Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shotlandiya parlamenti mustaqillik bo‘yicha yangi referendum o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatladi
Shotlandiya assambleyasi (parlamenti) kutilgandek, mamlakatning birinchi vaziri Nikola Sterjyenning Buyuk Britaniya tarkibidan chiqish bo‘yicha yangi referendum o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.
Sterjyen boshchiligidagi Shotlandiya milliy partiyasi deputatlari "yashillar" ko‘magida ushbu masala bo‘yicha zarur miqdordagi ko‘pchilik ovoz to‘plaganlar. Shu tariqa partiya Buyuk Britaniya parlamentiga referendum o‘tkazilishi haqida rasmiy so‘rov berish huquqini oldi.
Yangi referendum o‘tkazilishi g‘oyasini 69 deputat qo‘llab-quvvatlagan, 59 deputat unga qarshi chiqqan. Deputatlar shuningdek Sterjyen tomondan taklif qilingan referendumni o‘tkazish jadvalini ma'qullashdi. Unga ko‘ra, referendum 2018 yil kuzidan 2019 yil bahorigacha o‘tkaziladi.
O‘tgan yil Shotlandiya Buyuk Britaniyadan farqli o‘laroq, Yevropa Ittifoqidan chiqishga qarshi chiqqandi. Sterjyen Buyuk Britaniya hukumati tomondan shotlandiyaliklar manfaatlarini hisobga olishga urinishni ko‘rmayotganini va shu sababli mustaqillik bo‘yicha yangi referendum o‘tkazilishiga erishishini aytgan.