O‘zbekiston | 20:44 / 13.02.2019
4291
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ingliz tili o‘qituvchilarining bilimlari endi EFLL kompaniyasi ko‘magida ham baholanadi

Foto: Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati

Joriy yilning 13 fevralida Toshkentda o‘tgan O‘zbekiston-Shvetsiya biznes-forumida Xalq ta’limi vazirligi va EF Language Learning Solutions kompaniyasi o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. 

Vazirlik axborot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, memorandum doirasida inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha eng yaxshi xalqaro tajribalarni almashishga kelishildi. 

«Endilikda tomonlar chet tili o‘qituvchilariga ingliz tilini bepul o‘qitish hamda ularning bilimlarini baholash sohasida hamkorlik qiladi. E’tiborlisi, mazkur hamkorlik doirasida Xalq ta’limi tizimi rahbar xodimlari uchun ham trening tashkil etiladi. Shu bilan birga Shvetsiya kompaniyasi yurtimiz iqtisodiyotining strategik tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlashga ko‘maklashadi. Kelgusida tomonlar turli seminar hamda tadbirlarni o‘tkazishda hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda», – deyiladi vazirlik axborotida.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning yanvar oyida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov London tashrifi chog‘ida Jahon ta’limi forumida ishtirok etgan hamda shved kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Muzokaralar chog‘ida EF Language Learning Solutions kompaniyasi yurtimiz o‘qituvchilarini ingliz tili bo‘yicha sinovdan o‘tkazish, ularning bilim darajasini aniqlash hamda ushbu test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tganlarni Yevropa va Amerika oliy o‘quv yurtlariga o‘qish va malaka oshirish uchun yuborishga tayyorligini ma’lum qilgandi.

Bundan tashqari, kompaniya O‘zbekistondagi o‘qituvchilarga IELTS / TOEFL uchun mos keluvchi, xalqaro miqyosda tan olingan EF Standard English Test ta’lim sertifikati asosida ingliz tilini o‘rgatish taklifini kiritgan. Hamkorlikning keyingi yo‘nalishi sifatida mamlakatimizda «Ta’lim darajasini milliy baholash» platformasining joriy etilishi belgilangan.

Ma’lumot uchun, EF Language Learning Solutions kompaniyasi 1965 yilda Shvetsiyada tashkil etilgan xususiy ta’lim kompaniyasidir. Kompaniyaning maqsadi «Dunyoni ta’lim orqali kashf etish». 

Shuningdek, kompaniyaning dunyodagi 500 dan ortiq maktab va ofislarida 52 000 o‘qituvchi, tadqiqotchi va boshqa mutaxassislari mavjud. Kompaniya turli davlatlar tashkilotlarining boshqaruv xodimlari uchun ingliz tilidagi innovatsion ta’lim dasturlarini yaratib, inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha davlat organlari bilan samarali hamkorlik qiladi.

Mavzuga oid