O‘zbekiston | 16:01 / 16.05.2021
31489
6 daqiqa o‘qiladi

«Chuqur qatlamlargacha hali yetib bormadik» - geolog O‘zbekistondagi oltin konlari haqida

«Muruntov» koni / Foto: Uzbekistan Travel

Toshkentdagi Geologiya muzeyi direktori Ahmadjon Ahmedshayev Kun.uz'ga bergan navbatdagi intervyusida oltinning ma'dan sifatida kondagi holati, oltin olish tarixi, shuningdek, sochma oltin konlari haqida so‘zlab berdi. 

— Oltin mavzusi ko‘pchilikni qiziqtiradi. Konlarda qanday ko‘rinishda uchraydi, qanday qilib olinadi, kabi savollarni qiziqib so‘rashadi. Allohga shukrki, O‘zbekiston hududi oltinga boy. Oltin konlarini ochish uchun katta mehnat sarflangan va bu oson bo‘lgan emas.

Geologiya muzeyida mamlakatimiz hududidagi oltin konlaridan keltirilgan namunalar joy olgan. Ular ichida 20-asr durdonasi deya ta'riflanadigan, dunyodagi eng katta konlardan biri deb tan olingan Muruntov konidan tortib, Angrendagi «Ko‘chbuloq», Qizilqumdagi «Daugistau», «Ko‘kpatas» kabi yirik va o‘rta konlargacha bor.

Oltin qanday ko‘rinishlarda uchraydi?

— Geologiyadan bexabar odam o‘ylaydiki, oltin toshlar yer ichida yalt-yult qilib tovlanib yotadi. Ma'danlar ba'zi kishilar o‘ylaganidek doim ham sof, tug‘ma holda bo‘lmaydi. Jumladan, oltin ham. Qachonki ma'dan yemirilib, suvlarda yuvilib ketgandan keyingina yorqin holiga keladi.

Butun dunyo bo‘yicha oltin konlarida bir tonna ma'dandan o‘rtacha 3 gr oltin borligi tasdiqlansa, bu joy kon deb hisoblanadi. Chunki keladigan daromad kondan oltinni qazib olish xarajatlarini qoplashi kerak.

O‘zbekistondagi konlarning aksariyati ochiq holatda, ya'ni karer usulda qazib olinadi. Rossiya yoki boshqa shu kabi davlatlarda konlarda yer ostiga shaxta yoki boshqacha usullarda qazib olinadi, bu ko‘proq xarajatni talab etadi.

Qadimiy oltin qazib olish usullari

— 1987 yili Angrendagi «Ko‘chbuloq» konidan etalon kolleksiyasini yig‘ilayotgan vaqtda 200 metr chuqurlikdan archa bo‘laklari topildi. Bu shundan dalolat beradiki, ajdodlarimiz shunchalik chuqurga kirib, tog‘ bosib qolmasligi uchun archalardan foydalangan. Biz muzey uchun o‘sha yerdan ham namunalar olib kelib ekponatlarimizni boyitgandik.

Qadimdan oltin olingan dedik. Xo‘sh, ular qanday qilib oltinni bir uyum tosh ichidan ajratib olgan? Amalgamatsiya degan usul borki, unda simobdan foydalanib kukunga aylantirilgan ma'dandan oltin ajratib olinadi, chunki simob oltinni o‘ziga yig‘ib oladigan xususiyatiga ega. Bundan hozir ham foydalanilmoqda.

Qadimda kondan oltin tarkibli tosh olinib, maydalanib, simob quyilgan, o‘zlarining maxsus simob ko‘zachalari bo‘lgan. Keyin temir idishga solib qizdirilsa, simob parlanib uchadi va oltin o‘zi qoladi. Uchayotgan simobni asrab qolish uchun simob ko‘zacha va trupkalardan foydalanilgan.

Yer ostidagi xazina

— Biz hozirgacha geologiya sohasida yerni yuza qismlari o‘rganganmiz, hali chuqurlik oxirigacha o‘rganilgani yo‘q. Bunga qancha vaqt, qancha texnika kerak, bu kelajakda o‘rganilishi kerak bo‘lgan ishlar. Buni nima uchun aytyapman, yer ustida qanday jarayonlar kechgan bo‘lsa, yer ostida ham shu jarayonlar bo‘lgan, bu kelajakda albatta topiladi.

Misol uchun, Muruntov koni topilganda 300 metr chuqurlikkacha borilsa kerak deb hisoblanardi, mendagi ma'lumot bo‘yicha, bu konda yer ostiga 700 metrgacha tushildi. Karerning eni 1 km, uzunligi 4 km va chuqurligi hozirgacha bo‘lgani 700 metr, pastida hali yana bor.

Geologiya – katta jarayon, katta sarf-xarajatni talab qiladi, lekin shu bilan birga xarajat ortidan keladigan foydaga arziydi.

Sochma konlar haqida

— Oltin konlarining yana bir turi borki, bu sochma konlar va bu haqda ham aytib o‘tishimiz kerak. Sochma konlar tub konlarining fizik va kimyoviy yemirilishidan hosil bo‘lgan tog‘ jinslari, minerallari va ruda bulaklarining qayta to‘planishidan paydo bo‘ladi. Sochma konlar ko‘chish va nurash jarayonlariga chidamli minerallar to‘plamini hosil qiladi. Sochma konlar ko‘pincha shag‘al qumtosh va qumlar tarqalgan joylarda vujudga keladi.

Yuqorida aytganimdek, oltinga qiziqmaydigan odam yo‘q, tabiiyki uni qazib olishga ishtiyoqmandlar ham kam emas. Sochma konlardan oltin olaman deb odamlar bir tomondan qonunni buzadigan bo‘lsa, boshqa tomondan, fojiaga uchrab nobud bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

O‘zbekistonning Nurota va Chotqol tizmalari vodiylarida turli miqyosdagi sochma konlar mavjud. Shimoliy Nurota tog‘lari bag‘ridagi soylarda bo‘lgan sochma oltin konlari shular sirasiga kiradi.

Mavzuga oid