Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Stokholm markazida avtobus bekatga kelib urildi: halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar bor
Shvetsiya poytaxtining gavjum ko‘chasida avtobus bekatga kelib urildi. Politsiya halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar borligini ma’lum qilmoqda, jabrlanuvchilar soniga oid ma’lumotlar aniqlashtirilmoqda.
Foto: Henrik Montgomery/TT News Agency/AP Photo/picture alliance
Shvetsiya poytaxti Stokholm markazida 14 noyabr kuni yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, oqibatda bir necha kishi halok bo‘ldi yoki tan jarohati oldi. Poytaxt politsiyasi xabar berishicha, shaharning shimolida joylashgan universitet kampuslaridan biri yaqinidagi gavjum ko‘chada avtobus odamlarni urib yuborgan. Jabrlanuvchilarning aniq soni, yoshi va jinsi haqidagi ma’lumotlar hozircha noma’lum.
Rasman tasdiqlanmagan, ammo Aftonbladet nashri keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, uch kishi halok bo‘lgan va bir necha kishi jarohat olgan bo‘lishi mumkin.
Shvetsiya OAV xabarlariga ko‘ra, ikki qavatli avtobus kunduzi avtobus bekatiga kelib urilgan. Halokat vaqtida avtobus reysda bo‘lmagani sababli, salonda yo‘lovchilar bo‘lmagan. SVT telekanali kadrlarida hodisa joyida tez yordam mashinalari, o‘t o‘chiruvchilar va politsiya kuchlarini ko‘rish mumkin.
Hodisa joyi metroning Tekniska högskolan bekati yaqinida joylashgan, bu yerga qo‘shni hududda Qirollik Texnologiya muassasasi (KTH) joylashgan. Avariya mahalliy vaqt bilan taxminan soat 15:00 da (Toshkent vaqti bilan 19:00 da) Östermalm tumanidagi Valhallavägen ko‘chasida sodir bo‘lgan. Ushbu vaqtda ko‘plab odamlar ish haftasi yakuniga yetgach, uyiga qaytayotgan edi.
Politsiya hodisa yuzasidan odam o‘limiga aloqador modda bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi, biroq fojianing aniq sabablari hali aniqlanmaganini ta’kidlamoqda. Avtobus haydovchisi qo‘lga olingani haqida SVT va Expressen nashrlari xabar berdi.
Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson jabrlanuvchilar va ularning oilalariga hamdardlik bildirdi. U X platformasi (sobiq Twitter)da yozishicha, halok bo‘lgan va jarohat olganlar orasida yaqinlarini ko‘rgani ketayotgan yoki shunchaki kechani uyda o‘tkazishni rejalashtirgan odamlar bo‘lgan bo‘lishi mumkin. «Biz hozircha sababni bilmaymiz, ammo fikrlarim, eng avvalo, jabrlanuvchilar va ularning yaqinlari bilan», — deya ta’kidladi hukumat rahbari.
Mavzuga oid
15:43 / 20.11.2025
O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasida organik quyosh batareyalari bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda
14:08 / 29.10.2025
Shvetsiyada 13–14 yoshlilar uchun hibs markazlari joriy etiladi
11:40 / 30.09.2025
Shvetsiya Ukrainaga yangi «qishki» yordam paketini taqdim etadi
10:45 / 26.09.2025