Jahon | 10:20
916
4 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya qirolining ukasi Endryu ozodlikka chiqarildi

Endryu Mauntbetten-Vindzor rasmiy lavozimlarda ishlagan davrida xizmat mavqeini suiiste’mol qilgan bo‘lishi mumkin, deb gumon qilinmoqda. Buyuk Britaniya politsiyasi uni ushlab, tintuvlar o‘tkazdi.

Foto: Phil Noble / Reuters

Buyuk Britaniya qiroli Charlz IIIning kichik ukasi Endryu Mauntbetten-Vindzor 19 fevral, payshanba kuni amerikalik moliyachi Jyeffri Epshteyn bilan aloqalari bo‘yicha olib borilayotgan tergov fonida qo‘lga olingan edi. O‘sha kunning kechasi u qariyb 12 soatlik so‘roqdan keyin politsiya bo‘limidan ozodlikka qo‘yib yuborildi. Bu haqda xabar bergan BBC telekanali hamda bir qator gazetalar ma’lumotni tasdiqlash uchun fotosuratni e’lon qildi: unda 66 yoshli Mauntbetten-Vindzor qorong‘i tushganidan keyin Angliyaning Norfolk grafligidagi Aylshamda joylashgan politsiya bo‘limi hududidan chiqib ketayotgan avtomobilning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgani aks etgan.

Politsiya bayonot tarqatib, sobiq shahzoda davlat xizmatida qonunga xilof harakatlar sodir etgan bo‘lishi mumkin, degan gumon bilan hibsga olinganidan keyin “tergov ostida ozod qilingani”ni ma’lum qildi. Bu — tergov davom etayotganini, biroq Mauntbetten-Vindzorga hali ayblov qo‘yilmaganini anglatadi.

Politsiyaning Endryu Mauntbetten-Vindzor ushlangani haqidagi ertalabki xabarida uning ismi to‘g‘ridan to‘g‘ri aytilmagan. Ushlangan kishi kim, degan savolga politsiya “60 yoshdan katta erkak kishi hibsga olindi”, deb javob bergan. Shu ish bo‘yicha ikki manzilda tintuvlar o‘tkazilayotgani ham xabar qilindi.

AP agentligi xabar berishicha, politsiya sobiq shahzoda Endryu 2010 yilda jinsiy jinoyatlari uchun sudlangan Jyeffri Epshteynga savdo hisobotlarini yuborgani haqidagi ma’lumotlarni o‘rganmoqda. Politsiya bu ish bilan Epshteyn ishi bo‘yicha AQShdagi tergov jarayonida to‘plangan millionlab sahifadan iborat hujjatlar e’lon qilinganidan keyin shug‘ullana boshlagan.

Politsiya bayonotiga ko‘ra, qirollik oilasi a’zosi rasmiy lavozimlarda bo‘lgan davrida o‘z mavqeini suiiste’mol qilgan bo‘lishi mumkin, deb gumon qilinmoqda. Avvalroq Endryu shahzoda unvonidan mahrum etilgan — bu uning Epshteyn bilan yaqin aloqalari haqida ma’lum bo‘lganidan keyin sodir bo‘lgan. Epshteyn voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatatsiya qilish (jinsiy savdo) ayblovlari bilan tilga olingan va 2019 yilda qamoqxonadagi kamerasida osilgan holda topilgan.

Mauntbetten-Vindzor esa Epshteyn ishi bilan bog‘liq har qanday qonunbuzarlikni doimo inkor qilib kelgan va u bilan do‘st bo‘lganidan afsusda ekanini aytgan.

Karl III ukasining hibsga olingani haqidagi xabardan “juda tashvishda” ekanini bildirgan, biroq qirollik oilasi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga har tomonlama qo‘llab-quvvatlov ko‘rsatishini va’da qilgan. Ularning oldida “to‘liq va adolatli tergov” o‘tkazish vazifasi turgani ta’kidlangan.

“Iltimos, men aniq aytib qo‘yay: qonun g‘alaba qilishi kerak. Bu jarayon davom etayotgan bir paytda, mening bu masala yuzasidan bundan ortiq izoh berishim o‘rinsiz bo‘lar edi. Shu orada esa, mening oilam va men o‘z burchimizni bajarishda va sizlarning barchangizga xizmat qilishda davom etamiz”, — deyiladi Buyuk Britaniya qirolining bayonotida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid