O‘zbekiston | 09:12 / 13.09.2022
10092
14 daqiqa o‘qiladi

«Shanhay Tashkiloti o‘ziga xiyonat qilmasdan o‘zgargani» ShHT fenomenining muvaffaqiyatidir – Eldor Aripov

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ShHT fenomenining muvaffaqiyati ochib berildi, deydi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov. Mutaxassisning aytishicha, ShHT tashkil etilganining 20 yilligi nishonlanar ekan, a’zo davlatlar uning asosiy tamoyillari: blokdan tashqari maqom, uchinchi davlatlarga qarshi turmaslik, ochiqlik, konsensus, ishonch, o‘zaro manfaatdorlik, tenglik va o‘zaro hurmatga hech qachon tajovuz qilmagan.

12 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Samarqand sammitiga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi. Maqolada Samarqand sammitining ahamiyati va ShHTning asosiy prinsiplariga to‘xtalgan. Kun.uz muxbiri mazkur maqola va ShHTning Samarqand sammiti borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori, siyosiy fanlar nomzodi Eldor Aripov bilan suhbatlashdi.

Prezident Sh.Mirziyoyev maqolasida zamonaviy global jarayonlarni baholashga katta e’tibor qaratilgan. Bu nima uchun muhim va Prezident ularning oqibatlariga qanday munosabatda bo‘lishni taklif qilmoqda?

To‘g‘ri aytdingiz, O‘zbekiston Prezidentining maqolasi bugungi kundagi jahon tendensiyalari chuqur tahlil qilingani va juda to‘g‘ri baholangani bilan qiziq.

O‘zbekistonning ShHTga raisligi katta o‘zgarishlar davriga to‘g‘ri keldi. Afsuski, xalqaro munosabatlar tizimida va jahon iqtisodiyotida inqiroz nafaqat saqlanib qolmoqda, balki tobora kuchayib bormoqda.

Prezident ta’kidlaganidek, davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda ishonch inqirozi va o‘zaro begonalashuv kuchayib bormoqda, bu esa mojarolarni keltirib chiqarmoqda va pandemiyadan keyin katta zarar ko‘rgan jahon iqtisodiyotini tiklashni qiyinlashtirmoqda.

Bundan tashqari, vaziyat global iqlim tahdidlari, oziq-ovqat va energiya xavfsizligi muammolarining kuchayishi bilan murakkablashmoqda.

Bu xatarlarning barchasi davlatlar hamda insonlar hayotining asoslariga tahdid soladi.

Shu bilan birga, Prezident nafaqat muammolarni sanab o‘tmoqda, balki ularni bartaraf etishning eng real va mumkin bo‘lgan yo‘llarini ham ko‘rsatmoqda.

Bu yo‘lning mazmun-mohiyati oddiy – hech bir davlat bu qiyinchiliklarni bir o‘zi yengib o‘ta olmaydi. Buning yagona yo‘li bor – konstruktiv muloqot va ko‘p tomonlama hamkorlik.

Davlatimiz Rahbari ta’kidlaganidek, mamlakatlar, aytaylik, qanday “kalibrli” bo‘lishidan qat’i nazar, “faqat o‘zini o‘ylash” odatini bartaraf etib, o‘zaro manfaat va hurmatni hisobga olgan holda oxir-oqibat har birimizga ta’sir qiladigan muammolarni birgalikda hal etishi muhim.

Bu shunchaki deklaratsiya emas, Prezident so‘zlari ortida konstruktiv muloqotga chaqiruvni amalga oshirish, umumiy muammolar yechimini birgalikda izlash bo‘yicha O‘zbekistonning muvaffaqiyatli tajribasi mujassam.

O‘tgan besh-olti yil ichida Markaziy Osiyo qanday o‘zgarganiga bir nazar tashlang. Mintaqadagi munosabatlar darajasini eslang - deyarli butunlay "muzlatilgan" savdo, yopiq chegara o‘tish joylari, o‘zaro ayblovlar va boshqalar.

Bugun vaziyat ko‘p jihatdan o‘zgardi. Chegaralar ochildi, odamlar qo‘shni davlatlardagi qarindosh-urug‘lari, yaqinlariga bemalol tashrif buyurishmoqda. So‘nggi besh yil ichida mintaqalararo tovar ayirboshlash hajmi 3 barobar oshdi. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formati belgilanib, ular doirasida barcha mintaqaviy masalalar bo‘yicha kelishilgan qarorlar ishlab chiqilmoqda.

Albatta, barcha muammolar hal etilmagan, ammo taraqqiyot aniq. Muvaffaqiyatning zamirida faqat konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro manfaatli murosalarni izlash yotadi.

O‘zbekiston o‘z chaqirig‘i bilan “qanday yashashni o‘rgatayotgani yo‘q”, balki o‘zaro hamjihatlikka erishish mumkinligini o‘z misolida ko‘rsatmoqda.

Shuni ta’kidlashni istardimki, “konstruktivlik, pragmatizm va tashabbuskorlik” allaqachon ekspertlar hamjamiyatida “o‘zbek diplomatiyasining o‘ziga xos belgisi” deb atalgan.

Yangi geosiyosiy va geoiqtisodiy sharoitlarda ShHTning roli va o‘rnini qanday baholaysiz?

ShHTning bugungi beqiyos roli Prezident maqolasida batafsil va asoslantirilgan holda ochib berilgan. Shavkat Miromonovichning “bu turli madaniy-sivilizatsiya kodlari va milliy taraqqiyot modellariga ega bo‘lgan mamlakatlarni birlashtirishga muvaffaq bo‘lgan tuzilma” degan so‘zlariga qo‘shilaman.

ShHT to‘rtta yadroviy davlat, qadimiy sivilizatsiyaga ega bo‘lgan mamlakatlar, ma’lum kelishmovchiliklari bor, lekin eng muhimi, ularni hal qilishga tayyor davlatlarni o‘z ichiga sig‘dira oldi. Hindiston va Pokiston Tashkilotga a’zo bo‘lgach, ShHT "halokatini bashorat qilishgan", aksincha, "Shanxay sakkiztaligi" davlatlararo hamkorlikni, hatto keskin qarama-qarshiliklar sharoitida ham qurish mumkinligining namunasiga aylandi.

Bundan tashqari, Prezident tomonidan ShHT fenomenining muvaffaqiyati ochib berildi, bu “Shanxay Tashkiloti o‘ziga xiyonat qilmasdan o‘zgargani” haqida. ShHT tashkil etilganining 20 yilligini nishonlar ekanmiz, shuni ta’kidlash mumkinki, biz uning asosiy tamoyillari: blokdan tashqari maqom, uchinchi davlatlarga qarshi turmaslik, ochiqlik, konsensus, ishonch, o‘zaro manfaatdorlik, tenglik va o‘zaro hurmatga hech qachon tajovuz qilmaganmiz.

ShHT hech qachon hech qanday geosiyosiy qarama-qarshilikda ishtirok etmagan, hech qachon o‘zini bloklarga qarshi qo‘ymagan, mojarolarda taraflardan biri tomon bo‘lmagan.

Aksincha, ShHT so‘zsiz muloqot, inqirozlarni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori bo‘lgan.

Shu bilan birga, Shanxay Tashkiloti hamkorlik uchun doimo ochiq bo‘lib kelgan. Bu yopiq klub emas, balki, kattaligi, iqtisodiy rivojlanish darajasi va aholisi sonidan qat’i nazar, turli mamlakatlar bilan o‘zaro aloqada bo‘lishga tayyor birlashma.

ShHT xalqaro tuzilmalar bilan munosabatlarda ana shunday yondashuvga amal qiladi, ular bilan faol hamkorlik qiladi.

2004 yilda ShHT BMT Bosh Assambleyasida kuzatuvchi maqomini olgan edi. Bundan tashqari, MDH, ASeAN, IHT, ADL va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Bu omillarning barchasi ShHTni hamkorlikda rivojlanishga qo‘shilish istagida bo‘lgan davlatlar uchun “doimiy diqqat markaziga” aylanishini ko‘p jihatdan belgilab berdi.

Davlatimiz Rahbari maqolada O‘zbekistonning ShHTga raisligining muayyan yakunlarini sarhisob qildi. Sizningcha, mamlakatimizning Tashkilot rivojiga qo‘shgan hissasi qanday?

Maqolada Prezident O‘zbekiston o‘z raisligi doirasida “ShHTni ilg‘or rivojlantirish strategiyasiga urg‘u berilgani”ni alohida ta’kidladi.

Darhaqiqat, Toshkent ilgari foydalanilmagan barcha resurslarni faollashtirishga muvaffaq bo‘ldi, 80 dan ortiq turli darajadagi tadbirlar nafaqat an’anaviy "soatlarni moslashtirish" ruhida, balki natijada nimagadir erishish imkonini berdi.

ShHT kun tartibini sezilarli darajada jonlantirish va hamkorlik uchun yangi ufqlarni ochishga qaratilgan 30 dan ortiq konseptual hujjatlar qabul qilindi.

O‘zbekiston raisligi davrida mintaqaviy, iqtisodiy, sanoat va gender hamkorlik bo‘yicha alohida forumlar ilk bor o‘tkazildi.

Jumladan, axborot va kiberxavfsizlik sohasida hamkorlikni chuqurlashtirishda yaxshi “nazariy tayanch”ga aylangan ShHTning axborot xavfsizligi bo‘yicha ilmiy-ekspert forumi yoki Tadbirkor ayollarning birinchi forumi.

Sh.Mirziyoyev o‘z maqolasida Markaziy Osiyo mintaqasi va Afg‘onistonga alohida e’tibor qaratgan. Shu nuqtai nazardan, mintaqani rivojlantirish va Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda ShHTning rolini qanday ko‘rasiz?

Biz Markaziy Osiyoni shunchaki Shanxay tashkilotining geografik o‘zagi deb aytmaymiz, chunki ShHT dastlab uning xavfsizligi, barqarorligi va barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan. Va, mening fikrimcha, Tashkilot buni amalga oshirishga qodir bo‘ldi, chunki ShHTning Markaziy Osiyodagi bunyodkorlik roli "isbot talab qilmaydigan haqiqatdir". Shu munosabat bilan O‘zbekiston mintaqa ShHTning “yuragi”, uning bo‘g‘ini bo‘lib qolishda davom etishi tarafdori.

Prezidentimiz ham besh emas, oltita davlat, jumladan Afg‘oniston ham Markaziy Osiyoning bir qismi ekanini bir necha bor ta’kidlagan. Bu mamlakatdagi vaziyatning rivojlanishi mintaqada va shuning uchun Shanxay Tashkilotida xavfsizlikni ta’minlashda hal qiluvchi omil hisoblanadi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidentining qo‘shni davlatlarga Afg‘onistonga yordam qo‘lini cho‘zishga chaqiruvi mutlaqo dolzarb va talabga ega. Bu mamlakat yana o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolmasligi kerak.

O‘zbekiston eng yaqin qo‘shni sifatida Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashga hozirdanoq har tomonlama yordam ko‘rsatmoqda. Muntazam ravishda insonparvarlik yordami jo‘natilmoqda, elektr energiyasi yetkazib berilmoqda, yuk tranziti ta’minlanmoqda, afg‘on yoshlarini o‘qitishda yordam ko‘rsatilmoqda.

“Termiz-Mozori-Sharif-Kobul-Peshovar” temir yo‘li loyihasini amalga oshirish Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi uchun eng muhim hissa bo‘ladi. Ushbu loyiha Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga kuchli turtki berishga qodir, jumladan, yangi ish o‘rinlarini yaratish, savdoni kengaytirish, infratuzilma qurish. Ya’ni tinch, maishiy hayot kechirish uchun barcha zarur sharoitlar shakllanadi. Oxir oqibat, savdo qilish har doim jang qilishdan ko‘ra foydaliroqdir.

Milliy va xorijiy OAVning ShHT sammitidan umidlari katta. Sizningcha, Samarqand sammitining ahamiyati nimada?

Birinchi navbatda Samarqandda Eron bilan majburiyatlar haqida Memorandum imzolanishi kutilmoqda, u bu davlatning ShHTdagi to‘laqonli a’zoligi uchun yo‘l ochadi. Bundan tashqari, “Samarqand platformasi” ShHTni muloqot bo‘yicha hamkorlar va kuzatuvchilar bilan “to‘ldirish” jarayonlarini boshlaydi. Ular orasida Saudiya Arabistoni, Misr, Qatar, Bahrayn Qirolligi va Maldiv orollari bor.

Biroq Samarqand sammiti nafaqat “burilish qarorlari” bilan diqqatga sazovordir. U ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining 2019 yildan buyon ilk yuzma-yuz uchrashuvi bo‘lib, unda mehmonlarning munosib vakillik tarkibi yig‘iladi – 15 ta davlat rahbari va 400 dan ortiq jurnalistning ishtiroki tasdiqlangan. Tadbir doirasida bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkaziladi, ularda tomonlar mintaqaviy va global xarakterdagi eng dolzarb muammolar yuzasidan fikr almashishlari mumkin.

Samarqand sammitida ShHTga a’zo davlatlardan tashqari mehmonlar ham ishtirok etadi. Masalan, Turkiya rahbari Rejyep Tayyip Erdog‘an.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar – BMT, MDH, YuNeSKO, ADL va boshqalar vakillari keladi.

Lekin, shuni alohida ta’kidlashni istardimki, bugun Samarqand diplomatik diqqatga sazovor markaz sifatida o‘zining tarixiy rolini tiklamoqda. Prezident maqolasida “Samarqand ruhi” hamkorlik, o‘zaro hamjihatlik va do‘stlik timsoli sifatida tilga olingani bejiz emas.

Dunyoda tarixiy kelib chiqishi va zamonaviy tajribasiga ko‘ra, turli, ba’zan hatto diametral qarama-qarshi qarashlarga ega bo‘lgan davlatlarni bir stol atrofida birlashtira oladigan muvaffaqiyatli minbar roliga da’vo qilishi mumkin bo‘lgan joylar unchalik ko‘p emas.

Samarqandni shunday minbar deb atash mumkin. Diplomatiya, O‘zbekiston Prezidentining nufuzi tufayli Samarqand yangi shakl hamkorligi – muloqot, o‘zaro anglashuv va ishonchga asoslangan hamkorlik uchun maydon bo‘la olishini bir necha bor isbotlagan.

Prezident bu haqda ham to‘xtalib, “Samarqandlik ruhi” negizida xalqaro hamkorlikning prinsipial yangi formatini qurish mumkinligini ta’kidladi.

Samarqandni global miqyosda konstruktiv davlatlararo hamkorlikning yangi maydoni sifatida shakllantirish uchun mamlakatimizda barcha shart-sharoit va zarur siyosiy-diplomatik salohiyat mavjud.

Mamlakatimizda so‘nggi bir necha yil ichida faqatgina afg‘on muammosiga bag‘ishlangan bir qator xalqaro tadbirlar o‘tkazildi. O‘zbek diplomatiyasining sa’y-harakatlari bilan 2018 yilda Yaqin Sharqdagi voqealar tufayli ikkinchi masalaga aylanib qolgan Afg‘oniston kun tartibi yana xalqaro hamjamiyat diqqat markaziga qaytarildi.

Aynan O‘zbekiston afg‘on muammosiga nafaqat turlicha, balki ko‘p jihatdan qarama-qarshi yondashuvlarga ega bo‘lgan mamlakatlarni “bir stol atrofida birlashtirishga” muvaffaq bo‘ldi. Shu tariqa, yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha konferensiyada AQSh, Rossiya, Eron, Hindiston, Pokiston va Xitoy vakillari ishtirok etdi. Shu bilan birga, ular nafaqat ishtirok etishdi, balki muloqot qilishdi. Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun maqbul yechimlarni topish muhimligi haqida umumiy tushuncha mavjud edi.

Xuddi shunday muvaffaqiyatli tajriba zamonning boshqa dolzarb masalalarini hal qilishda ham qo‘llanilishi mumkin.

Binobarin, bo‘lajak Samarqand sammiti nafaqat ShHT uchun, balki keng qamrovli va o‘zaro manfaatli global hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochishiga ishonchim komil.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid