapirgandi. U bitta uy uchun 200 ming dollargacha yetishi mumkin, deya ma’lum qilgandi.
Shundan so‘ng Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tadbirkor ustidan IIVga ariza kiritdi. Unda Abdusamatovni javobgarlikka tortish so‘ralgandi. Qurilish vazirligi tadbirkorning bu da’vosi jamoatchilik orasida asossiz axborot tarqalishiga sabab bo‘lib, tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning sha’ni, qadr-qimmatiga putur yetkazdi, deb hisoblagan.
5 mart kuni Milliy kontentni ishlab chiqaruvchi markazda o‘tgan matbuot anjumanida vazir Sherzod Hidoyatov ayni masala yakuni yuzasidan izoh berdi. Uning aytishicha, tadbirkor asossiz gapirgan.
“Men ochig‘ini aytaman, Qurilish vazirligi oxirgi besh yilda korrupsiyani bartaraf qilish bo‘yicha raqamlashtirishda judayam katta ishlar qildi. Hamma narsani ochiqlab qo‘yganmiz. Hamma yo‘nalishlarimizni shaffof qurilish tizimida turib, ochiq-oydin ko‘rasiz. Iloji boricha inson omilini kamaytiryapmiz, qisqartiryapmiz.
Endi, shu masalada ishlayapmiz-da, besh marta jinoyatga tortilgan, ikki marta firibgarlik bilan shug‘ullangan, bir marta o‘g‘rilik, bir marta oylikdan nima qilib, mana shunaqa narsalar bilan shug‘ullangan odam turib, ayblayapti kengashni. Kengash jamoasini ayblagandan keyin uni asoslashi kerak. Shuning uchun biz uni hech qanaqa chora ko‘rishga bermadik, huquqiy baho berishni huquqni muhofaza qilish organlariga qo‘ydik. Biz o‘zimizning shu holatdagi pozitsiyamizni, shu shaffofligini, korrupsiya bo‘lmayotganini ko‘rsatish uchun, huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qildik.
[Uning] yakuni yo‘q. Sababi bu ommaviy axborotda juda ham ko‘p boshqacha aylanib ketgani uchun, keyin bu narsa to‘xtab qolgan”, – deydi Hidoyatov.
Eslatib o‘tamiz, Qurilish vazirligi IIVga ariza kiritgach, Biznes ombudsman holatni nazoratga olib, tadbirkor bildirgan tanqidiy fikri uchun jazolanishiga yo‘l qo‘yilmasligini aytib chiqqandi.
Mavzuga oid
09:10
Mundialdagi tarixiy debyut va qaytarib beriladigan soliq – hafta dayjesti
18:20 / 17.06.2026
Davlat xizmatchilari uchun qamoqxonaga ekskursiya amaliyoti yo‘lga qo‘yildi
14:42 / 16.06.2026
Toshkentda IIO bo‘linma boshlig‘i jinoyatda gumonlanib qo‘lga olindi
15:13 / 15.06.2026